Jahon | 16:13 / 30.01.2026
2804
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina 2026 yilda ilk bor halok bo‘lganlar jasadlarini almashdi

Kiyev ma’lum qilishicha, Ukrainaga hali shaxsi aniqlanishi lozim bo‘lgan 1000 ta jasad va qoldiq qaytarilgan. Moskva esa unga 38 nafar askar jasadi topshirilganini bildirdi. Almashuv Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ko‘magida o‘tgan.

Foto: AFP

Rossiya va Ukraina 29 yanvar, payshanba kuni 2026 yilda birinchi marta halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar jasadlarini almashdi. “Bugun repatriatsiya tadbirlari o‘tkazildi, ular doirasida Rossiya tomoni ta’kidlashiga ko‘ra, ukrain himoyachilariga tegishli bo‘lgan 1000 ta jasad (qoldiq) Ukrainaga qaytarildi”, — deb xabar qildi Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha muvofiqlashtirish shtabi Telegram-kanalida. Shtab qo‘shimcha qilishicha, jasadlar va qoldiqlar ekspertiza hamda shaxsini aniqlash (identifikatsiya) uchun topshiriladi.

O‘z navbatida, RF Davlat dumasi deputati Shamsail Saraliyev Rossiyaga 38 nafar harbiy xizmatchi jasadi qaytarilganini ma’lum qildi. Ikki tomon ham bildirganidek, almashuv Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirildi.

Halok bo‘lganlar jasadlarining oxirgi almashuvi 2025 yil 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Rossiya Ukrainaga 1003 nafar himoyachining jasadini topshirgan, javoban Rossiya 26 nafar halok bo‘lgan rossiyalik askar jasadini olgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqat 2025 yilning o‘zida Kiyevga 15 mingdan ortiq jasad yetkazib berilgan.

Ukraina tomoni avvalroq bir necha bor Rossiya topshirgan jasadlar ko‘pincha shaxsni aniqlash jarayonini qiyinlashtiradigan shikastlarga ega bo‘lishini aytgan. Shuningdek, ayrim holatlarda Ukrainaga o‘z harbiylari o‘rnida rossiyaliklar jasadi topshirilgani haqida ham xabarlar bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid