08:32 / 09.05.2023
6721

YeI yangi sanksiyalari sanksiyalarni chetlab o‘tishni cheklashga qaratilgan

YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining o‘n birinchi paketini muhokama qilish 10 may kuni boshlanadi. Bryussel sanksiyalardagi bo‘shliqlarni yopish niyatida va buning uchun yangi yondashuv tayyorlamoqda. Shu munosabat bilan muhokama cho‘zilib ketishi mumkin.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga hujumi uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalardagi bo‘shliqlarni yopish niyatida. "Yangi paket sanksiyalarga rioya qilish, ularning samaradorligi va biz sanksiyalarni chetlab o‘tishdan qanday qochishimiz mumkinligi haqida bo‘ladi. Paket Rossiyaga eksportga qaratiladi, - dedi 8 may, dushanba kuni Bryusselda Yevropa komissiyasi vakili Erik Mamer. - Biz Rossiya boshqa mamlakatlardan import olmasligini ta’minlashni istaymiz".

Uning qayd etishicha, Yevrokomissiyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘n birinchi paketi bo‘yicha taklifi 5 may kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yuborilgan. Keyingi bosqich 10 may kuni Yevropa Ittifoqi elchilari darajasida ushbu taklifning birinchi muhokamasi bo‘ladi.

YeIning yana bir rasmiysi DW nashriga bu Yevropa Ittifoqi uchun sanksiyalarga yangicha yondashuv ekanligini, shuning uchun bu borada uzoqroq muhokama kutilayotganini tushuntirdi. Xususan, Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan turli xil sub’yektlarga nisbatan jazo choralari muhokama qilinadi.

Ayrim yevropalik diplomatlarning tan olishicha, YeI mamlakatlari Rossiyaga qarshi jazo choralarini kelishib olishi qiyinlashib bormoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, Yevrokomissiya Xitoyning bir nechta kompaniyalarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish va sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan deb hisoblangan davlatlarga eksportni cheklashni taklif qilgan. Shuningdek, bir qancha manbalar ro‘yxatga Turkiya, BAA, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari ostidagi tovarlar importi keskin o‘sgan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi kompaniyalarni kiritish taklif qilinayotganini aytdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top