20:59 / 10.05.2023
14557

G‘azoda keskinlashuv: Isroil ikki kundan beri sektordagi pozitsiyalarga zarba bermoqda

Falastinliklar raketa hujumi bilan javob qaytarmoqda.

G‘azodagilar Isroilning janubiy qismini o‘qqa tutdi. Foto: Reuters

G‘azodagilar Isroil harbiy-havo kuchlarining «Islomiy jihod» guruhi pozitsiyalari va nishonlariga yo‘llagan zarbalariga javoban Isroil tomon 60 dan ortiq raketa uchirdi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, raketalarning aksariyati urib tushirilgan. Bitta raketa G‘azo chegarasidan atigi 1 km uzoqlikdagi Sderot shahrida joylashgan bo‘sh uyga kelib tushgan. Ashkelonda bomba boshpanasiga yugurgan ikki kishi jarohatlangan, yana uch kishi stressdan aziyat chekkan.

10 may kuni Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azodagi «Islomiy jihod» nishonlariga qatorasiga ikkinchi kun zarbalar berdi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘ldi va bir kishi jarohatlandi.

Isroil armiyasi raketa zarbalari jangarilarning pozitsiyalariga, jumladan Isroilga raketa otilgan joylarga berilganini ta’kidlamoqda. Ba’zi guvohlarning aytishicha, G‘azo sektorining shimoliy qismida, tinch aholi yashaydigan hududlarda ham portlash ovozlari eshitilgan.

Shu bilan birga, Isroil armiyasi G‘azo janubidagi Xon-Yunus hududida «Islomiy jihod»ning raketa otuvchi qurilmaga ega bo‘lgan mashinasida ketayotganlarga zarba berganini aytdi.

Bir soat o‘tgach, TsAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) hududdagi «Islomiy jihod»ga tegishli raketa tuzilmalariga zarba bera boshlaganini e’lon qildi va buni ehtimoliy qarshi zarbalarning oldini olish bilan izohladi.

Chorshanba tongida isroilliklar G‘azodagi pozitsiyalar bo‘ylab yangi zarbalarni yo‘lladi. Foto: Getty Images

Bir kun oldin Isroil armiyasi HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektorida joylashgan nishonlarga qator zarbalar bergandi. Oqibatda «Islomiy jihod» guruhining uch nafar dala qo‘mondoni halok bo‘ldi. Falastin tomoniga ko‘ra, ular bilan birga yana kamida 12 nafar oila a’zosi vafot etgan.

Isroil o‘z fuqarolari va mamlakat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan jangarilarga qarshi operatsiya boshlaganini e’lon qildi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘z yordamchilari bilan uchrashuvda shunday dedi: «Mening ko‘rsatmam shuki, biz kampaniyani yanada kengaytirish yoki hozirda ham, kelajakda ham juda kuchli zarbalarga tayyor turishimiz kerak».

«Menimcha, bu yerda bizda ustunlik bor», deya qo‘shimcha qildi u.

«Biz ularning raketa uchirishini kutmaymiz, – dedi Isroil xavfsizlik vaziri Avi Dixter. – Agar zarbalarning oldi olinsa yoki barham berilsa, raketa uchiruvchilarga zarba berilsa, bularning barchasi oxir-oqibat tiyib turishga yordam beradi».

Avvalroq, «Islomiy jihod» vakili Dovud Shihab Isroilga javob muqarrar ravishda qaytarilishi, kechikish esa «taktika» tufayli ekanini aytdi.

«Biz o‘z taktikamiz va hisob-kitoblarimizdan kelib chiqib, javob berish vaqtini tanlayapmiz. Chunki javob jinoyat hajmiga mos kelishi kerak», dedi u.

Bir kun isroillik harbiylar «Islomiy jihod» guruhi dala qo‘mondonlarining uylari bo‘ylab zarbalar bergan, ulardan uch nafarini oila a’zolari bilan birga o‘ldirgandi. Foto: Getty Images

Avvalroq, Isroil askarlari okkupatsiya qilingan G‘arbiy Sohildagi Kabatiya shahrida o‘zlariga qarata o‘t ochgan ikki falastinlikni otib o‘ldirgan edi. Isroil harbiylarining bildirishicha, reyd chog‘ida askarlar bir kishini qo‘lga olgan, shundan so‘ng o‘zlariga qarata mashinadan o‘q uzilgan.

«Askarlar ikki hujumchiga javoban o‘q uzdi va ularni yo‘q qildi», deyiladi armiya xabarida.

«Islomiy jihod» ushbu hujumchilar o‘z a’zolari ekanini da’vo qildi.

G‘azoda korxonalar va maktablar hamon yopiq. Shuningdek, Isroil G‘azo bilan ikkita nazorat-o‘tkazish punktini yopib qo‘ygan. Bu esa tovarlar, yonilg‘i va insonparvarlik yordami o‘tishi, shuningdek, G‘arbiy Sohil va Isroildagi shifoxonalarga davolanayotgan bemorlar kirib chiqishiga to‘sqinlik qilmoqda.

9 may kuni Isroil G‘azo chegarasiga yaqin shaharlardagi yo‘llarni yopib, aholiga bomba boshpanalariga yaqin turishni maslahat berdi va zaxiradagi askarlarning bir qismini harbiy xizmatga chaqirishini e’lon qildi.

HAMAS rahbari Ismoil Honiya 9 may kuni G‘azoda «rahbariyatning o‘ldirilishi qarshilikning kuchayishi»ga olib kelishini aytdi.

9 may kungi havo hujumlaridan so‘ng, G‘azoda uzoq vaqtdan beri vositachi bo‘lgan Misr, bunday harakatlar «vaziyatni keskinlashtirishi, oqibatda nazorat ostidan chiqib ketishiga olib kelishi» mumkinligini aytdi.

Mavzuga oid
Top