13:15 / 01.05.2023
29551

Diniy qo‘mita Haj ziyoratiga turfirmalar orqali bormaslikni tavsiya qildi

O‘zbekistondan fuqarolarni Haj ziyoratiga yuborish vakolati faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga berilgan, deya bayonot tarqatdi qo‘mita. Rasmiylar Saudiya qirolligi Haj va umra vazirligi bilan kelishuvlarsiz haj ziyoratiga urinish – Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermasligini eslatdi.

Foto: Getty images

O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tarmoqlarda tarqalayotgan haj safariga jo‘natishga va to‘lovlarni qabul qilishga doir reklamalar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qo‘mita O‘zbekistonda haj va umra tadbirlarini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilishini eslatgan.

“Mazkur hujjat asosida tuzilgan Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi a’zolari qatorida ushbu muqaddas ibodatlarni uyushtirish bevosita Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklangan.

Mazkur tashkilotlarga Haj va umra mavsumida ziyoratchilarning sog‘-salomat va ibodatlarini to‘la-to‘kis bajarib kelishini ta’minlash maqsadida, Saudiya Arabistonidagi tegishli vazirliklar bilan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar, mehmonxonalar, transport va oziq-ovqat korxonalari bilan shartnomalar tuzish vakolati berilgan.

Shu bois, Haj va Umra mavsumlarida diyorimiz ziyoratchilarini kuzatish va kutib olish ishlarini tashkil etish, shu jumladan ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga borishi, u yerda bo‘lishi va u yerdan qaytib kelishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi”, – deyiladi bayonotda.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, Saudiya qonunchiligida ham Haj safari dunyo davlatlarining vakolatli tashkilotlari va qirollikning Haj va umra vazirligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur kelishuvlar asosida tashkil etilmagan Haj ziyoratiga urinish ushbu ulug‘ amalning eng muhim ruknlari bo‘lmish Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ibodat qilish imkoniyatini bermaydi.

“Saudiya Arabistoni hududida Haj tartiblarini buzish esa ushbu mamlakat qonunchiligi asosida chora ko‘rilishiga olib keladi. Shu bois, Haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi. Mazkurlar tomonidan haj ibodatini tashkil etishga urinish esa amaldagi qonun hujjatlariga ziddir”, deya eslatgan diniy qo‘mita.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita aldovlarga uchmasdan, hukumat ko‘magida tashkil etilayotgan safarni ado etishni tavsiya qilgan.

Shuningdek, qo‘mita fuqarolarni Hajga noqonuniy yo‘llar bilan borishga intilish Saudiya Arabistonidan deport qilish, qirollik har qanday viza bilan 10 yil muddatga kirishni taqiqlash hamda 100 ming saudiya riyoli (26 ming dollar) miqdorida jarima solishga olib kelishi haqida ogohlantirgan.

Top