14:27 / 03.05.2023
20580

10 yillik urush yakuni: NATO tomonidan Yugoslaviyaning bombardimon qilinishi noto‘g‘ri bo‘lganmi?

1999 yilda NATO samolyotlari Yugoslaviyani bombardimon qiladi. Bundan maqsad Bolqon yarimorolida zo‘ravonlik qilayotgan serblarni tiyib qo‘yish edi. Bombardimon oqibatida Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan Serbiyaning ko‘plab harbiy obektlari, davlat tashkilotlarining binolari vayron bo‘ladi. Shundan so‘ng serblar Kosovodan o‘z harbiylarini chiqarib oladi va mintaqada uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatiladi.

Fotokollaj: Kun.uz

1990-yillar boshida Yevrosiyoda ikkita yirik ittifoq parchalanib ketdi. Ulardan biri, uzoq vaqt mobaynida dunyoning ikkinchi qutbi sifatida AQShga raqobat qilgan SSSR bo‘lsa, ikkinchisi Bolqon yarim orolida joylashgan Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasi edi.

O‘sha paytda ayrim hududlardagi kichik to‘qnashuvlarni aytmaganda SSSR nisbatan tinch parchalandi. Biroq Yugoslaviyaning parchalanishi qariyb 10 yil davom etgan etnik urushlarga sabab bo‘ldi.

SSSRda bo‘lgani kabi Yugoslaviya tarkibidagi ittifoqdosh respublikalar ham 1991 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qila boshlaydi. Bu ish Yugoslaviyada asosiy hukmdor bo‘lgan Serbiya respublikasi va mamlakatni boshqarayotgan serb rahbarlarga ma’qul kelmaydi. Ular o‘z qo‘l ostidagi hududlarni yo‘qotishni istamasdi.

Shundan so‘ng rasmiy Belgrad mustaqillik e’lon qilgan respublikalarning tanobini tortib qo‘yish uchun harbiy harakatlarni boshlaydi.

Shu tariqa keng miqyosda qurolli mojarolar boshlanadi. Garchi davlat parchalanib ketgan bo‘lsa-da, o‘zini hanuz Yugoslaviya deb atashda davom etayotgan Serbiya harbiylari bir vaqtning o‘zida Bosniya, Xorvatiya va Sloveniyaga bostirib kiradi.

Ko‘p o‘tmay qurolli mojarolarga Serbiya tarkibida bo‘lgan, asosan musulmon albanlar yashaydigan Kosovo aholisi ham qo‘shiladi. Shu tariqa serblar bir nechta frontda urush olib borib, etnik tozalashlar o‘tkazadi va ko‘plab odamlarni qirib yuboradi.

Harbiy to‘qnashuvlar qariyb 10 yil davom etadi. Oxir-oqibat 1999 yil bahorda BMTning tegishli rezolyutsiyasi bilan NATO samolyotlari Yugoslaviyani bombardimon qiladi. Shundan so‘ng holdan toygan serblar tinchlik bitimini imzolashga majbur bo‘ladi.

Yugoslaviya ittifoqining tarixi

Birinchi jahon urushigacha Yugoslaviya degan davlat bo‘lmagan. Bolqon yarim orolida joylashgan Bosniya Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida, Serbiya va Xorvatiya alohida davlatlar bo‘lishgan. O‘sha urushda serblar Antanta tomonida turib urushadi.

Urushda Germaniya yengilgach uning ittifoqchisi Avstriya-Vengriya parchalanib ketadi. Shundan so‘ng Serbiya qirolligi o‘z atrofidagi Xorvatiya, Bosniya, Sloveniya va Chergoriya hududlarini o‘ziga bo‘ysundiradi. Ikkinchi jahon urushigacha vaziyat shunday bo‘lib keladi. Urush paytida xorvatlar bir muddat mustaqil qirollik bo‘lishadi. Biroq ularning mustaqilligi uzoqqa bormaydi.

Urush tugagach serb kommunistlari sovet armiyasi yordamida Yugoslaviya tarkibidagi hududlarni mustaqil bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Oltita ittifoqdosh respublika – Serbiya, Xorvatiya, Bosniya, Chernogoriya, Makedoniya va Sloveniya yagona Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasiga aylantiriladi.

