20:38 / 17.05.2023
89117

AQShda defolt xavfi: Bayden «butun dunyo halokat yoqasida» ekanini aytmoqda

AQShda defolt (davlatning qarz majburiyatlarini bajara olmasligi) 1 iyundayoq yuz berishi mumkin. Ayni paytda AQShdagi tashqi davlat qarzi 31 trln dollardan oshgan. Nahotki hammasi shu qadar jiddiy bo‘lsa?

AP Photo/John Minchillo

Nima bo‘ldi?

AQSh defoltga yaqin — hokimiyat hech bir majburiyatini bajara olmay qolmoqda. Xususan, bunday holatda davlat qarzini so‘ndirish uchun ham pul topilmay qoladi.

Gap shundaki, 2023 yil yanvarida Amerika hukumati davlat qarzining yuqori chegarasiga yetib kelgan. Bu limitni ijroiya hokimiyat to‘siqsiz qarzlar olavermasligi uchun 1917 yildan buyon Kongress o‘rnatadi.

Xazinachilik budjet xarajatlarini soliq tushumlari va o‘z balansi qoldiqlari evaziga yopadi, aprel oyi oxirida u 300 mlrd dollarni tashkil etgan. Agar limit ko‘tarilmasa, budjetda pul tugab qolishi mumkin.

Defolt sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan «iks» kun — 1 iyun. Buni AQSh moliya vaziri Janet Yyellen aytib o‘tgan.

Janet Yyellen. Foto: The New York Times

O‘zi AQSh nima uchun qarz oladi?

Budjet taqchilligini yamash uchun: mamlakat hukumati 20 yildirki soliqlar va yig‘imlardan tushgan puldan ortiqroq xarajat qilib kelmoqda. So‘nggi marta profitsitli budjet Amerikada uzoq 2001 yilda bo‘lgan. O‘shanda davlat qarzi «bor-yo‘g‘i» 5,8 trillion dollar edi. Uning keyingi yillarda o‘sib borishi iqtisodiyotga katta mablag‘lar yotqizilishini taqozo etgan krizislar bilan bog‘liq.

2008–09 yillardagi jahon moliyaviy krizisi chog‘ida davlat qarzi hajmi 30 foizga o‘sgan, 2020-kovid yilida esa 19 foizga. Xususan, pandemiya boshlangach hokimiyat ishsizlik bo‘yicha kengaytirilgan nafaqa to‘lash, biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va boshqa rag‘batlantiruvchi omillar uchun 5 trillion dollar yo‘naltirgan.

Nominal jihatdan AQSh dunyodagi eng katta davlat qarziga ega. Lekin yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan solishtirilsa, vaziyat u qadar dramatik emas: u YaIMning 123,4 foizini tashkil etadi. Masalan, Yaponiyaning qarzlari YaIMning 256 foiziga teng.

Amerika hukumati qanday qilib va kimlardan qarz oladi?

Buning uchun maxsus qarz qog‘ozlari — xazinachilik obligatsiyalari chiqariladi. Ularni xususiy shaxslar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va xorijiy davlatlar (bu borada eng yirik xaridorlar Yaponiya va Xitoy) sotib olishadi. Obligatsiyalarning katta qismini Amerika tartibga soluvchisi — AQSh Federal zaxira qismi o‘zida ushlaydi.

AQSh iqtisodiyoti jahondagi eng qudratlisi, uning qimmatbaho qog‘ozlari o‘ta ishonchli sanaladi va obligatsiyalarga talab doimo yuqori bo‘lgan.

AQSh defoltga chap bera oladimi?

Ha, davlat qarzi limitini oshirib, krizisni chetlab o‘tish mumkin. Buning sharofati bilan AQSh yana qarz ololadi.

Kongressmenlar limitni oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishmoqda. Biroq hozircha samarasiz. Gap respublikachilarning pozitsiyasida: ular davlat xarajatlari keskin (yiliga 4,8 trln dollarga) kamaytirilishini, xarajatlarning o‘sish sur’ati yiliga bir foiz qilib belgilanishini talab qilishmoqda. Jo Bayden boshliq demokratlar esa hech qanday dastlabki shartlarsiz yuqori chegarani oshirishni istamoqda, biroq buni Vakillar palatasida ko‘pchilik ovozga ega respublikachilar roziligisiz amalga oshira olishmaydi. 

«Menga hamma «yigitlar, sizlar jiddiy aytayapsizlarmi?» deb qaramoqda. Axir biz qarzimiz tufayli defolt e’lon qilsak, butun dunyo falokat yoqasiga kelib qoladi-ku?» — degan muzokaralar haqida Jo Bayden.

