O‘zbekiston | 09:54 / 03.08.2023
53154
15 daqiqa o‘qiladi

Ingliz tili o‘qituvchilari sertifikatlari to‘satdan bekor qilinmoqda: vazirlik yana ogohlantirmasdan nayrang boshladimi?

Ingliz tili o‘qituvchilari tahririyatga murojaat qilishdi. O‘qituvchilar jam bo‘lgan Telegram-guruhda ularning hasratidan o‘t chiqmoqda...

Foto: Getty Images

O‘qituvchilar sarosimada. Ularni eshitib, nima istayotganini tushunib, vaziyatni chetdan kuzatayotgan odam sifatida miyamda faqat bir fikr g‘ujg‘on aylana boshladi: vazirliklar nega o‘qituvchilarni bunchalik yomon ko‘radi va nega ularni odam o‘rnida ko‘rmaydi?

Keling, gap nimadaligi haqida bir boshidan hikoya qilib beray.

Prezidentning 2022 yil 11 maydagi «2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–134-sonli farmoniga ko‘ra, xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.

Avvalgi vazir Baxtiyor Saidov va moliya vazirligi tomonidan 2022 yil 29 iyulida Xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar ro‘yxati ham tasdiqlangan edi.

Vazirliklarning qo‘shma qarori / Kun.uz

Bu qo‘shma qarorning 3-ilovasida ingliz tili bo‘yicha 13 ta xalqaro sertifikat ro‘yxati keltirilgan.

Vazirliklar qo‘shma qarorida o‘tgan yili ingliz tili bo‘yicha tasdiqlagan xalqaro sertifikatlar ro‘yxati.

Ingliz tili o‘qituvchilari maoshiga ustama olish uchun til bilish darajasini aniqlab beruvchi xalqaro sertifikatlarning ikkitasi 1 avgustdan e’tiboran Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma qarori bilan bekor qilinibdi. Qaror 28 iyul kuni imzolangan bo‘lsa ham, u 31 iyul kuni ommaga oshkor qilingan.

Ya’ni oradan bir yil o‘tib, xalqaro sertifikatlar orasida British Council APTIS va Linguaskill kabilari bekor qilinmoqda. Xalqaro tan olingan sertifikatlar soni 11 taga tushirilgan.

Vazirliklarning joriy yil 28 iyuldagi qo‘shma qarorida ingliz tili bo‘yicha tasdiqlagan xalqaro sertifikatlar ro‘yxati.

Mazkur sertifikatlarni 31 iyulgacha qo‘lga kiritgan o‘qituvchilarga 3 yil davomida maoshiga 50 foizlik ustama to‘lanadi. 1 avgustdan keyin sertifikat bekor qilingan — test muvaffaqiyatli topshirilib, sertifikat olingan taqdirda ham maoshga ustama berilmaydi. Test o‘tkazuvchi ta’lim tashkiloti bu bizga bog‘liq bo‘lmagan holat, deb test imtihonlari topshirish uchun 750 ming so‘m pul to‘lab qo‘yganlarning pullari ham qaytarib berilmasligini bildiribdi.

«Qizig‘i — test o‘tkazuvchi assessment.uz xususiy tashkilot ekanligi, bu haqda xabari yo‘qligini aytib, biz test o‘tkazib beramiz, u tomoni bilan ishimiz yo‘q, deb pulni qaytarmasliklarini aytishdi», — deb yozadi o‘qituvchilardan biri.

Assessment.uz aloqa markazidagi operatorlardan biri o‘qituvchilardan biriga quyidagi ko‘rinishda yozma javob bergan:

«Biz bu borada siz kabi rasmiy ma’lumotdan emas, internetdagi e’lonlar orqali 31 iyul kuni xabar topdik. Bu qaror davlatning mas’ul vazirliklari: Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan qabul qilingan.

Biz xususiy tashkilotmiz, bizning asosiy faoliyatimiz test sinovlarini tashkil etish va biz bunday qarorlarni chiqarish huquqiga ega emasmiz.