Garchi bu davlat ham rasmiy ravishda SSSRdagiday «teng huquqli respublikalar»dan iborat bo‘lsa ham amalda boshqa xalqlarda hech qanday huquq bo‘lmagan.

Mamlakatdagi boshqaruv rasmiy ravishda federatsiya ko‘rinishida bo‘lsa ham, SSSRda ruslar hukmron millat bo‘lganday, Yugoslaviyada serblar hukmron edi. Ittifoqdosh respublikalar inon-ixtiyori poytaxt Belgrad izmida bo‘ladi. 1980-yillar oxirigacha Yugoslaviya aholisi shu taxlitda yashaydi.

Sobiq Yugoslaviyaning ma’muriy hududlari ko‘rsatilgan xarita

1990 yilda SSSR tarkibidagi respublikalarida mustaqillik uchun boshlagan harakatlarning aks-sadosi Yugoslaviyaga ham yetib boradi. Bu davlat tarkibidagi ittifoqdosh respublikalarda ham mustaqillik harakatlari boshlanadi.

Ana shunday vaziyatda avvaliga 1991 yil 25 iyunda Sloveniya va Xorvatiya, 8 sentabr kuni Makedoniya, 1992 yil 28 fevralda Bosniya o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.

Yugoslaviya ittifoqi tarkibida Serbiya va Chernogoriya qoladi. Serlar qo‘l ostidagi yirik davlatning parchalinishiga va ittifoqdosh respublikalarning mustaqil bo‘lib ketishiga aslo rozi emasdi.

Ular o‘zboshimcha respublikalarni qurol kuchi bilan tiyib qo‘yishga kirishadi. Oqibatda sobiq Yugoslaviya respublikalari o‘z mustaqilligini qon to‘kib, jon berib himoya qilishga majbur bo‘ladi.

Qurolli nizolar boshlanishi

O‘sha paytda sobiq ittifoqdosh respublikalar aholisining ma’lum qismini ham serblar tashkil etar. Ular Yugoslaviyaning parchalanishiga qarshi edi.

Serbiya ana shundan ham foydalanadi va boshqa respublikalar tarkibida yashab kelgan serblarni qurollantiradi. Shuningdek, Yugoslaviya tarkibidagi respublikalar aholisining bir qismi musulmonlar, yana bir qismi nasroniylikning katolik mazhabiga e’tiqod qilardi. Ular mustaqillikni yoqlab chiqqandi.

Nasroniylikning pravoslav mazhabiga e’tiqod qilgan serblar mustaqil bo‘lgan respublikalarni o‘ziga bo‘ysundirishni xohlar ekan, ular musulmonlarga va katoliklarga qarshi qurol ko‘tarib chiqishadi.

Shu tariqa ittifoqdosh respublikalarning mustaqillik e’lon qilishi ortidan boshlangan urush etnik va diniy tus oladi. Eng kuchli to‘qnashuvlar va etnik tozalashlar Bosniyada sodir bo‘ladi.

Bosniyada ommaviy qatliom qilinganlarning dafn marosimi

1991 yil ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda aholining 31,2 foizi musulmon bosniyaliklar, 17,4 foizi serb-pravoslavlar, 17,4 foizi xorvatlar (ularning bir qismi musulmonlar qolgani katoliklar), qolgani esa chernogoriyaliklar, albanlar, slovenlar, lo‘lilar bo‘lishgan.

1992 yilda Bosniya o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va BMTga qabul qilinadi. Shundan so‘ng bu davlat tarkibida yashayotgan nasroniy serblar Bosniyada Serb respublikasi tuzilganini e’lon qiladi. Ular ayrim hududlarni o‘zlariniki deb da’vo qilishadi va u yerlardan katolik xorvatlarni va musulmon serblarni quvib chiqara boshlashadi.

Musulmonlar Bosniya mustaqilligini, Serb respublikasini tuzganlar esa Yugoslaviya tarkibida qolishni yoqlab chiqishadi. Ikki o‘rtada qurolli mojaro kelib chiqqach, rasmiy Belgrad Serb respublikasi armiyasiga harbiy yordam bera boshlaydi. Musulmonlar esa himoyasiz qolib ketishadi va qatliom qilinadi.

