Jamiyat | 13:59 / 14.02.2022
8762
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablardagi kadrlar xizmati xodimlariga 16 milliard so‘m kam oylik to‘langan

Adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda maktablardagi «kadrchilar»ga 16 mlrd so‘m kam oylik to‘langani aniqlanib, ko‘rilgan choralar natijasida shundan 3 mlrd so‘mi to‘lab berilgan.

Adliya vazirligi tizimidagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan respublikadagi 9 ming 758ta umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi kadrlar xizmati xodimlariga oylik maosh to‘lash amaliyoti o‘rganib chiqilgan.

O‘rganishda 9 ming 787ta kadrlar xizmati xodimlari shtat birliklarida ishlayotgan 9 ming 937 nafar (0,5 stavka ham qo‘shib hisoblaganda) xodimlar maoshlari qamrab olingan bo‘lib, ularning 911 nafari oliy ma’lumotli, 9 ming 26 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan mutaxassislar ekani aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 743-son qaroriga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobiga saqlanadigan tashkilotlarda oliy ma’lumotli xodimlarning lavozim razryadlari – 7-razryad, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xodimlarning lavozim razryadlari – 6-razryad etib belgilangan bo‘lsa-da, o‘rganish davomida aksariyat tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan maktablardagi kadrlar bo‘limi xodimlarining mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari past belgilangani ma’lum bo‘lgan.

Xususan, 160ta holatda 2-razryad, 1 ming 353ta holatda 3-razryad, 48ta holatda 4-razryad, 4 mingta holatda 5-razryad, 4 ming 160ta holatda 6-razryad va 216ta holatda 7-razryad etib belgilangan.

Xodimlarning mehnatga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlari asossiz pasaytirilishi natijasida jami 16 mlrd so‘mga oylik maoshlar kam to‘langan.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirgacha adliya bo‘limlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 3 mlrd so‘m to‘lab berilgan va qolgan qismini ham undirish choralari ko‘rilmoqda.

«Qonunchilikka zid ravishda kam ish haqi to‘lash holatlari yuzasidan hududiy adliya organlari tomonidan 1 ming 832ta ta’sir choralari kiritilib, unga ko‘ra 6 ming 38 nafar xodimning lavozim razryadini muvofiqlashtirish so‘ralgan.

Hozirda hududiy adliya organlari tomonidan sudlarga tegishli da’vo arizalari kiritilib, kam hisoblangan oylik maoshlarini to‘latib berish choralari ko‘rilmoqda», – deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 1 oktyabrdan respublikaning barcha hududida Adliya vazirligi tizimida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, markazlar tuman (shahar) miqyosidagi davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов

Mavzuga oid