10:50 / 05.06.2023
10430

Qorabog‘ maqomi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar tinchlik shartnomasi tuzishga yaqinmi?

Boku va Yerevan chindan ham o‘zaro kelishuvga erisha oladimi?

Foto: Armaniston bosh vaziri matbuot xizmati / EPA / Scanpix / LETA

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Kishinyovda Tog‘li Qorabog‘ maqomi yuzasidan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel ham ishtirok etdi.

Muzokaralar oldidan Pashinyan Armaniston Ozarboyjonning «hududiy yaxlitligini tan olishi»ni ma’lum qildi. Yerevan jumladan, u yerdagi arman millatiga mansub aholi xavfsizligini ta’minlash sharti bilan Tog‘li Qorabog‘ni ham Boku hududi deya e’tirof etdi. Siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari Moldovadagi uchrashuvda Aliyev va Pashinyan nihoyat to‘laqonli tinchlik shartnomasini imzolashlari mumkinligini taxmin qilgandi – ammo bu amalga oshmadi. «Meduza» nashri Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha ekspertdan Kishinyovdagi uchrashuv tinchlikka yaqinlashishga qanchalik yordam bergani haqida so‘radi.

— Muzokaralarning asosiy natijalari qanday?

Uchrashuvdan keyingi press-reliz, odatdagidek, quruq gaplar bilan to‘la. Hech qanday sensatsiya bo‘lmadi va menimcha, biz bekorga sensatsiya kutdik. Aftidan, biz Pashinyanning may oyi o‘rtalarida «Kishinyovdagi uchrashuvga qadar nimadir qilishga ulgurishimiz mumkin» degan gapiga e’tibor qaratdik.

Shu bilan birga, Pashinyanning saytidagi 18 maydagi xabarda iyul oyida Bryusselda besh tomonlama yangi formatdagi uchrashuv, keyin esa oktyabrda Granadada uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi aytilgan. Agar tinchlik uchun barcha narsa tayyor bo‘lsa, nima uchun oktyabr oyida ham safar qilish rejalashtirilgan? Ya’ni, Armaniston hukumati muzokaralar aslida qanday kechishini taxminan tushunib turibdi: hamma narsa ham kutilgandek optimistik emas, hali ham tuzoqlar bor.

Qolaversa, Pashinyan (kelishuvga erishgan taqdirda) xalqqa hech bo‘lmaganda Qorabog‘ armanlarining xavfsizligini ta’minlay olganini aytishi kerak va bu haqda gapirishga hali erta. 28 may kuni Aliyev Lochin viloyatiga tashrif buyurib, deyarli ultimatum qo‘ydi: u (Tog‘li Qorabog‘ning) barcha davlat tuzilmalari tarqatib yuborilishi va tan olinmagan respublikaning barcha amaldorlari hukumatga taslim bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat shu holatdagina amnistiya bo‘ladi. Bu juda qattiq talab.

Boshqa tomondan, ilgari Aliyev «amnistiya» so‘zini umuman tilga olmagan, bu yerda u hech bo‘lmaganda o‘zining ba’zi shartlarini ma’lum qildi. Ammo bunday talab tushunarli sababga ko‘ra qabul qilinishi qiyin: odamlar shunchaki qo‘rqadi. Ularni harbiy jinoyatchi deb atagan Ozarboyjon hukumatiga taslim bo‘lish — eng ijobiy ssenariy emas. Ular, ehtimol, umrining oxirgacha qamoqda o‘tiradi.

Boshqa tarafdan, hozir ularda qochish uchun biror imkoniyat ham yo‘q, chunki Qorabog‘dan Armanistonga chiqish yo‘lida Ozarboyjon chegarachilarining nazorat-o‘tkazish punkti mavjud. Ular hujjatlarini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi va katta ehtimol bilan, bunday ssenariyda bu odamlar hibsga olinadi. Bu holatda yagona umid, ularni Rossiya tinchlikparvar kuchlari qandaydir tarzda olib chiqib ketishidir.

