14:01 / 29.04.2023
22192

“Oyog‘im protez ekanini ko‘pchilik bilmaydi” – sinovlarda sinmagan velosiped ustasi hikoyasi

Abdujabbor Ro‘zimatov 6 yoshligida baxtsiz hodisa sabab bir oyog‘idan ayrilgan. Qishloqdagilar uni velosiped ustasi sifatida yaxshi tanishadi. Yaroqsiz holga kelgan velosipedlarni ta’mirlab bozorda sotadi. Uyida novvos boqadi. Dehqonchilik qiladi. U Rossiyada qurilishda ishladi, rus fermalarida qoramol parvarishladi. Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida yashovchi 51 yoshli qahramonimiz har qanday holatda ham hayotdan zavq olib yashashga intilib kelgan.

“Yoshligimda traktor muzlama yo‘ldan kelayotib yo‘nalishini o‘zgartirib ustimizga kelib urilib 5-6 metrgacha sudrab borgan. Avtohalokat sababli chap oyoqni kesib tashlashga majbur bo‘lganmiz.

Bog‘chaga ham hassaga suyanib qatnardim. Keyinchalik protez taqishga ko‘nikdim. Protez tufayli o‘zimni erkin his qilaman. Bozorlarga borib kelaman. Protezsiz ham tomorqa ishlarini bemalol uddalayman. Qoramollarga qarayman, velosiped ta’mirlayman.

25 yildan beri velosiped ta’mirlab bozorga olib borib sotib kelaman. Bir haftada bozorga 15 ta velosiped olib chiqaman. Tirikchiligim shu kasbdan. Pandemiya har bir xo‘jalikka ta’sir qildi. O‘sha paytda asosiy transport vositasi velosiped bo‘lib qolgani sababli xaridorlarga yetkaza olmay qolgan kunlar bo‘ldi. Omborlardagi velosipedlar ham sotilib ketdi.

Uylanishimda turmush o‘rtog‘im nogironligimni yuzimga solmadi. U taqdiri azal oldida ojizligimizni tan oldi. Ikki o‘g‘il va bir qizim, ikki nevaram bor. Yaratganga shukr aytaman. O‘zimni xuddi to‘rt muchasi sog‘lom odamdek his qilaman.

Yaqinda bozorda qiziq holat yuz berdi. Yonimdagi sotuvchi protez oyog‘imga bexos tegib ketdi. Va shundagina oyog‘im haqiqiy emasligini bildi. Ahamiyat bermaganlar oddiy sog‘lom odam deb bilishadi.

Nogironlar futbol komandasi tuzganmiz. Tez-tez yig‘ilib futbol o‘ynab turamiz. Nevaralarimga oyog‘im protez ekanini bildirmaslikka harakat qilaman. Ular uxlagan paytda protezni yechaman. Bolajonlarga bu holat salbiy ta’sir qilishini xohlamayman.

To uyg‘ongunlaricha yana joyiga kiyib olaman,” – deydi Abdujabbor aka Ro‘zimatov.

Sarvar Ziyoyev,
Abdusalim Abduvohidov

Top