09:56 / 08.05.2023
4466

Xususiy tibbiyotni rivojlantirish uchun Jahon bankidan 1 mlrd dollar olish rejalashtirilgan - Amrillo Inoyatov

Sog‘liqni saqlash vaziri tibbiyot oldinga siljishi uchun asosiy vazifa xususiy sektorni oyoqqa turg‘azish ekanini aytdi. Buning uchun Jahon bankidan 1 milliard dollar olinishi reja qilingan.

Foto: SSV

5 may kuni Sog‘liqni saqlash vaziri dunyoning turli davlatlarida ishlayotgan 30ga yaqin o‘zbekistonlik shifokorlar bilan videomuloqot qildi. Suhbat davomida vazir xususiy sektorni rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u berdi.

Jahon bankidan kamida 1 milliard dollar olib, xususiy sektorni faqat zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularni oyoqqa turg‘izish vazifasi oldimizda turibdi. Chunki xalqaro tajribada tibbiyotning og‘ir aravasini xususiy sektor tortyapti. Endi xususiy sektorning oyoqqa turishi uchun biz davlat bo‘lib qanday yordam berdik ularga, degan savolni qo‘yishimiz kerak", – dedi Inoyatov.

Shuningdek, vazir O‘zbekistonda tibbiyotida so‘nggi vaqtda qilingan ishlar bilan shifokorlarni tanishtirgan.

Keyingi hafta esa Amerikaga katta safarga boryapmiz. 20dan ortiq juda katta-katta markazlar, oliygohlar, Amerikaning yirik-yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan memorandumlarimiz imzolanishi kutilmoqda. Bundan asosiy maqsad mana shu standarlarni mamlakatimizga olib kelish”, – dedi vazir.

Ma’lum bo‘lishicha, Jahon banki bilan birgalikda sog‘liqni saqlash tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasi tayyorlangan. Loyihada AQSh, Finlandiya, Germaniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Koreya, Kanada, Avstriya, Pokiston, Italiya, Angliya, Estoniya va Daniya singari davlatlardan mutaxassislar ishtirok etgan.

Shuningdek, oxirgi 3 yilda umumiy qiymati 200 mln dollarlik 45ta loyihani davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolangan.

Vazirga ko‘ra, hozir umumiy qiymati 1,1 mlrd dollarga teng bo‘lgan yana 48ta loyiha bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.

Qayd etilishicha, bu loyihalarning davomi sifatida 26-27 may kunlari Samarqand shahrida Germaniya-O‘zbekiston tibbiyot forumi, 3-4 iyun kunlari Rossiya-O‘zbekiston tibbiyot forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top