Bosniyalik ayol serblar tomonidan qatliom qilinganlar ko‘milgan qabristonda

Jumladan, 1992 yil boshida Srebrenitsa shahri va uning atrofidagi hududlar Ratko Mladich boshchiligidagi Serb respublikasi armiyasi tomonidan bosib olinadi va ko‘plab qatliomlar o‘tkaziladi.

Ana shu qatliomlarda Srebrenitsa shahri va uning atrofida yashovchi 10 mingga yaqin musulmon o‘ldiriladi va buldozer yordamida ko‘mib yuboriladi.

Srebrenitsadagi og‘ir vaziyatni xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT diqqat bilan kuzatib turardi. 1993 yil 6 may kuni BMT Xavfsizlik Kengashi 824-sonli rezolyutsiyani qabul qiladi. Unga ko‘ra, shaharcha qurollardan xoli hudud deb e’lon qilinadi BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi.

Biroq serblar rezolyutsiyani tan olmaydi va uning shartlarini bajarmaydi. Shuningdek, Srebrenitsaga joylashtirilgan BMT tinchlikparvar kuchlari ko‘z o‘ngida musulmonlarni qatliom qilishda davom etadi.

Srebrenitsadagi xunrezlik Yevropada Ikkinchi jahon urushidan buyon kuzatilgan ilk yirik ommaviy qotillik bo‘lgandi.

Bundan tashqari, serblar Xorvatiyaga bostirib kiradi va bu yerda ham tinch aholi vakillarini qirg‘in qiladi.

1995 yilda xalqaro hamjamiyatning bosimi bilan Yugoslaviya Xorvatiya va Bosniya bilan tinchlik sulhi imzolaydi.

Tinchlik kelishuvi imzolanishi bo‘yicha konferensiya AQShning Ohayo shtatidagi Deyton shahrida o‘tkaziladi. Konferensiyada Yugoslaviya prezidenti Slobadan Miloshevich (keyinchalik etnik qirg‘inlarda ayblanib Haagada sud qilingan) Bosniya prezidenti Ali Izzatbegovich va Xorvatiya prezidenti Frano Tujman bilan tinchlik sulhi imzolaydi.

Yugoslaviya prezidenti Slobadan Miloshevich, Bosniya prezidenti Ali Izzatbegovich va Xorvatiya prezidenti Frano Tujman Deytonda tinchlik sulhi imzolanishi jarayoni.

Shundan so‘ng Yugoslaviya Xorvatiya va Bosniyadan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga rozi bo‘ladi. Biroq keyinchalik serblar bu kelishuvni bir necha marta buzishadi va kichik to‘qnashuvlar sodir bo‘ladi.

Kosovodagi vaziyat

Kosovodagi vaziyat Bosniyadagidan biroz farq qilardi. Bu o‘lka Ikkinchi jahon urushigacha Albaniya qirolligi tarkibida edi. Urushdan so‘ng uni Yugoslaviya kuch bilan o‘z tarkibiga qo‘shib oladi.

O‘sha paytda Kosovo aholisining asosiy qismi musulmon albanlar, ozroq qismi serblardan iborat edi. Serblar o‘lkaning asosan Serbiya bilan chegarasi tomonda yashashardi.

1980-yillar oxirigacha Kosovo albanlari o‘lkani Yugoslaviya tarkibidan ozod qilish bo‘yicha bir necha marta norozilik namoyishlari o‘tkazishadi. Biroq harakatlar natijasiz tugaydi.

1988 yilda Serbiya rahbarligiga Slobadan Miloshevich keladi. Bu odam radikal millatchilik qarashlari bilan mashhur edi. Shundan so‘ng Kosovo albanlari yana bosh ko‘tarishadi.

1989 yilda Serbiyada referendum o‘tkaziladi va uning natijasiga ko‘ra, muxtoriyat huquqiga ega bo‘lgan hududlar milliy o‘lkalar deb qayta nomlanadi. Shu jumladan Kosovo ham. Kosovoliklar bu referendumni boykot qilishadi va uning natijalarini tan olishmaydi.