Hozir vaziyat shundayki, mintaqada yashovchi oddiy xalq ham, Tog‘li Qorabog‘da shakllangan elita — prezident (Arayik Arutyunyan), parlament ham qopqonda. Ozarboyjon nuqtayi nazaridan ularning hammasi jinoyatchi.

— Ushbu uchrashuv va uning natijalarini Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarining 25 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvi bilan qanday taqqoslash mumkin? Ushbu muzokara yo‘llari parallelmi, o‘zaro bog‘liqmi yoki qarama-qarshimi?

Aytish mumkinki, bu harakatlarning bari taxminan bir yo‘nalishda, ammo maqsadlar turlicha. Putin, albatta, Rossiyaning mintaqadagi mavjudligini imkon qadar uzoq vaqt davomida saqlab turish uchun tinchlikka erishish yo‘li iloji boricha ko‘proqqa cho‘zilishini xohlaydi. Buning uchun Qorabog‘ning hozirgi maqomi saqlanib qolishi lozim (Rossiyaning ayni vaqtdagi pozitsiyasiga ko‘ra, de-yure): bu hudud Ozarboyjon yeri, lekin hududda alohida, xalqaro ishtirokni talab qiladigan muayyan maxsus shartlar mavjud.

Bir tarafdan, bu Qorabog‘ni hozircha Ozarboyjonning bir qismi deb atamasligi kerak bo‘lgan Yerevan uchun sovg‘a. Boshqa tomondan, bu Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mandatini uzaytirish uchun sabab. Ammo Boku bundan manfaatdor emasligi sababli Yevropa yo‘li bo‘ylab harakatlanmoqda, Armaniston ham unga ergashishga majbur. Rossiya esa, aksincha, umumiy tinchlik shartnomasini tuzishda emas, dolzarb muammolarni hal qilishda — kommunikatsiyalarni blokirovkadan chiqarish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda o‘zining yordamchi sifatida zarurligini ko‘rsatmoqda.

Bu hafta Pashinyan Moskvada RF bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashadi. Mishustin muhim shaxs: u iqtisodiy va texnik masalalar bilan shug‘ullanadi, tinchlik shartnomasi esa siyosiy masala. Shu sababli, Mishustin, aftidan, birinchi navbatda kommunikatsiyalarni blokirovkadan chiqarish bilan bog‘liq muammolarni hal qiladi. Bu yerda ko‘plik qo‘shimchasini qo‘llash xato bo‘lishi mumkin, chunki aslida gap Zangezur yo‘lagini (yo‘lakning boshqa nomlari Syunik, Megri) ochish haqida ketmoqda.

Zangezur yo‘lagi blokdan chiqarilishi Armaniston uchun manfaatli emas, biroq bu Aliyev, Pashinyan va Putin tomonidan imzolangan 2020 yil 9 noyabrdagi o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonotda va’da qilingan. Bundan tashqari, hujjatda hatto Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari Zangezur yo‘lagini nazorat qilishi kerakligi ham belgilab qo‘yilgan. Ko‘rinishidan, bu Armaniston tomonini tinchlantirgan —hech bo‘lmasa ruslar, ozarboyjonlar emas qabilida. Lekin baribir hali ko‘p savollar bor.

Masalan, armanlar juda mantiqiy savol qo‘ymoqda: arman chegarachilari bu koridorning ikki chetida turadimi? Ya’ni, Armaniston hududiga kirish ular orqali amalga oshiriladimi yoki bu ekstraterritorial koridor bo‘ladimi? Agar bu koridorning tarixdagi muqobillarini qidirsak, men ushbu koridor G‘arbiy Berlinni GFR bilan bog‘laydigan yo‘l kabi bo‘lishidan qo‘rqaman.

