08:23 / 23.05.2023
12795

Pashinyan: Armaniston Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi deb tan olishi mumkin

KXShTga a’zolikning “hech narsa bermaydigan” maqomi Yerevanga xavfsizlik masalalarini muhokama etishiga to‘sqinlik qilmoqda, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. U Armaniston tashkilotdan chiqishi yoki a’zoligini muzlatib qo‘yishi mumkinligini istisno etmadi.

Foto: Reuters

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan agar Boku hududdagi armanlarning huquqlarini kafolatlasa, Yerevan Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjonning bir qismi sifatida tan olishi mumkinligini aytdi. "Ozarboyjon hududining 86 ming 600 kvadrat kilometri Tog‘li Qorabog‘ni o‘z ichiga oladi. Agar bir-birimizni to‘g‘ri tushunsak, Armaniston Ozarboyjon hududiy yaxlitligini ko‘rsatilgan chegaralar doirasida, Boku esa - Armanistonning 29 ming 800 kvadrat kilometr hududiy yaxlitligini tan oladi", - dedi u 22 may, dushanba kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida

“Shuni qayd etish muhimki, Yerevan Tog‘li Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligi masalalari Boku-Stepanakert muzokaralari formatida muhokama etilishi lozimligini e’lon qiladi”, — dedi Armaniston bosh vaziri.

Shu bilan birga, Pashinyan o‘z mamlakatining Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqishi ehtimoli haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bu masala muhokama qilinmoqda. "Men Armaniston de-yure KXShTdan chiqishi yoki a’zoligini muzlatib qo‘yishi mumkinligini inkor eta olmayman. Lekin bu faqat KXShT Armanistondan chiqqani qayd etilgan taqdirdagina sodir bo‘ladi", - dedi Pashinyan.

Shu bilan birga, Armaniston hukumati rahbari KXShT kuzatuv missiyasi Armanistonga kelmayotganiga ishora qildi. “KXShTning Armanistondan chiqishi haqida gapirganda, men tashkilotning Armaniston oldidagi majburiyatlarini nazarda tutyapman”, - deya tushuntirdi u. Bundan tashqari, Pashinyanning aytishicha, KXShTga a’zo davlatning “hech narsa bermaydigan” rasmiy maqomi Yerevanda xavfsizlik masalalarini muhokama etishga to‘sqinlik qilmoqda. "Sizningcha, bizga boshqa davlatlardan qurol-yarog‘ va harbiy texnika olish bo‘yicha takliflar kelmadimi? Albatta, bunday imkoniyat bor edi, lekin bu imkoniyatning yopilishi asosan Armanistonning KXShTga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘ldi", — deya qo‘shimcha qildi u.

Top