Aslida, farzandlarimiz qo‘shimcha darslar olayotgani juda ham yaxshi. Ammo bu holning maktabdagi ta’lim, ota-onalarning iqtisodiy ahvoli va davlatning ijtimoiy holatiga uzoq muddatli ta’sirlarini o‘rganib chiqsak, anchagina salbiy.

Keling, buni boshidan kechirgan Janubiy Koreya misolida ko‘rib chiqsak.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2009 yil holatiga ko‘ra koreys boshlang‘ich maktablaridagi 87 foiz o‘quvchi, o‘rta sinf o‘quvchilarining 74 foizi hamda yuqori sinf o‘quvchilarining 62,8 foizi qo‘shimcha pulli darslarga qatnagan. Buning oqibatida ota-onalar oila budjetining 20 foizini bolalarning qo‘shimcha darslariga sarflashga majbur bo‘lgan.

Vaziyat shu darajaga yetganki, agar kimdir o‘z farzandini o‘quv kurslariga bermasa, u bemehr, e’tiborsiz sifatida qaralib, yon atrofidagi qo‘shnilar va qarindoshlar tomonidan tanqidlarga uchray boshlagan.

Oqibatda, o‘rtahol oilalarning iqtisodiy ahvoli juda ham abgor holatga kelib qolgan. Bunday oilalar farzandlarining kurslarda qatnashishini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha ishlar qilishga, yaqinlaridan qarz bo‘lishga majbur bo‘lgan.

Yillar o‘tib ota-onasining yoki tanishlarining qiynalayotganini ko‘rgan turmush qurish arafasida bo‘lgan koreys yoshlari oila qurishni kechiktira boshlashgan. Turmush qurgan taqdirda ham farzandli bo‘lish haqida juda ham chuqur o‘ylashadigan bo‘lishdi. Alaloqibat, shu davrdan boshlab Janubiy Koreyada tug‘ilish soni keskin kamaya boshlagan. Hozirgi kunga kelib Janubiy Koreya aholisi kamayayotgan davlatlar qatoriga kirib qoldi.

Xo‘sh, nega bolalar pulli kurslarga borishga majbur bo‘ldi?

Eng katta sabab — Janubiy Koreyada o‘quvchilar faqatgina bir marta imtihon topshiradi va bu ularning bir umrlik taqdirini hal qiladi. Ya’ni siz to‘plagan ballingizga qarab, universitet tanlay olasiz. Agar past ball olsangiz siz top universitetda o‘qish imkoniyatini bir umrga yo‘qotasiz. Shuning uchun koreys o‘quvchilari yoshligidanoq o‘sha imtihonga tayyorgarlik ko‘rishadi.

Bunday kuchli bosim o‘quvchilarning maktab darslarini chetga surib o‘quv kursidagi darslarni bajarishga ko‘proq e’tibor berishga majbur qila boshladi. Darsda o‘tilgan mavzuni qo‘shimcha kursda o‘rgangan o‘quvchilar dars davomida e’tiborsiz o‘tirishni boshlashdi. Oqibatda, maktab darslarining sifati tushib ketdi. Maktablarda o‘qituvchilarning obro‘yi o‘quv kursidagi o‘qituvchilardan pastroq darajaga tushdi.

Koreya hukumati yoshlar pulli kurslarga qatnashishi oqibatida katta muammolarga duch kela boshladi. Birinchidan o‘rta sinf xarajatlari ortdi, bu qatlamdagi ko‘pchilik quyi qatlamga tushib ketdi va banklardan qarzdor bo‘lib qoldi.