Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maxsus reportaj: ID-karta qanday olinadi?
2021 yil 4 yanvardan e'tiboran O‘zbekistonda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida ID-kartalar berilishi boshlandi. Uning narxi BHMning 89 foizini tashkil etadi. Bu haqda Kun.uz tahririyati bir necha bor maqolalar va reportajlar ham e'lon qildi. Yaqinda Kun.uz muxbiri fuqarolik biometrik pasportini ID-kartaga almashtirish jarayoniga oydinlik kiritish maqsadida maxsus videolavha ham tayyorladi. Quyida u bilan tanishishingiz mumkin.
ID-karta olishni rejalashtirayotgan fuqarolarga shuni alohida qayd etish lozimki, qonunchilikka binoan fuqaro bosh kiyimida, xususan ro‘molda rasmga tusha olmaydi. Biroq, e'tiqodi talabi bo‘yicha ro‘mol o‘rangan ayol tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilganda unga ayol xodim xizmat ko‘rsatishini so‘rashi mumkin. Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishlaricha, bu holatda, bo‘limda ayol xodim taqdim etish imkoniyati mavjud bo‘lsa, ro‘molli fuqarolarga aynan ayol xodim xizmat ko‘rsatadi.
Mavzuga doir:
Avval xabar qilinganidek, ID-kartalari belgilangan hujjatlar qabul qilib olingandan so‘ng, 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi. Shu o‘rinda, bir jihatni alohida uqtirish kerak, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ID-karta olish uchun murojaat qilganlarida mas'ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda ID-kartasi rasmiylashtiriladi va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolariga ID-kartasi 10 yil muddatga taqdim etiladi. Fuqaroligi bo‘lmagan va xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ID-karta besh yil muddatga rasmiylashtiriladi.
2011 yilgi namunadagi biometrik pasportlarni ID-kartalarga almashtirish 2030 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladi. 2031 yil 1 yanvaridan 2011 yildagi biometrik pasportlar amal qilishi to‘xtatiladi.
O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, prezident tomonidan 2020 yil sentyabrda imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, mamlakatda biometrik pasportlarni ID-kartalarga bosqichma-bosqich almashtirish amaliyoti belgilandi.
Farmon asosida, mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti o‘rniga 2021 yildan boshlab identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimi joriy etildi.
E'tiborli tomoni, identifikatsiya ID-kartasining blankasida egasining millati haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatilmasligi belgilandi, bu haqdagi ma'lumot ID-karta chipiga kiritiladigan bo‘ldi.
Fuqaro o‘z ID-kartasini olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmagan, yaroqsiz holga keltirgan va yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, ma'muriy javobgarlikka tortilmasligi qayd etildi.
Mavzuga oid
14:41 / 31.12.2025
Aktyor Jorj Kluni va uning oilasi Fransiya fuqaroligini oldi
19:55 / 26.12.2025
O‘zbekistonda ID-kartani qanday olish mumkin?
18:34 / 12.09.2025
Rossiyada Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga fuqarolik berishni to‘xtatish taklif etildi
09:16 / 26.06.2025