O‘zbekiston | 13:59 / 18.12.2025
2737
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahriga kirish joylarida avtoturargohlar quriladi

Kelasi yili Toshkent shahriga kirib kelish nuqtalarida kamida 9 mingta avtomobilga mo‘ljallangan turargohlar quriladi, 2 ta post shahar tashqarisiga ko‘chiriladi, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev. Bu avtoturargohlar jamoat transporti bilan bog‘lanadi: poytaxtga kelayotganlar agar xohlasa mashinasini shaharga kirishda qoldirib, jamoat transportiga chiqishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahrini rivojlantirish masalalari yuzasidan 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi transport tizimi haqida ham so‘z yuritdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelasi yili shaharga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.

Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar istasa, avtomobilini shaharga kirishda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni ta’mirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tunnel barpo etish topshirildi.

Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi ham qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshida Toshkent shahrida transport boshqaruvini takomillashtirish va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha prezident qarori imzolangan edi.

Unga ko‘ra, yirik megapolislar kabi Toshkentda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Mavzuga oid