Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tverdagi aviahalokat joyidan kadrlar va Baxmutdagi minomyotchilar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 546-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Tver oblastida Yevgeniy Prigojinga tegishli biznes-jyet halokatga uchradi. Bortda bo‘lgan o‘n kishining barchasi halok bo‘lgan. Rosaviatsiya «Vagner» XHK rahbari ham samolyot bortida bo‘lganini bildirgan.
- Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblastidagi Rabotine qishlog‘i ozod etilganini e’lon qildi.
- Ukraina QK aviabazasiga rossiyaliklarning Mi-8 vertolyoti qo‘ndi. «Ukrainskaya pravda»ning tasdiqlashicha, uning piloti razvedka tomonidan og‘dirib olingan.
- Reuters: Rossiya aviakompaniyalari sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda samolyotlar uchun bir milliard dollardan ortiq qiymatdagi ehtiyot qismlarni qo‘lga kiritgan.
- Ukraina razvedkasi Qrimda portlash oqibatida Rossiyaning S-400 kompleksi yo‘q qilingani haqida ma’lum qildi.
- Sumi oblastida dron zarbasi oqibatida maktab xodimlari bo‘lgan to‘rt kishi halok bo‘ldi.
- Moskva-Sitidagi binolardan biriga dron kelib urildi. RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, yana ikkita dron Moskva oblasti hududida urib tushirilgan.
- RIA Novosti ma’lumotiga ko‘ra, Sergey Surovikin o‘rniga Viktor Afzalov RF havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni etib tayinlangan.
Putin Haaga sudi orderi tufayli BRICS sammitida videoaloqa orqali qatnashdi
Iyul oyida Vladimir Putin JARdagi BRICS sammitida shaxsan ishtirok etishdan bosh tortgandi, chunki Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi uni hibsga olishga order bergandi, JAR esa ushbu sud qarorlarini bajarish majburiyatini olgan. Natijada Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rahbarlik qildi. Putin ham 22 avgust kungi Yohannesburg sammitida ishtirok etdi — videoaloqa orqali. Kreml pulidagi jurnalistlarning xabar berishicha, prezidentning biznes-forumdagi murojaati o‘zgartirilgan ovoz bilan berilgan. Nega bunday bo‘lgani ma’lum emas.
Yevgeniy Prigojinning o‘ldirilishi
24 avgust tongiga kelib ham Yevgeniy Prigojinning o‘limi to‘g‘risida rasmiy ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga BBC rus xizmatining olti nafar suhbatdoshi Tver oblastida qulab tushgan samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida qayd etilgan «Vagner» XHK rahbarining o‘limini «u yoki bu ko‘rinishda» tasdiqlagan. 23 avgust kuni kechqurun Prigojin va vagnerchilar komandiri Dmitriy Utkinning o‘limi haqida «Vagner» XHKga yaqin bo‘lgan Grey Zone telegram-kanali hamda Kreml ta’siridagi «Tsargrad» telekanali xabar bergandi. Prigojinga tegishli bo‘lgan Embraer Legacy 600 samolyoti halokatga uchragan joyda o‘n kishi jasadi qoldiqlari aniqlangan.
Tergov qo‘mitasining G‘arbiy mintaqalararo tergov boshqarmasidagi manba «Kommersant»ga ma’lum qilishicha, hozircha terakt haqida ish ochish uchun hech qanday asoslar yo‘q. Samolyot qulaganidan keyin RF Tergov qo‘mitasi harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish (RF JK 263-modda) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. RBK nashrining huquq-tartibot organlaridagi manbasi tergovchilar barcha ehtimoliy versiyalarni, jumladan, «uchuvchining xatosi, texnik nosozlik va tashqi ta’sir» omillarini ham ko‘rib chiqayotgani haqida aytgan. G‘arblik mulozimlardan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan Financial Times nashriga, undagi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Rossiyaning zenit-raketa tizimi orqali urib tushirilgani haqida aytgan. U bu ma’lumotni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan.
Rossiya nashrlarida tarqalgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Prigojinga tegishli samolyotda portlovchi qurilma shassi bo‘lmasiga o‘rnatilgan bo‘lgani versiyasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Aynan shassi hududida osmonda portlash ro‘y bergan va buning natijasida samolyotning qanoti uzilib ketgan va uning parchalari quyruqdagi stabilizatorga borib urilgan. Buning natijasida biznes-jyet keskin balandab, so‘ngra aylanganicha yerga qulab tushgan.
@grey_zone / Telegram / AFP / Scanpix / LETA



Olga Malseva / AFP / Scanpix / LETA


Moskva-Sitida yana dron portlashi
23 avgustga o‘tar kechasi Moskva-Sitidagi binolarning yana biriga dron kelib urildi. Shahar meri Sergey Sobyaninning xabar berishicha, «atrofdagi ikkita besh qavatli binolarning ham derazalari to‘kilib ketgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Yetkazilgan zarar ko‘lami hisoblab chiqilmoqda.
Baxmut yaqinidagi ukrainalik minomyotchilar
Diego Herrera Carcedo / Anadolu Agency / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Mavzuga oid
22:56
Zelenskiy Putinga o‘lim tilayotganiga ishora qildi va Rossiyani «xudosizlik»da aybladi
16:37
Rossiya uchun diversiya tayyorlaganlikda ayblanayotgan ukrainalik Germaniyaga topshirildi
15:58
«Otuvga yoki hibsga tayyorman». NYT Kremlning urushga qarshi bo‘lgan mulozimi haqida
15:32