Bizda o‘tkaziladigan imtihonlar faqat maoshga ustama haq olish uchun o‘tkazilmaydi. Oliygohlarga kirish, xorijiy davlatlarga ketish va hokazolar uchun topshiriladigan imtihonlarimiz ham bor — ro‘yxat uzun. Pul qaytarilmaydi, qaytariladigan holatlar ro‘yxati ommaviy ofertada ko‘rsatilgan. Ommaviy oferta shaxsiy kabinetingizga joylashtirilgan. Imtihonlar belgilangan kun va vaqtda o‘tkaziladi, bemalol kelib, topshirishlaringiz mumkin», — degan operator o‘z javobida.

Ya’ni APTIS testiga to‘lov qilgan o‘qituvchilar test imtihonlariga kirishlari mumkin, ammo testdan muvaffaqiyatli o‘tilgandan so‘ng beriladigan sertifikat tan olinmaydi, tabiiyki, bunday muammoga duch kelgan ingliz tili o‘qituvchilari maoshiga 50 foizlik ustamadan ham quruq qolishadi.

Keyinroq Assessment.uz tashkiloti murojaatlardan keyin Aptis’ga to‘lov qilganlarning 50 foiz pulini qaytarib berib, TOEFL ITP bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun 10 foizlik chegirma e’lon qilibdi. Ammo Aptis’ga tayyorgarlik ko‘rgan o‘qituvchilar TOEFL uchun ham kamida bir oy tayyorgarlik ko‘rish kerakligi, uning tuzilishi, imtihon savollarini ko‘rib chiqishi uchun vaqt talab qilinishini aytishmoqda.

Sizda «bor-yo‘g‘i 2 ta sertifikat bekor bo‘lyapti ekan, qolganlari turibdi-ku, boshqasiga topshirishsa bo‘lmaydimi?» degan savol tug‘ilishi mumkin.

Avvalo o‘qituvchilar yoz bo‘yi mana shu test imtihonlariga tayyorlanishgan. Repetitorlarga borishgan, o‘quv adabiyotlari sotib olishgan. Ikkinchidan, bu sertifikatlar to‘lovi qolganlarga nisbatan arzonroq — 750 ming so‘m. Qolgan sertifikatlarni qo‘lga kiritish uchun o‘qituvchilar kamida bir oylik maoshidan voz kechishi kerak.

Ro‘yxatda qoldirilgan til sertifikatlarining narxi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faqat 2 avgust kuni tungi soat 22:23 ga kelib Telegramdagi rasmiy kanalida rasmiy bayonot berdi.

Ro‘yxatdan chiqarilayotgan sertifikatlar bilan bog‘liq vaziyatni vazirlik quyidagicha tushuntirgan:

«Vakolatli tashkilotlar tomonidan ro‘yxatdan chiqarilgan sertifikatlarni o‘rganish natijasida quyidagilar aniqlangan: 

  • Sertifikatlarni berishda onlayn nazorat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, ya’ni bir shaxs o‘rniga boshqasi kirib topshirib chiqish holatlari mavjudligi;
  • Ba’zi sertifikatlarning haqqoniyligini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
  • Sertifikatlarning haqqoniyligi tekshirilganda test topshiruvchining shaxsini aniqlash imkoniyati mavjud emasligi;
  • Ayrim sertifikatlarni berish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida axborot xavfsizligi talablariga to‘liq javob bermaganligi, test savollari doimiy takrorlanishi.

Ammo o‘qituvchilar fikricha, arzonligi tufayli hamma ustamaga ega bo‘lish uchun ushbu sertifikatni qo‘lga kiritishga harakat qilayotgani vazirlikka yoqmagan.

«Hukumat ingliz tili ustozlarida sertifikat bo‘lishi shart degan talabni qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Hamma ustozlar o‘zi uchun qulay bo‘lgan sertifikatni qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik ko‘rib, uni olishga harakat qilishyapti.

Sertifikatlarning turi ko‘p. Ko‘pchilik ustozlar «APTIS for teachers» imtihoni uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Shu qatori men ham. Lekin hukumat hech qanday ogohlantirishsiz bu sertifikatni ustama beradigan sertifikatlar qatoridan olib tashlagan. Biz to‘lagan pulimizni qaytarib olaylik, desak iloji yo‘q ekan. Endi uni topshirib, yaxshi natija ko‘rsatgani bilan ustoz uchun hech qanday foydasi yo‘q. Olib tashlanganining asosiy sababi shuki — ustama olayotgan ustozlarning 50 foizdan ko‘pida aynan shu sertifikat bor. Shuning uchun atayin qilishgan», — dedi o‘qituvchilardan biri.

