O‘zbekiston | 21:50 / 22.01.2026
1830
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Davosda bir qator davlatlar va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Davlat rahbari Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va boshqalar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 yanvar kuni Shveytsariyaning Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimi doirasida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashdi.

Yetakchilar do‘stona ruhda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Ko‘p tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev AQSh “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi.

Ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. “Blackrock” kompaniyasining mamlakatimizdagi ustuvor loyihalarda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi.

Ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Bankning O‘zbekiston bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega, investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetdi. 2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi. Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga o‘qitish bo‘yicha dasturlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid