14:36 / 27.05.2023
9943

ISW: Rossiya Ukraina bilan muzokaraga tayyorligi bo‘yicha soxta pozitsiyasini ko‘rsatyapti

Kreml G‘arbni Ukrainani Rossiya uchun qulay shartlar asosida tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishga ko‘ndirish uchun bosim o‘tkazmoqda, deydi tahlilchilar. 

Foto: TASS/BelTA/Maksim Guchek

Ukrainaning qarshi hujumi oldidan Kreml G‘arbni Ukrainaga yordam berishni to‘xtatib, uni yon berishga va Moskva uchun qulay shartlar asosida tinchlik muzokaralarini boshlashga majbur qilish uchun axborot kampaniyasini qayta boshlashi mumkin. Bunday baho Amerika urushni o‘rganish institutining (ISW) 27 may, shanba kuni chop etilgan muntazam tahliliy sharhida keltirilgan. 

Mualliflar Kreml matbuot xizmatining 26 may kungi bayonotidan iqtibos keltirmoqda, unga ko‘ra Vladimir Putin Braziliya prezidenti Luis Ignasiu Lula da Silva bilan telefon suhbatida «Rossiya tomonining siyosiy va diplomatik yo‘lda muloqotga ochiqligini» ta’kidlab, bu muloqot «haligacha Kiyev va uning g‘arbiy homiylari tomonidan to‘sib qo‘yilganini» qo‘shimcha qilgan.

«Putinning bayonoti Rossiyaning Ukraina bilan muzokaralar olib borishdan manfaatdor ekanligidan dalolat bermaydi, Kreml muzokaralar uchun jiddiy asos yaratmagan va o‘zining maksimalistik maqsadi – Ukraina hukumatining taslim bo‘lishidan voz kechmagan», - deydi ISW tahlilchilari. Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xueyning 26 may kuni Moskvaga tashrifi fonida Rossiya rasmiylari Ukraina bilan muzokaralarga tayyor ekanliklari haqidagi yolg‘on bayonotlarini kuchaytirishga urinayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi institut. 

Ularning eslatishicha, o‘tgan hafta Ukraina, Polsha, Fransiya, Germaniya va Belgiyaga amalga oshirilgan Yevropa safari chog‘ida Li Yevropa Ittifoqi rasmiylarini Ukrainadagi urushni avj olishidan avval tugatishga yordam berishga chaqirgan. Lining sa’y-harakatlari Xitoy G‘arbni Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga undashga urinayotganini ko‘rsatishi mumkin, deydi ISW tahlilchilari. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top