Armaniston «koridor» so‘zining o‘zidan g‘azablanmoqda, chunki bu koridor uning yurisdiksiyasidan alohida ajratilishiga ishora qiladi. Ammo Ozarboyjon, aftidan, buni talab qilishda davom etmoqda: Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Zangezur koridori albatta ochiladi. Boshqa tomondan, bu Moskva uchun hech bo‘lmaganda qandaydir qulaylik — Yevropa ko‘proq konseptual masalalar bilan shug‘ullanayotgan bir paytda, Rossiya asosan amaliy masalalarda yordam berayotgandek. Tinchlik shartnomasi imzolangan taqdirda, Moskva shunday deyishi mumkin: «Biz bo‘lmaganimizda, baribir uddalay olmas edingiz, bizning hissamiz katta bo‘ldi».

Hozircha, mening taxminim shuki, yil oxirida, ehtimol, Ispaniyadagi uchrashuv paytida, balki keyinroq, Yevropa Ittifoqi vositachiligida tinchlik shartnomasi tuziladi (chunki hozirgacha ushbu hujjat imzolanishi uchun Yevropa Ittifoqi obektiv ravishda ko‘proq ishni qildi).

2022 yilning oktyabr oyida, tomonlar bir-birining hududiy yaxlitligini tan olgan Olmaota deklaratsiyasiga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlagan Praga uchrashuvidan so‘ng Putin Valdayda Pashinyanni koyigandek bo‘ldi. U amalda shunday dedi: «Nega siz bunday qildingiz? Bizning yo‘limiz bo‘ylab harakat qilganingiz yaxshiroq emasmidi? Biz sizni bunday shartnoma imzolashga majbur qilmas edik». Aslida, Putin Pashinyanni, uning fikricha, doim aldaydigan yevropaliklarga ishongani uchun koyidi.

Ammo Pashinyanda tanlov deyarli yo‘q edi. U, albatta, unga o‘zi xohlagan narsani va’da qila oladigandek ko‘ringan Putindan umid qilishdan va unga tayanishdan xursand bo‘lar edi. Lekin Ozarboyjon bu yerda juda qattiq bosim o‘tkazdi, Pashinyan har safar nimadir tashabbus boshlaganda Boku chegarada otishmalar uyushtirdi. Shuning uchun, u garchi hozir Armaniston hukumati tomonidan qabul qilinayotgan barcha qarorlar mamlakat fuqarolari orasida deyarli umuman qo‘llab-quvvatlanmayotgan bo‘lsa-da, o‘z yo‘lidan borishga majbur bo‘ldi.

Pashinyan aslida o‘z siyosiy karerasini barbod qilmoqda, u buni tushunib turibdi. Ammo boshqa variantlar yo‘q. Muqobil yo‘l — bu qon to‘kiladigan, qurbonlar beriladigan va mag‘lubiyat qabul qilinadigan urush.

— Siz Zangezur koridori «kommunikatsiyalarni blokdan chiqarish»ning yagona yo‘nalishi ekanini aytdingiz. Demak, masalan, Moskva Lochin koridorining blokirovkasiga ta’sir ko‘rsata olmaydimi?

Rossiya bu vaziyatga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaydi. Unga ta’sir qilish uchun Ozarboyjon hududida Ozarboyjon harbiylariga qarshi kuch ishlatish kerak: bu esa harbiy bosqinchilik degani. Rossiya hozir ikkinchi harbiy bosqinni amalga oshirishga tayyor emas.

Ha, tinchlikparvar kuchlar munozarali masalalarni hal qilish uchun chaqiriladi. Ammo tinchlikparvar kuchlarda Ozarboyjonni ma’lum bir tarzda harakat qilishga majburlash uchun qonuniy vositalar yo‘q. Koridor bo‘ylab erkin harakatlanishni ta’minlashga chaqiriqlar rossiyalik tinchlikparvar kuchlar tomonidan allaqachon ko‘p bora aytildi, biroq Boku ularni e’tiborsiz qoldirmoqda. Demak, hatto nazariy jihatdan ham faqat kuch ishlatish ssenariysi qolmoqda. Ammo Rossiya bunday qilmaydi, chunki u Ozarboyjon bilan munosabatlarni qadrlaydi.

Aliyev ilgari Zangezur va Lochin koridorlarini ko‘p marta solishtirdi, yagona tartib o‘rnatish rejalari, Zangezurda nazorat-o‘tkazish punkti paydo bo‘lsa, Lochin koridorida ham nazorat punkti joriy etilishi haqida gapirdi. Mening shaxsiy nuqtayi nazarim shuki, bu ikki koridorni solishtirib bo‘lmaydi, chunki Ozarboyjonda Naxichevonni yo‘qotish xavfi yo‘q va bu borada Zangezur yo‘lagi shunchaki kerakli (favqulodda zaruriy emas) yo‘lak bo‘lib qoladi. Qorabog‘dagi armanlarning kelajagi esa (Naxichevon muxtor respublikasi aholisidan farqli o‘laroq) hozir katta so‘roq ostida. Katta ehtimol bilan, Qorabog‘ning arman aholisi (tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin) hududdan shunchaki chiqib ketadi. Bunday holatda, Lochin yo‘lagi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Demak, haqiqatan zarur bo‘lgan yo‘lak vaqtinchalik kerak bo‘lgan yo‘lakka aylanadi.

Kommunikatsiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, ehtimol Zangezurdan ko‘ra, boshqa yo‘lakni blokirovkadan chiqarish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Misol uchun, SSSR davrida Ganja (Ozarboyjon) va Ijyevan (Armaniston) o‘rtasida temiryo‘l liniyasi mavjud edi. Ozarboyjonlik spikerlar Zangezur yo‘lagi Rossiyaga nihoyatda kerakli deb ishontirishga harakat qilmoqda. Aslida, bunda faqat ikkita manfaatdor tomonlar bor, deb hisoblayman — Ozarboyjon va Turkiya. Rossiya yo‘lak orqali yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin, ammo bu Eron chegarasi bo‘ylab butun Ozarboyjonni aylanib o‘tadigan juda uzoq yo‘l. Turkiya bilan esa Rossiya allaqachon Qora dengiz orqali muvaffaqiyatli savdo qilmoqda.

— Armanistonning amaldagi hukumatida o‘z pozitsiyalaridan voz kechishga tayyor bo‘lmagan nuqta bormi?

Menimcha, bu yerdagi cheklov Armanistonning o‘z hududiy yaxlitligidir. Pashinyan hozirgi siyosatini Armaniston hududini himoya qilish bilan izohlaydi.

Zangezur nafaqat koridor, balki hudud hamdir. SSSR davrida bu yerda ko‘plab ozarboyjonlar yashagan. Ozarboyjonning qarashiga ko‘ra, butun qarama-qarshilik Sumgait qirg‘ini bilan emas, balki ozarlarning Armaniston janubidagi Kapan shahridan quvib chiqarilishi bilan boshlangan. Aliyev ba’zan ozarboyjonliklar u yerda yashagani va u yerga qaytishi kerakligini aytadi. U buni jiddiy aytayotganga o‘xshaydi.

Ozarboyjon siyosatchilari va ekspertlari bilan gaplashsangiz, ular buni armanlarga ishora sifatida izohlaydi: agar ular (armanlar) Ozarboyjonning hududiy yaxlitligiga qarshi chiqishni to‘xtatmasa, Ozarboyjon ham Armanistonning hududiy yaxlitligiga qarshi chiqishni boshlaydi. Ozarboyjon, umuman olganda, Armanistondan farqli ravishda buning uchun resurslarga ega. Shunday ekan, ha, Zangezurni boy bermaslik, chegaralardagi tinimsiz to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun Pashinyan Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi deb tan olishi kerak. Ammo u shundan keyin boshqa jiddiy yon berishlarga bormaydi.

