13:27 / 25.04.2023
75898

Qaysi qavatda yashagan yaxshi: yuqori yoki pastda?

Ko‘p qavat uylarning qaysi qavati xafvsizroq, oddiy aholi nechanchi qavatdan uy olishni ma’qul ko‘radi? 7-qavatdan yuqorisi nega yaxshi yoki nega yomon? Bu borada Kun.uz soha mutaxassislari va aholi fikrini bir sahifaga jamladi.

Foto: KUN.UZ

Aholi ko‘paygani sari katta shaharlarda ko‘p qavatli uylarga talab oshib boryapti va talabga yarasha taklif ham ortgan. Kimdir yuqori qavatdagi uylarni tanlashiga tepadan ko‘rinadigan chiroyli manzara desa, kimdir zilzila vaqtida chiqib ketish qulay deb pastki qavatni tanlaydi. Xo‘sh qaysi biri yaxshiroq?

O‘zbekistonda necha qavatli uylar qurilyapti?

O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda 7 va 9 qavatli uylar ko‘proq qurilmoqda. Shuningdek, 12 va 16 qavatli uylar ham ko‘payyapti. Qurilish vazirligining Kun.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, eng yuqori qavatli binolarning aksari Toshkent shahrida qad ko‘tarmoqda. Shular orasida Toshkent citi hududidagi restoran, mehmonxona va savdo shoxobchalari joylashgan 51 qavatli imorat eng balandi hisoblanadi. Undan tashqari, Shayxontohur tumanidagi I.Karimov va Bunyodkor ko‘chalari kesishuvida joylashgan savdo-maishiy va ofis shoxobchalari va mehmonxonani o‘z ichiga olgan 26 qavatli turar joy binolari ham bor. Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasida joylashgan ko‘p tarmoqli IT-Park kompleksi ham 25 qavatli bo‘lib, poytaxtning eng baland binolaridan hisoblanadi.

Aholi qaysi qavatdan uy olishni afzal biladi?

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada aholi nechanchi qavatlardan uy olishni afzal ko‘rishi va buning sabablariga to‘xtalib o‘tgan. 400dan ziyod izohlar yig‘gan postda aksariyat foydalanuvchilar 1-2-3-qavatlardan uy olishni tavsiya qilishgan.

– “2-3-4-qavatlar eng yaxshi variant. 1-qavat nam bo‘ladi. 5-qavatdan uyog‘i og‘ir yuklar uchun minus”.

– “4-5-qavatdan g‘ishtli uy oling. Quyosh tushishi va shabada yurishi hisobini oling”.

– “25 yildan buyon ko‘p qavatli (mahallamizda o‘zi 2 qavatli uylar hammasi) domda yashayman. Albatta, 1-qavatda yashaganim uchun yozyapman. Hech qanaqa yomon joyi yo‘q. Zax ham emas. Qishda issiq, yozda salqin.

Balki, 2 qavatli uylar bo‘lgani uchundir. Podval yo‘q, pashsha yo‘q. Tinch, sokin”.

– “1-qavat yaxshi maksimum 2-qavatdan oling. Sababi shuki, og‘ir yuklaringiz bo‘lsa, tez olib kirasiz, shkaf yoki shunga o‘xshash. Pastki qavatdan bo‘lsangiz, zilzila vaqtida tez chiqishingizga qulay imkon bo‘ladi. Yana Alloh bilguvchi, asraguvchi”.

– “1-qavatda turamiz. Hech qanaqa muammo yo‘q. Hovlimiz bor, orqa tomondan eshik bor. Mevali daraxtlar bor, hovlidan farqi yo‘q”.

– “2-3-qavatlar maklerlar tilida “zolotoy” deyiladi”

– “Zo‘ri 2-qavat deb bilaman. 3 ham yomonmas! 2-qavat tushib chiqishga qiyinmas. 1-qavatda ijarada yashab ko‘rganman, kechqurun pardangiz sal ochilib qolsa, uy ichi tashqaridan ko‘rinadi”.

– “Ikkinchi qavatni tavsiya etaman birinchi qavatga podvalning zaxi uradi, ikki balandlik qilmaydi, chiqib tushishga qulay, iloji boricha o‘rta pod’yezddan oling, burchak bo‘lib qolmasin”.

Izohlar orasida aynan birinchi qavatning salbiy tomonini yozganlar ham bor.

– “1-qavatni umuman tavsiya qilmayman. Hozirgi uylar qisqa vaqtda qurib bitkazilayotgani uchun 4-5 yildan keyin polingiz trambovkasi ko‘chib, laminatlar ko‘tariladi. Zax hidi bo‘ladi”.

– “Eng yuqoridan 2-qavat pastroqdan oling” (tomdan suv o‘tsa sizga tushguncha boshqalar harakat qilishadi).

– “Nima bo‘lsa ham birinchi qavatdan olmang. Yerto‘lada suv toshsayam sizga hidi chiqadi. Hamma musor pastda. 15 yildan beri 1-qavatda yashayman”.

“2-qavat ham yaxshi emas. Tagida do‘kon bo‘lsa, tarakan yoki sichqon to‘lib ketadi. Agar restoran bo‘lsa, hidi chiqib turadi”.

“Katta ko‘chaning yuzidagi (birinchi qator)dan olmang iloji bo‘lsa. Shovqin va chang zarralari, mashinalardan chiqadigan gaz isi bo‘ladi”.

– “1-qavatdan olmang. Yerto‘la sizning bo‘yningizda, suv kanalizatsiya toshib ketsayam hech kimning ishi bo‘lmaydi. Ko‘chani sizdan boshqa hech kim tozalamaydi, zax, qishda isitish qiyin, yozda ko‘chada kech 12gacha o‘tirishadi, shovqin shundoq eshitilib turadi”.

Shuningdek, ko‘p qavat uylarning eng tepa qavati afzal tomonlarini yozganlar ham talaygina.

“Uyning necha qavatligiga qarang avvalo. Balandrog‘ida havo o‘ynaydi, toza havo doimo bor, pashsha bo‘lmaydi, atrof zo‘r ko‘rinadi, juda quyoshli bo‘lsa, konditsionersiz qiyin”.

“Eng tepadan oling. Alloh asrasin, zilzila bo‘lsa, birinchi sizni kovlab olishadi”.

– “Yuqori qavatda uyga chang ancha kamroq kiradi. Pod’yezd toza turadi, tepaga chiqishga qiynalmasangiz, tepa ham yaxshi, lift bo‘lsa bilinmaydi”.

“Men to‘rtinchi qavatda turaman. Eshigim ochiq turaveradi. Hech kim zinadan do‘pir-do‘pir qilib tushmaydi. Tinch, tepadan hech kimning oyoq ovozi eshitilmaydi. Doim toza turadi”.

Mutaxassislar nima deydi?

Turli qavatlarda yashab ko‘rgan uy egalari o‘z fikrlarini tajribalarini o‘rtoqlashganlari yaxshi. Izohlarda haqiqatan ham asosli fikrlar yozilgan. Bildirilgan fikrlarning qaysi birlari asosli ekanini mutaxassislar fikridan ham bilish mumkin. Qurilish vazirligi mutaxassislari A.Azizov va F.Axunov mavzu yuzasidan Kun.uz’ga o‘z mulohazalarini bildirishdi.

Pastki qavatlarning afzalliklari:

  • Favqulodda vaziyatda chiqish uchun qulay kirish.
  • Pastki shiftlar qishda kamroq issiqlik yo‘qotilishini va yozda sovitish xarajatlarini kamaytiradi.
  • Harakatlanish muammosi bo‘lgan odamlar uchun qulaylik.

Pastki qavatlarning kamchiliklari:

  • Tashqi harorat (konstruksiya chiziqli o‘lchamlarining o‘zgarishiga olib keladi).
  • Atmosfera va tuproq namligi ta’siri (qurilish ashyolari xususiyatlarining o‘zgarishiga olib keladi).
  • Biologik ta’sir (mikroorganizmlar va qurt-qumursqalar konstruksiyani yemiradi).
  • Kuchli yomg‘ir paytida yoki suv sathi baland bo‘lgan joylarda suv toshqini ko‘proq moyil.
  • Yuqori namlik tufayli mog‘or va chiriyotganlarga ko‘proq moyil.
  • Ko‘cha darajasiga yaqinroq bo‘lgani uchun kamroq maxfiylik.
  • Yuqori qavatlarga qaraganda kamroq tabiiy yorug‘lik va ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin.
  • Ko‘chadan chang va ifloslantiruvchi moddalarga ko‘proq ta’sir qilish.