1991 yil 22 sentabr kuni Kosovo o‘z mustaqilligini e’lon qiladi. Ibrohim Rugova uning birinchi prezidenti etib saylanadi. Albaniya darhol Kosovoning mustaqilligini tan oladi.

Shundan so‘ng Serbiya Kosovoga ham o‘z harbiylarini kiritadi va alban partizanlari bilan serb harbiylari o‘rtasida qurolli mojarolar boshlanadi.

O‘sha paytda kuchlar teng emasdi. Shu sababli serb harbiylari Kosovoning asosiy qismini bosib olishadi va Bosniyada bo‘lgani kabi bu yerda ham etnik tozalashlar o‘tkazishadi.

1996 yilga kelib Kosovo rahbariyati turli partizan otryadlarini yagona armiyaga birlashtiradi va Kosovoni ozod qilish armiyasi tuzilganini e’lon qiladi.

O‘shanda serblar Kosovodagi ko‘plab islomiy madaniyatga tegishli bino va inshootlarini vayron qilishadi. Jumladan, bu yerdagi 600 ta masjiddan qariyb yarmi, yana 65 ta kutubxona vayron qilinadi va qariyb bir million dona turli tarixiy kitoblar yoqib yuboriladi.

Serblarning Kosovodagi harbiy harakatlari davomida qariyb 15 ming musulmon alban o‘ldirilgani ma’lum qilingan. Biroq kosovoliklar o‘ldirilganlar va bedarak yo‘qolganlar soni bundan bir necha barobar ko‘pligini aytishadi.

Serb harbiylarning zo‘ravonliklari avj pallasiga chiqqqandan so‘ng G‘arb davlatlari sobiq Yugoslaviyadagi urushga yakun yasash bo‘yicha birdamlik ko‘rsatishadi. Ikki oy o‘tib NATO aviatsiyasi BMT Xavfsizlik kengashi ruxsati bilan Bosniya va Kosovodagi serb harbiylari pozitsiyalariga zarbalar bera boshlaydi.

Yugoslaviya ittifoqi respublikasining bombardimon qilinishi

1999 yil 24 mart kuni NATO bosh kotibi Xaver Solana tashkilotning Yevropadagi qo‘mondoni AQShlik Uesli Klarkka Yugoslaviyaga aviazarbalar berishga buyruq beradi.

O‘sha kuni tunda NATO samolyotlari Yugoslaviya poytaxti Belgrad, shuningdek serb harbiylari joylashgan Prishtina, Ujitse, Novi-Sad, Kraguyevats, Panchevo, Podgoritsa va boshqa hududlardagi harbiy va strategik obektlarga zarba bera boshlaydi.

NATO harbiylariga Albaniya, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Makedoniya harbiylari yordam berishadi. 25 mart kuni Adriatika dengizida turgan Gonsales kreyseridan «Tomagavk» raketalari bilan Yugoslaviyadagi eng yirik harbiy-strategik obektlar joylashgan Nishe shahriga zarba yo‘llanadi.

28 mart kuni AQSh prezidenti Bil Klinton NATOdagi ittifoqchilar bilan maslahatlashib aviaudarlar sonini oshirishga ruxsat beradi.

3 aprel kuni Belgradda joylashgan Yugoslaviya ichki ishlar vazirligi binosiga, 6 aprel kuni Prishtinadagi aerodromga zarba beriladi.

Shu tariqa NATO samolyotlari iyun oyi boshlarigacha Yugoslaviyaning ko‘plab harbiy va strategik obektlarini vayron qiladi. 3 iyun kuni Yugoslaviya prezidenti Miloshevich kapitulyatsiya e’lon qiladi va serblar qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatishadi.

10 iyun kuni BMTda Kosovoga xalqaro missiyani kiritish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinadi. 11 iyun kuni Kosovo ma’muriy markazi Prishtina shahriga NATO harbiylari kiradi. 20 iyun kuni Yugoslaviya armiyasi Kosovoni tashlab chiqadi. Shu tariqa Kosovoda serblarning xunrezliklariga barham beriladi.