Bayden haqmi, barchasi shu qadar jiddiymi?

AQSh iqtisodiyoti miqyosi va dollarning asosiy zaxira valutasi statusi hisobga olinsa, defolt chindan ham global krizis keltirib chiqarishi mumkin. Mohiyatan, butun jahon moliya tizimi AQSh iqtisodiyotining mustahkamligi ishonchiga qurilgan: jahondagi zaxiralarning qariyb 60 foizi dollarda saqlanadi. Defolt yuz bersa iqtisodchilar barchasi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketishini aytishadi.

«Bu [AQSh defolti] halokatli kombinatsiya bo‘lar edi. U ildiz otib, butun moliyaviy tizimni ishdan chiqaradi va pirovard oqibatda global iqtisodiyot tanazzulga uchrashiga olib keladi», — deydi Moodyʼs reyting agentligi bosh iqtisodchisi Mark Zandi.

Dollar va Amerika qimmatli qog‘ozlari investorlar ishonchidan chiqadi va fond indekslari qulashiga sabab bo‘ladi. AQShdagi holdan toyish boshqa muammoli mamlakatlarda qarz inqirozlarini keltirib chiqaradi, xomashyo tovarlari narxi tushishi, foiz stavkalari oshishi, kreditlar qimmatlashuvi butun jahon iqtisodiyotining tormozlashuviga olib keladi.

Defolt AQShning o‘ziga qanday ta’sir qiladi?

Amerika iqtisodiyoti bunday ssenariyda retsessiyadan qochib qutula olmaydi, bu esa boshqa mamlakatlar iqtisodiyotiga ham ta’sir o‘tkazadi. Dastlabki zarbalarga davlat xarajatlari yuqori bo‘lgan sohalar (masalan, mudofaa sohasi), shuningdek, defolsiz ham og‘ir ahvolda bo‘lgan sug‘urta kompaniyalari va banklar duchor bo‘ladi.

Oq uy defolt yuz berganda AQSh yalpi ichki mahsuloti 6,1 foizga qulashi, ishsizlik 5 foizga oshishi, 2023 yilning III choragida fond bozori 45 foizga qulashini prognoz qilmoqda. Moodyʼs reyting agentligi tahlilchilari defolt 2008 yilgi moliyaviy inqiroz kabi oqibatlarga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSh 4 foiz YaIMidan ayriladi, 6 mln kishi ishsiz qoladi. Bloomberg iqtisodchilari fikricha, potensial defolt 2008 yilgi krizisdan ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Defoltgacha ikki hafta vaqt qoldimi?

Bu fakt emas. AQSh moliya vaziri Janet Yyellen tomonidan e’lon qilingan dedlaynga qaramasdan, defolt aynan 1 iyun kuni ro‘y bermasligi mumkin.

AQSh hukumati ixtiyorida «qiyomat kuni»ni keyinga surish uchun «favqulodda choralar» bor. Yyellenning so‘zlariga ko‘ra, ularning favqulodda choralar samarasi iyun oyi boshlariga kelib tugaydi. Vazir defolt yuz beradigan sana taxmin qilinayotganidan bir necha kun hattoki hafta farq qilishi mumkinligini tan oladi.

Avval limit hech oshirilganmi?

Ha. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon bu ishga 102 marta qo‘l urishgan.

Ko‘p holatlarda Kongress limitni shunchaki oshirib beravergan, biroq so‘nggi yillarda limitni oshirishni o‘tkazish tobora qiyinlashib bormoqda. Masalan, 2011 yilda respublikachilar va demokratlar dedlaynga uch kun qolganda bir to‘xtamga kela olishgan. Davlat qarzini oshirish masalasi borgan sari siyosiy savdo masalasiga aylanib ketmoqda va muxolifat undan o‘z maqsadlariga yetishish yo‘lida foydalanmoqda.

Demak, qo‘rqmaslik kerakmi?

Baribir davlat qarzi yuqori chegarasi bu safar ham oshirilsa kerak: potensial defoltning bahosi AQShning o‘zi uchun ham, jahon uchun ham juda yuqori. Institutsional investorlar defoltga ishonishmayapti: masalan, Janus Henderson boshqaruv kompaniyasi uning ehtimolini 1 foizdan ham pastroq baholagan.

