O‘zbekiston | 13:35 / 03.09.2017
265958
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni imzolandi: 5 sentabrdan O‘zbekiston banklarida valyuta erkin sotila boshlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentabr kuni «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177-sonli farmonni imzoladi.

Farmon matniga ko‘ra, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga binoan, shuningdek, valyutaga oid tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, ichki va tashqi bozorlarda milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, respublikada investitsion iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida qabul qilinmoqda.

Farmonga ko‘ra 2017 yilning 5 sentabridan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari joriy xalqaro operatsiyalar (tovarlar, mehnatlar va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni so‘ndirish, safar xarajatlarini to‘lash va boshqa savdoga oid bo‘lmagan o‘tkazmalar) bo‘yicha xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy shaxslari — rezidentlari tijorat banklarining konversion bo‘limlarida xorijiy valyutani erkin sotish va xarid qilishlari mumkin. Bunda o‘rnatilgan qoidaga ko‘ra, sotib olingan mablag‘lar xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazib beriladi va undan xorijda hech qanday cheklovlarsiz foydalanish mumkin bo‘ladi.

Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, lekin xorijdan iste'mol tovarlari importi bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlarga valyutani jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda xarid qilishga ruxsat beriladi.

Mulkchilik shaklidan qat'i nazar, eksport bilan shug‘ullanuvchilarning xorijiy valyutadan tushumini majburiy sotish talabi bekor qilinadi.

Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar, shuningdek, xorijiy valyutada daromadga ega bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga o‘zlarining bankdagi hisobvarag‘idan naqd valyuta yechib olishiga ruxsat beriladi.

Farmonga ko‘ra, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi tartib o‘rnatiladi:

- tovarlar (ish va xizmatlar) uchun xorijiy valyutada to‘lov qilish taqiqlanadi, xalqaro amaliyotga mos ravishda xalqaro to‘lov kartalari bilan amalga oshiriladigan to‘lovlar bundan mustasno;

- tovarlar, ish va xizmat uchun narxlar va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning nizom jamg‘armasiga minimal talablar faqat milliy valyutada ko‘rsatiladi;

- davlat bojlari, yig‘im va boshqa majburiy to‘lovlar faqat milliy valyutada amalga oshiriladi, konsullik yig‘imlari bundan mustasno.

Shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra:

- xorijiy valyutada kreditlar berish va uni so‘ndirish shartlari tijorat banklari tomonidan, o‘zlarining kredit siyosati va tomonlarning kelishuviga ko‘ra mustaqil ishlab chiqiladi;

- banklarning xorijiy valyutaning oldi-sotdisi bilan bog‘liq risklari ishbilarmonlik riskiga tenglashtiriladi va ularni boshqarish tijorat bankining o‘z ixtiyorida bo‘ladi;

- xorijiy valyutani xarid qilish va sotishda komission mukofotlanish miqdori tijorat banklari tomonidan mustaqil o‘rnatiladi;

- tijorat banklariga xorijiy valyutada operatsiyalar o‘tkazish uchun litsenziya berish amaliyoti bekor qilinadi. Tijorat banklari xorijiy valyutalar bilan operatsiyalarni bank faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshiradi.

Mavzuga oid