Vazirlik taxmin qilinganidek, turli vaj-korsonlarni keltirgan, arzon sertifikat bilan ustama turli qing‘ir yo‘llar bilan qo‘lga kiritilayotgani kabi. Davlat budjetiga ustama to‘lash og‘irlik qilayotgani haqida hech narsa demagan. «Biz mana shunday fikrdamiz» qabilida ish ko‘rmasdan, o‘sha qing‘irliklarni amalda ko‘rsatib, isbotlab berishsin edi unda. Avvalroqdan e’lon qilib, ogohlantirib borishlari kerak emasmidi?!

O‘qituvchilar nima deydi?

«APTIS shu kungacha o‘tkazib kelingan. Biz istaymizki, registratsiya qilib pul to‘laganlarning oladigan sertifikatlari tan olinsin. Chunki bizga ogohlantirish berilmadi. «Falon kundan boshlab APTIS o‘tmaydi», deyilmadi. Bo‘lmasa biz ro‘yxatdan o‘tmasdik, tayyorlanmas edik bu imtihon uchun. Bizda boshqa chora ham yo‘q edi, qolgan imtihonlar qimmat va vaqti to‘g‘ri kelmaydi». (Malika).

«Hech bo‘lmaganda avgust-sentabr oyi sertifikatlari o‘tsin! Pulni qaytarish yechim emas. Muddatini cho‘zdirish kerak». (Sohiba).

«Men universitetni yaqinda bitirib, setifikatsiz ishga qabul bo‘lmaslik qarorini bilgan holda, IELTS to‘loviga imkonim yo‘qligi uchun ishga kirib, keyin topshirishni niyat qilgandim. Multilevel sertifikati registratsiyasi yopiqligi uchun men APTIS for teachers sertifikatini tanladim. Chunki bu sertifikatning javobi boshqalariga qaraganda javobi tezroq chiqadi.

Linguaskill va boshqalarining soxtalari ko‘p, hisobga o‘tmaydi, deyishgani uchun tanlamagandim. APTIS’ga tayyorlanib endi bilimimizni sinaymiz, deganimizda bu sertifikat bekor qilindi.

Iltimos qilib qolamiz: 1 avgustdan emas, 1 sentabrdan bu qaror kuchga kirishini. Keyin albatta ishlab, mablag‘ yig‘ib IELTS’ga topshiramiz. APTIS for teachers sertifikati uchun avgust oyida registratsiya qilgan ustozlarimizning imtihon natijalari avgust oyida hisobga olinishini, yangi o‘zgarish sentabrdan kuchga kirishini so‘raymiz». (Xursanoy).

«Asosiy maqsad — O‘zbekistondagi barcha o‘qituvchilarida sertifikatni majburiy qilishni 2025 yildan bekor qilishsin. Ustama olmoqchi bo‘lgan harakat qilsin, majburiy bo‘lmasin. Sabab sertifikat olaman deb repetitorga qatnab ishga ko‘ngil qo‘yib bo‘lmaydi. Agar stajga qarab ustama to‘lashadigan bo‘lsa, unga rozimiz.

APTIS sertifikat olish uchun repetitorga qatnab, qarz bo‘lib, to‘lov qilganlarning pulini qaytarishsin, chunki o‘qituvchilar o‘zi arzimagan maoshga ishlashmoqda. Misol uchun, men o‘g‘il uylashim, kontrakt to‘lashim kerak, bolalarimga uy-joy qilishim kerak. Repetitorga qatnab, sertifikat olishga ortiqcha mablag‘im yo‘q.

Bozorga chiqish, boshqa kasb qilish oliy ma’lumotli o‘qituvchi odamning qo‘lidan kelmaydi. Hozir faqat APTIS tiklansin, desalaring vaqtincha bekor bo‘lib bo‘ldi. Undan ko‘ra, pullarni qaytarishsin. 4 yil o‘qib olganmiz diplomni axir.