Lekin bu holatda, defolt xavfi garchi kichik bo‘lsa ham, 2011 yildagidan yuqoriroq, — deb hisoblashmoqda Bloomberg Markets Live Pulse servisi tomonidan so‘rovga tutilgan moliya sohasi mutaxassislarining 60 foizi. «Elektorat va Kongressning qutblashuvi hisobga olinsa, risk avvalgidan yuqoriroq. Har ikki tomon shu qadar boshini burkab olishganki, choralar o‘z vaqtida qilinmasligi riski oshib bormoqda», — deya Invesco tahlil kompaniyasi eksperti Jyeyson Blumdan iqtibos keltirmoqda Bloomberg.

Eng bo‘lmaganida Jo Baydenning qo‘lida Konstitutsiyaga 14-tuzatish bor.

U nima bilan yordam beradi?

Anglash muhimki, agar defolt yuz bergan taqdirda ham u faqat texnik bo‘ladi — bu degani mamlakatda pul bor, lekin uni tasarruf etib bo‘lmayotganini bildiradi. AQSh davlat qarzining xususiyatiga ko‘ra AQShda to‘laqonli defolt yuz berishi ehtimoli juda past: mohiyatan davlatning tashqi qarzi ichki qarzdir, chunki xazinachilik obligatsiyalari dollarga sotib olinadi. Bunaqa qarzlarni uzish osongina: eng bo‘lmay qolgan taqdirda hukumat kerakli miqdorda dollar chop etib, kreditorlarga tarqatadi. Albatta, bu inflatsiya sakrashiga olib keladi, lekin keng miqyosli falokatning oldini oladi.

Amerika qarzini uza olishini barcha bilar ekan, nega shovqin ko‘tarilmoqda?

Chunki bozor shunday ishlaydi. Tahlilchilar defolt ehtimoli 1 foiz ekanligini aynan hozir baholashmoqda, biroq dedlayn yaqinlashgani sayin bu raqam ortib boraveradi.

Bunday vaziyatda yirik investorlardan biri har ehtimolga qarshi o‘z aktivlarini pullay boshlaydi, kimdir chayqovchilikni boshlab yuboradi — natijada bozor bo‘hronga duchor bo‘lishi mumkin.

Bu moliyaviy piramidaga o‘xshayapti. Nega hech kim kuni kelib AQSh qarzlarni qaytara olmay qoladi, deb o‘ylamayapti?

Chunki AQSh — jahon moliyaviy tizimida unikal o‘ringa ega bo‘lgan, jahonning eng qudratli iqtisodiyoti, uning obligatsiyalari eng ishonchli deb hisoblanadi.

Nominal ifodada davlat qarzi juda dahshatli ko‘rinadi, biroq u AQSh iqtisodiyoti o‘lchamiga taqqoslansa, u qadar katta emas. Uni bir vaqtda uzish ham talab etilmaydi. Amerika qarzlarini uza olmasligi haqida faqat biror global falokat ro‘y berganida o‘ylab qolish mumkin — lekin bundan hech kim manfaatdor emas, chunki AQShning kreditorlari soni juda ko‘p.

AQSh davlat qarzi so‘nggi 20 yil ichida o‘sib borayotgani ham muhim jihat. Biroq urush, iqtisodiy krizislar bilan bog‘liq bunday davrlardan so‘ng tarixda uning kamayish holatlari ham kuzatilgan.

Amerikaning muammolariga kamroq bog‘liq bo‘lish uchun pulni nimaga tikkan ma’qul?

Defolt sharoitida krizislar sharoitida klassik himoya aktivi — oltinning qiymati oshib ketishi mumkin.

Bloomberg Markets Live Pulse tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, moliya sohasi mutaxassilarining yarmidan ko‘pi AQSh hukumati o‘z majburiyatlarini bajarmasa, oltin sotib olishlarini aytishgan. Freedom Finance Global tahlilchisi Vladimir Chernovning prognoziga ko‘ra, AQShda defolt sodir bo‘lgan taqdirda, oltinning narxi qisqa muddatda 10–15 foizga oshib ketishi mumkin.

Tahlilchilar ajratib ko‘rsatgan boshqa aktivlar sirasiga bitkoin, yapon iyenasi va Shveytsariya franki, shuningdek, AQShning xazinachilik obligatsiyalari va yana o‘sha AQSh dollari kiradi. So‘nggi ikki variant qisqa muddatli texnik defolt uchun yaroqli, chunki uzoq muddatli defolt har ikki aktivning qiymatini tushiradi. Ammo, yuqorida qayd etilganidek, bunaqa ssenariyga tahlilchilarning birortasi ishonmaydi.

Mavzuga oid
Top