— Hozirda kelajakdagi kelishuvning asosiy shartlari haqida gapirish mumkinmi? Shartnoma imzolash uchun qanday asosiy masalalar kelishib olinishi kerak?

Yuqorida Zangezur koridori haqida aytib o‘tdim. Undan tashqari, ehtimol, yanada nozik masala bor — Qorabog‘ning arman aholisi huquqlari: mahalliy hukumat bilan nima bo‘ladi va aholi taqdiri qanday kechadi? Ayni paytda aholi va mahalliy hukumatga qarshi chiqish noto‘g‘ri, chunki ular birgalikda 120 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Qorabog‘ yaqin qarindoshlik aloqalari ko‘p bo‘lgan juda zich mintaqa, tan olinmagan Qorabog‘ respublikasi prezidenti ular uchun, albatta, qandaydir samoviy odam emas.

Mintaqaning barcha erkak aholisi armiyada xizmat qilgan, ya’ni Ozarboyjon hukumati ularni qurolli ayirmachilar deb atashi mumkin. Deyarli har bir erkakda qurol bor: qurol yo‘qligi ular uchun uyat. Demak, ularni qurollangan jangarilar deb atash mumkin. Bu aholini qanday qilib Ozarboyjon hokimiyati ostiga o‘tkazish mumkin? Ular (Ozarboyjon hukumati) bu aholini ko‘chirish yoki qamoqqa jo‘natish bo‘yicha operatsiya o‘tkazadimi? Armaniston uchun bu real ssenariy emas. Shu bilan birga, real ssenariyni tasavvur qilish qiyin.

Qolaversa, bu masalalarni muhokama qilish Armanistonning o‘zida ham keskin reaksiya keltirib chiqarishi aniq. Hozircha Pashinyan Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini tan oldi, ammo bu shunchaki quruq gap. Bu hech qanday oqibatlarga olib kelmadi. Ammo, masalan, o‘n minglab odamlar xavf ostida qolgani uchun Qorabog‘dan Armanistonga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lsa, bu butunlay boshqa masala bo‘ladi.

Tinchlik shartnomasi imzolash uchun yana bir muhim masala – chegarani delimitatsiya qilishdir. Ushbu masala, jumladan, anklavlar masalasi ham tinchlik shartnomasiga kiritilishi kerak. Ozarboyjon hozir buyruq berayotgani va shu bilan birga shoshayotganini hisobga olsak, Boku hech bo‘lmaganda shu yil oxirigacha shartnomani imzolamoqchi bo‘lsa kerak. Ko‘rinib turibdiki, garchi uni jurnalistlardan hech biri hali o‘qimagan bo‘lsa-da, hujjat allaqachon mavjud. Hozir barcha munozaralar, aftidan, aniq so‘zlar va formulalar atrofida ketmoqda. Ammo bu yerda alohida so‘zlar ham juda muhim, chunki har bir vergul keyinroq turlicha talqin qilinadi.

Shuningdek, ushbu shartnomaga muvofiqlikni kuzatib boruvchi kafillar ham muhimdir. Armanlar tez-tez so‘ramoqda: agar shartnoma imzolansa va Ozarboyjon unga rioya qilmasa nima bo‘ladi? Buning uchun javobgarlikni kim o‘z zimmasiga oladi? Agar ushbu hujjat Fransiya, Germaniya va, ehtimol, Rossiya tomonidan tasdiqlansa yaxshi bo‘lardi.

Armaniston Ukraina bilan bir xil darajada dunyo e’tiboriga ega bo‘lishni va qo‘llab-quvvatlanishini juda xohlaydi. Lekin, qo‘rqamanki, buning iloji yo‘q.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston chegarasi yana notinch
13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari tunda chegaradagi mamlakat qurolli kuchlari pozitsiyalari va aholi punktlarini o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top