Shundan so‘ng Kosovodan qochib chiqqan alban qochoqlari o‘z uylariga qayta boshlashadi. 1999 yil dekabrgacha qariyb bir million Kosovo albanlari uyiga qaytadi.

Bombardimon natijasida...

NATO bombardimoni tufayli Yugoslaviya ittifoqi respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy holati juda yomonlashadi.

Eng ko‘p aviazarbalar Prishtina (374 ta), Prizren (232 ta), Belgrad (212 ta), Uroshavets (205 ta), Jakovitsu (190 ta), Kralevo hamda Ujitse (145 tadan) va Novi-Sad shaharlariga (114 ta) beriladi.

Kosovo NATO harbiylari boshchiligidagi xalqaro kuchlar boshqaruviga o‘tadi.

Keyinchalik 2008 yilda Kosovo o‘z mustaqilligini e’lon qiladi va uning hududiga AQSh harbiy bazasi joylashtiriladi.

Kosovo bayrog‘i. Bayroqning o‘rtasida mamlakat xaritasi joylashgan.

Uch oylik bombardimonlar vaqtida NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Yugoslaviya 5 ming nafardan oshiq harbiy va yana ko‘plab politsiyachidan ayriladi.

Bundan tashqari, 120 ta tank, 220 ta zirhli mashina, 450 ta artilleriya qurilmalari yo‘q qilinadi.

Bombardimondan so‘ng

Yugoslaviya NATO tomonidan bombardimon qilingach serblar mag‘lubiyatga uchraydi va sulhga rozi bo‘ladi.

1999 yil 3 iyun kuni Yugoslaviya prezidenti Miloshevich mag‘lubiyat haqidagi hujjatni imzolagach ordan bir hafta o‘tib, 9 iyun kuni Yugoslaviya armiyasi va NATO o‘rtasida sulh kelishuvi imzolanadi.

Kelishuvga ko‘ra:

  • Yugoslaviya armiyasi Kosovodagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatadi;
  • 11 kun ichida Yugoslaviya armiyasi Kosovodan olib chiqib ketiladi;
  • NATO Yugoslaviyani bombardimon qilishni to‘xtatadi;
  • Yugoslaviya va Kosovo chegarasida eni besh kilometr bo‘lgan xavfsizlik yo‘lakchasi tashkil etiladi;
  • Kosovoga BMT ning tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish;
  • 10 iyun kuni Yugoslaviya Kosovodan o‘z harbiylarini olib chiqa boshlaydi. Eng so‘nggi harbiylar – zirhli tank brigadasi 18 iyun kuni chiqib ketadi.

Shundan so‘ng Kosovo BMT tinchlikparvar kuchlari nazoratiga o‘tadi va o‘lkada uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatiladi.

NATOning Yugoslaviyani bombardimon qilishi noto‘g‘ri bo‘lganmi?

Bugun Rossiyadagi juda ko‘plab OAV, siyosatchilar va boshqalar 1999 yilda NATO Yugoslaviyani nohaq bombardimon qilgan deb bilishadi.

Ularga ko‘ra bombardimon vaqtida odamlar halok bo‘lgan, aholi manzillari vayron bo‘lgan. Biroq ular serblar tomonidan sodir etilgan qatliomlar haqida lom-lim deyishmaydi.

Rossiya TIV mulozimi Mariya Zaxarova o‘z davlatining Ukrainadagi bosqinini oqlash uchun NATOning Yugoslaviyani bombardimon qilganini tez-tez eslab turadi.

Rossiyaliklardan farqli ravishda boshqalar agar o‘shanda NATO Yugoslaviyani bombardimon qilmasa Bolqondagi qurolli mojarolar va qatliomlar to‘xtamas edi deb hisoblaydi.

Chunki sobiq Yugoslaviya hududida qurolli mojarolar boshlangan o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida bu yerga BMT tinchlikparvar kuchlari kiritilgan. Biroq ular qurolli mojarolarni na to‘xtata olishdi, na tinchlik o‘rnatishdi.

Masalan, Srebrenitsadagi qatliomlar BMT tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi hududda sodir bo‘lgan. Bu shaharni serblar egallagach uning yaqiniga Niderlandiya harbiylaridan iborat BMT tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi. O‘shanda haddidan oshgan serblar bosniyalik musulmon aholini niderlandiyalik harbiylar ko‘z o‘ngida qatliom qiladi.

Shu sababli keyinchalik 2017 yilda Haaga xalqaro sudi BMT tinchlikparvar kuchlari tarkibida bo‘lgan niderlandiyalik harbiylarni 1995 yilda Srebrenitsada ro‘y bergan qirg‘in vaqtida qatliom qilingan 7 800 bosniyalik musulmonning o‘limiga javobgar deb topadi.

1999 yilda NATO bombardimoni Bolqon yarim orolida qariyb o‘n yildan buyon davom etib kelayotgan qurolli mojarolarga chek qo‘yadi. Serblar o‘z qo‘shinlarini olib chiqishadi. Hududga uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatiladi.

NATO bombardimoniga bu yil 24 yil bo‘ladi. O‘sha ishdan keyin qariyb 10 yil davomida vayronaga aylangan va iqtisodiyoti izdan chiqqan sobiq Yugoslaviya respublikalari juda katta taraqqiyotga erishdi.

Masalan, aholisi bor-yo‘g‘i 3,5 million kishidan ziyod bo‘lgan Bosniyaning yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi so‘nggi yillarda 20 milliard dollardan oshmoqda. Aholisi 4 million atrofida bo‘lgan Xorvatiya YaIM hajmi esa 70 mlrd dollardan oshgan.

Bosniya poytaxti Sarayevo shahri manzarasi

Bu ko‘rsatkich Sloveniyada (aholisi 2 mln) 60 mlrd, Chernogoriyada (aholisi 600 ming) 5,5 mlrd, Makedoniyada (aholisi 2 mln)  13 mlrd dollardan oshiqroqni tashkil etadi.

Bugun aksariyat siyosiy tahlilchilar NATO Yugoslaviyani bombardimon qilmaganda Bolqon yarim orolidagi qurolli mojarolar uzoq yillarga cho‘zilishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Ularga ko‘ra NATO bombardimoni serblarning zo‘ravonligini to‘xtatgan va sobiq Yugoslaviya respublikalarida tinchlik o‘rnatilishida muhim rol o‘ynagan.

Yugoslaviya ittifoqining batamom parchalanib ketishi

1990-yillar boshida Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan Xorvatiya, Bosniya, Sloveniya va Makedoniya o‘z mustaqilligini e’lon qilgan, yana bir ittifoqdosh respublika Chernogoriya esa uning tarkibida qolgan edi.

Garchi to‘rtta ittifoqdosh respublika mustaqillik e’lon qilgan bo‘lsa ham Chernogoriya serblar qo‘l ostida qolgani uchun Yugoslaviya o‘z nomini saqlab qoladi va Yugoslaviya ittifoq respublikasi deb qayta nomlanadi.

Keyinchalik, NATO bombardimonidan 4 yil o‘tib, 2003 yilda Yugoslaviya ittifoq respublikasining nomi Serbiya va Chernogoriya ittifoqi deb o‘zgartiriladi.

2006 yilda Chernogoriya o‘z mustaqilligini e’lon qilgach Serbiya va Chernogoriya ittifoqi ikkita alohida mustaqil davlatga bo‘linadi va shu tariqa serblarning Bolqon yarim orolidagi ittifoq davlati va hukmronligi tarixga aylanadi.

Hozir sobiq Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasi o‘rnida yettita mustaqil davlat bor. Ulardan oltitasi – Serbiya, Xorvatiya, Bosniya, Sloveniya, Shimoliy Makedoniya va Chernogriya BMTning to‘laqonli a’zolari hisoblanadi.

Kosovo respublikasining mustaqilligini esa dunyoning yuzga yaqin davlati tan olgan. Biroq u hozircha BMTGa a’zo emas. (Ma’lumot uchun, Rossiya, Belarus va boshqa sobiq ittifoq respublikalari kabi O‘zbekiston ham Kosovo mustaqlligini tan olmagan).

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top