Yuqori qavatlarning afzalliklari:

  • Yaxshiroq ko‘rinish, tabiiy yorug‘lik va shamollatish.
  • Ko‘cha, transport va ochiq havoda shovqin kamroq.
  • Ko‘proq maxfiylik va xavfsizlik.
  • Ko‘chadan chang va ifloslantiruvchi moddalarga kamroq ta’sir qilish.

Yuqori qavatlarning kamchiliklari:

  • Havo oqimi yo‘nalishining ta’siri (xona ichidagi mikroiqlimning o‘zgarishiga olib keladi).
  • Quyosh nuri energiyasining ta’siri (qurilish ashyosi fizik-texnik xususiyatlarining o‘zgarishiga olib keladi).
  • Havo tarkibidagi agressiv kimyoviy birikmalarining ta’siri (konstruksiyaning yemirilishiga va buzilishiga olib keladi.
  • Bino ichidagi yoki tashqarisidagi shovqin ta’siridan xonadagi normal akustik rejimning buzilishi.
  • Favqulodda vaziyatlarda foydalanish imkoniyati kamroq.
  • Yuqori shiftlar qishda ko‘proq issiqlik yo‘qotilishini va yozda sovitish uchun yuqori xarajatlarni anglatadi.
  • Shamol shikastlanishiga ko‘proq moyil bo‘lib, parvarish qilish zarurati.

Zilzila vaqtida nechanchi qavatlar xavfsiz?

2023 yil feval oyidagi Turkiyadagi kuchli zilzilalardan so‘ng aholi qaysi qavatdan uy olish xavfsiz bo‘lishi haqida qayg‘ura boshladi. Shu sababdan Kun.uz bu savol bilan Qurilish vazirligi mutaxassislariga yuzlandi. Ularning javobiga ko‘ra, zilzila sodir bo‘lganda, binoning pastki qavatlari kamroq xavfli deb hisoblanadi.

“Buning asosiy sababi shundaki, siz binoda qanchalik baland bo‘lsangiz, u shunchalik ko‘p chayqalishi va silkitishi mumkin, bu esa binoning potensial shikastlanishi yoki qulashi bilan tugashi ham mumkin. Bundan tashqari, yuqori qavatlarda yiqilib tushish kabi strukturaviy shikastlanishlar ko‘proq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, iloji bo‘lsa, zilzila paytida birinchi qavatda yoki podvalda qolish tavsiya etiladi”, – deya ma’lumot berdi vazirlik mutaxassislari.

Xalqaro tadqiqotlar

Amerikalik olimlar 1-7-qavatlarni ideal deb hisoblashadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yerdan uzoqlashavergan sari magnit maydoni pasayishni boshlaydi va bu yurak qon-tomir, asab va immunitet tizimlarida stressni keltirib chiqarish xavfi mavjud.

Ekologlar esa yerdan 30 metr tepadagi havoni ifloslangan deb hisoblashadi. Shu sabab bolalar va qariyalar uchun 7-qavatdan teparoqda yashash tavsiya etilmaydi. Voyaga yetgan kishi immuniteti esa havodagi zaharli moddalar bilan nisbatan yaxshi kurashadi.

Bundan tashqari, yuqori qavatlarda elektromagnit nurlanishi ko‘pligi ham ta’kidlanadi. Chunki simlar ko‘proq yuqori qavatlarga joylashtiriladi.

Tibbiy statistikalarda tepa qavatda yashaydigan odamlar tezroq kasal bo‘lishlari ko‘rsatiladi. Shifokorlar bunga sabab qilib yuqori qavatlar tebranishga moyilligi va turli faoliyat turlari sabab yuqori qavatlardagi tebranish odamlarda tashvish hissini shakllantirishini aytishadi.

Albatta, ko‘ringanidek pastki va yuqori qavatlarning har birida o‘ziga xos plyus va minus tomonlar bor. Xaridor o‘zi uchun qaysi xususiyat muhimligi, qanday qulaylik unga ko‘proq zarur ekanligiga qarab tanlaydi, tanlov esa har kimning o‘zida.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Top