Butun O‘zbekistonda 2025 yildan sertifikat olmasa ingliz tili o‘qituvchilarining taqdiri nima bo‘ladi? Qaysi sertifikat ko‘p olinsa sekin-asta bekor bo‘lyapti. Hamma sertifikatga o‘zining kitobini o‘qib tayyorlanish kerak axir. Umuman, yozda ham dam olmadik. Yo‘q bo‘lsin sertifikat». (Durdonaxon).

«Shu sertifikat deb yoshi katta ustozlarning yelkasi qisilib qoldi, yosh o‘qituvchilar yoshi ulug‘ ustozlarni mensimay qolishdi. Bir parcha qog‘oz inson qadrini belgilab qoldi.

To‘g‘ri, yoshi ulug‘ ustozlarning boshida ming tashvish bilan bilimi yetmayotgandir, lekin o‘z o‘quvchilari, nevarasi tengilar uning shuncha yillik mehnatini bir tiyinga olmay qo‘yishdi. Sababi — ular ingliz tilini «zo‘r» bilishadi. Boshqasi-chi?! Tarbiya, o‘zbek tilimiz, tariximiz va boshqa qadriyatlarimiz-chi?! Umuman olganda, hayotimiz faqat shu sertifikatga bog‘liqmi?

Ustozlarning sha’nini ko‘tarmoqchi ekanmiz, ularning mehnati, sog‘lig‘i, vaqtini qadrlaylik». (Gulmira Ashurova)

Guvohi bo‘lib turibsizki, sertifikat uchun tayyorlanib, to‘lov qilib qo‘ygan o‘qituvchilar hech qursa avgust oyida ham sertifikat uchun imtihon topshirish uchun izn berilishini talab qilishmoqda. Chindan ham shunisi adolatli bo‘ladi. Har qanday keskin qaror imi-jimida emas, bir-bir yarim oy avval ogohlantirib e’lon qilinishi kerak-ku? Tayyorgarlik ko‘rgan, to‘lov qilgan o‘qituvchilarning rejasini chippakka chiqarmasdan?

Yoki o‘sha British Council APTIS va Linguaskill sertifikatlarining barchasi birato‘la bekor qilinsin. Bu qanday adolat bo‘ldiki, bir kun avval olganniki hisobga o‘tadi-yu, ertasi kuni topshirishga izn yo‘q? 1 avgust qanaqa sehrli sana bo‘ldi?!

Sodir bo‘layotgan vaziyat va bildirilayotgan noroziliklardan kelib chiqib, qarorni qabul qilgan vazirliklar oldiga konkret savollar qo‘yamiz:

1. Nega sertifikatlar bekor qilinishi to‘g‘risida o‘qituvchilar ertaroq ogohlantirilmadi?

2. To‘lov qilib qo‘ygan o‘qituvchilar qo‘lga kiritgan sertifikatlarning tan olish muddati cho‘zib beriladimi yoki yo‘q? Cho‘zib berilmasa nima sababdan?

O‘ylaymizki, ushbu savollarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunda belgilangan muddat — 1 hafta ichida aniq va tushunarli munosabat bildirishadi.

Umuman olganda, sobiq xalq ta’limi vazirligi, endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yozgi ta’til davomida birinchi marta o‘qituvchilarni dovdiratib qo‘yadigan qaror chiqarayotgani yo‘q. Birgina maktab formasini majburiy joriy etish talabini qo‘yib, keyin uni bekor qilishganini eslashning o‘zi kifoya.

O‘tgan yili vazirlik minglab o‘qituvchilarning oyligini salkam 1 mln so‘mga kamaytiradigan qaror tayyorlagandi. 15 yildan ortiq stajga ega o‘qituvchilarning oliy toifasi o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan bekor qilinib, ular oddiy mutaxassis darajasiga tushirib qo‘yilgan, keyinroq noroziliklardan so‘ng bu talab bekor qilingan edi.

Keyin 2022 yil sentabr oyida rus tili o‘qituvchilarining xalqaro tan olingan TRKI ІІІ S1 sertifikat egalariga attestatsiyadan o‘tish jarayonida 80 ballik imtiyoz berilishi bekor qilingan edi.

Qani, ko‘ramiz, doim shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan qarorlari oqibatida o‘qituvchilarga yon berib kelgan vazirlik bu safar ham o‘qituvchilar tarafga o‘tar ekanmi?

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid