Jamiyat | 09:59 / 29.07.2017
14800
13 daqiqa o‘qiladi

Maddoh jurnalistga o‘n bir taklif. To‘rtinchi maqola

Nima qilmoq kerak?

Odamzod bor ekan, ushbu savolga javob axtarilgan. Ayniqsa, kuchli bo‘hronlar va o‘tish davrlarida bu savol alohida dolzarblik kasb etgan. Biz ham tub burilish ostonasida, jamiyatimiz va davlatimiz hayotida hal qiluvchi bosqichda turib, bundan buyog‘iga qanday yo‘l tutish va nima qilmoq kerakligini aniq belgilab olmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. 

Jumladan, jurnalistikamiz rivoji yo‘lida amalga oshiradigan ishlarimizni aniqlab, reja tuzib, shu asosda harakat qilishimiz zarur. Bu xususda ayrim mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Chunki maqola tanqid, tahlil va taklif triadasidan iborat bo‘lishli lozimligidan xabardorman.

Birinchi navbatda OAV ishlariga, tahririyatlar faoliyatiga chetdan, xoh u yuqoridan bo‘lsa, xoh pastdan, aralashishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Qo‘ying, ular qonun doirasida ishlayversin.

Ikkinchi masala. Gazeta bosh muharrirlarini muassis va jamoaning o‘zi tanlasin. U katta yoshdagi taniqli shoir yoki yozuvchi bo‘lishi shart emas. Shuni tushunish vaqti keldiki, poeziya yoki proza va jurnalistika bir narsa, ya'ni bir xil ijodiy faoliyat turi emas. Balki bundan 40–50 yillar avval jurnalistlar uncha ko‘p bo‘lmagan paytda o‘z ijodi bilan tanilgan shoir va yozuvchilar bosh muharrirlikka tavsiya etilgandir? Bu o‘sha vaqtda o‘zini oqlagandir ham.

Sho‘rolar zamonida vazifasi targ‘ibotchi va tashkilotchi sifatida talqin etilgan matbuot tegishli partiya tashkilotining qaramog‘ida edi. Bosh muharrir va tahririyatga muntazam ko‘rsatma berib turilardi. Bosh muharrir shoirmi, yozuvchimi farqi yo‘q edi: savodli odam bo‘lsa, partiya qo‘ygan vazifalarni vaqtida bajarsa, shu yetarli edi. Lekin endi zamon o‘zgardi, jurnalistika mezonlari o‘zgardi, OAVga bo‘lgan talab hozir o‘tgan asrdagiga nisbatan umuman boshqacha. Endilikda nafaqat OAVning rahbari, balki har bir xodimi ham zamonaviy jurnalistika talablaridan xabardor bo‘lishi lozim.

Uchinchi masala. Hozirgi paytda ommaviy axborot vositalari tizimida og‘ir vaziyat vujudga kelgan. Masalan, ertaga davlatimiz rahbari «bo‘ldi, bas, endi hech kim tashqaridan jurnalistlar ishiga aralashmasin, ularga mustaqil ishlashga imkon beraylik» desa, nima, vaziyat birdaniga yaxshi tomonga o‘zgaradimi? Yo‘q, albatta! Yillar davomida o‘zini o‘zi senzura qilib kelganlardan, vahimayu hadiksirash bilan yashaganlardan yangicha, zamonaviy ish tartibiga o‘tishni kutish juda og‘ir. Bizga yangicha fikrlaydigan, jurnalistika vazifasini jahon standartlariga mos tushunadigan yoshlar kerak. Bundaylar hozir ham bor. Faqat ularga yo‘l berish lozim. Yangilarini tayyorlash uchun xalqaro ekspertlar yordamida seminar va treninglar tashkil etish zarur.

Ishni ko‘p yillar davomida o‘tirib qolgan va o‘zini OAVga mutasaddi deb tushunadigan amaldorlardan hamda gazeta, jurnal, radio va TVda bosh muharrir vazifasida bo‘lib, haqiqiy ijoddan uzoqlashgan, o‘zini to‘ralarcha tutadiganlar xizmatidan voz kechishdan boshlash kerak.

To‘rtinchi masala. Jurnalistikamiz rivoju ravnaqiga bag‘ishlangan nashr zarurligi yaqqol bilinib turibdi. Yig‘ilib qolgan dolzarb muammolarni muhokama etish, sohaning jahon talablari darajasiga ko‘tarish, eng asosiysi, aholimiz ishonchini qozonish uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarni yoritib borish uchun ham gazeta yoki jurnal kerak. Yaqinda shu haqda kasbdoshlar orasida fikr bildirganimda, ulardan biri «Hurriyat» gazetasi bor-ku, yana yangi nashrning, ortiqcha dahmazaning kimga keragi bor, deb qoldi.

Darhaqiqat, mustaqil gazeta nomiga ega bo‘lgan «Hurriyat» bundan 20 yil avval ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni, jurnalistika muammolarini, sud-huquq mavzusini muntazam yoritib, mushtariylar og‘ziga tushgan edi. Deyarli har bir sonida sohaning u yoki bu tomoniga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar berib borilardi. Keyingi yillarda bu gazetaning boshqa «otaxon» (yoki «onaxon?») sheriklaridan farqi qolmadi.

Shu sababli ushbu mustaqil nashr amalda mustaqil bo‘lib, jurnalistika muammolarini ochiq muhokama qila boshlasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aks holda, bu vazifani bajarish uchun yangi nashrga asos solish zarur.

Beshinchi masala. Jurnalistlarning amalda mustaqil professional tashkiloti kerak. Uning atrofida jonkuyar kasbdoshlarimiz yig‘ilsa, shu yo‘l bilan OAV kengliklaridagi tarqoqlikka barham berilgan bo‘larmidi? Sohadagi barcha muammolar avval tashkilot ichida mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilsa, so‘ngra mustaqil nashr orqali kasbdoshlar va keng jamoatchilik muhokamasiga tashlansa, umumiy ahvol yaxshi tomonga o‘zgararmidi?

Tashkilotga, uning rahbariyati tarkibiga mutaxassisligi yurist bo‘lib, ayni paytda jurnalist yoki bloger sifatida faoliyat ko‘rsatayotganlarni ham jalb qilish lozim.

Oltinchi masala. Haqqoniy fikr o‘z vaqtida aytilishi kerak. To‘g‘ri so‘z qaysidir katta amaldorga tegib ketishadan qo‘rqib, aytilmasdan qolgan taqdirda, xato-kamchilikning chuqur ildiz otib ketishiga olib keladi. Mana, ikkita misol, o‘zingiz xulosa chiqaring. O‘sha vaqtda Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi bosh direktori vazifasida ishlagan No‘'mon Mahmudov 2004 yilda nashr etilgan «Islom» ensiklopediyasidagi xato va noaniqliklar ko‘rsatilgan maqolasini «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasiga yuboradi. Ancha vaqt davomida javob bo‘lmagach, muallif tahririyatga qo‘ng‘iroq qiladi. Unga xatolar to‘g‘ri ko‘rsatilganligi, ammo kitobning mas'ul kotibi juda yuqorida ishlayotgan amaldor bo‘lgani uchun maqolani chop etishning iloji yo‘qligi ma'lum qilinadi.

Ikkinchi misol. Tarix va adabiyotning bilimdoni samarqandlik jurnalist Mirsharif Xo‘jayev Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan romanni tahlil qilib, undagi jiddiy kamchiliklar ko‘rsatilgan maqolasini «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasiga, undan so‘ng «Sharq yulduzi» jurnaliga taqdim etadi. Tahririyatdagilar maqolani chiqarishdan qo‘rqishadi. «Romandagi kamchiliklardan davlat rahbari xabar topsa, uni mukofotga tavsiya qilganlarning holi nima kechadi», degan mulohaza bilan odamgarchilik qilgan bo‘lishadi o‘zlaricha ular.

Yettinchi masala. Hur fikrli ijodkorlardan qo‘rqmaslik kerak. Aksincha, ulardan, ularning salohiyatidan foydalanish zarur. O‘zim bilgan qator kuchli jurnalistlar ham o‘ziga xos fikrlari bilan, ham kamtarligi va halolligi bilan ajralib turadi. Biz birga xalqaro anjamanlarda qatnashganmiz, o‘zimiz jurnalistlar uchun treninglar tashkil etganmiz. Ular qatorida Karim Bahriyev, Xurshid Do‘stmuhammad, A'lo Xo‘jayev, Yuriy Chernogayev, Abduqayum Yuldashev, Amirqul Karimov hamda yuridik fanlari doktori, professor Gulchehra Matkarimovalarning nomlarini tilga olmoqchi edim. Yana qancha haqiqiy ijodkorlar borki, ular turli jabhalarda mehnat qilishmoqda va umumiy ishimiz rivoji yo‘lida ulardan foydalanish mumkin.

Sakkizinchi masala. Jurnalistlar tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish vaqti kelmadimi? Kamina AQShning uchta universitetida bo‘lib, u yerdagi jurnalistika fakultetlaridagi ahvol bilan tanishganimda asosiy e'tibor amaliyotga qaratilganligining guvohi bo‘lgan edim.

Viloyatlarda OAV rivojlanib bormoqda, lekin jurnalist tayyorlash faqat markazda amalga oshirilmoqda. Joylarda bir yillik kurslar tashkil etishga jiddiy e'tibor qaratmoq zarur. Ha, hozir ham mahorat maktablari ishlab turibdi. Ammo ulardagi mashg‘ulotlar saviyasi qanday. Buni kim o‘rganmoqda, tahlil qilmoqda?

To‘qqizinchi masala. OAV xodimlarining huquq-tartibot organlari, jumladan sud tizimi vakillari bilan hamkorligi o‘ta muhimdir. Sudyalarning OAV qonunchiligi bilan yaqindan tanishib, uni chuqur o‘zlashtirishi kelgusida haqqoniy so‘zi uchun tazyiqqa uchragan jurnalistning ishini adolat yuzasidan ko‘rib chiqishga asos bo‘ladi. Bu masalaning faqat bir tomoni. OAV bilan yaqin hamkorlik sudlar uchun ham zarur. Aslida ular ham jurnalistlar kabi haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishadi. Ularning jamiyatda obro‘-e'tiborini oshirish uchun amalga oshirayotgan ishlarini haqqoniy yoritishga bog‘likligini ular bilib olishlari kerak.

Sudlar faoliyatining shaffof bo‘lishi xalqaro hujjatlarda ham ta'kidlangan. Jumladan, «Sudyalar xulq-atvoriga oid Bangalor prinsiplari»ning 3.2 bandida «Faqatgina odil sudlovni amalga oshirish yetarli bo‘lmasdan, buni jamiyat uchun ochiq amalga oshirish lozim» ekanligi qayd etib o‘tilgan.

Mavjud qonunchilik doirasida sudlar va jurnalistlar hamkorligini yo‘lga qo‘yish nafaqat har ikki tomonga, balki butun jamiyatimizga foyda keltiradi. Kelgusida OAV xodimlari va sud tizimining o‘zaro hamkorligi haqida alohida material tayyorlash niyatim bor.

O‘ninchi masala. Gazetalar sifatini tubdan yaxshilash, ularning o‘qishli bo‘lishi uchun majburiy obunaga barham berish lozim. Shunda mazmun uchun nashrlar o‘rtasida raqobat vujudga keladi va har bir tahririyatning gazeta saviyasini ko‘tarishdan boshqa iloji qolmaydi.

O‘n birinchi masala. Qator xalqaro tashkilotlar yordamida jurnalistlar uchun eng dolzarb mavzularda seminarlar, treninglar o‘tkazib, jurnalistikaning jahon tan olgan talablarini, standartlarini o‘zimizda kengroq joriy qilinishiga erishish muhim vazifalardandir. Alohida bosh muharrirlar bilan, yangilik yozadigan jurnalistlar bilan, matbuot kotiblari bilan, jurnalistik tekshiruv olib boruvchi OAV xodimlari bilan, shuningdek, «Huquq-tartibot organlari bilan jurnalistlarning samarali hamkorligi», «Korrupsiyaga qarshi kurashishda OAVning roli» kabi mavzularda treninglar o‘tkazishni taklif qilgan bo‘lardim.

Bu ishda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Konrad Adenauer fondi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Sloveniyaning «Mintaqaviy muloqot» kabi xalqaro tashkilotlar hamda AQSh va bir qator xorijiy mamlakatlarning elchixonalari yordamiga tayanish mumkin.

Ushbu taklifni bildirishga asosim bor, deb hisoblayman. Chunki o‘zim ham 1995–2006 yillarda xalqaro tashkilotlar uyushtirgan seminar, trening va anjumanlardan naq 100 dan ko‘prog‘ida qatnashganman. Anjumanlarda chiqishlar ham qilganman. Masalan, YeXHTning 2000 yilda Dushanbe shahrida tashkil etilgan xalqaro anjumanida «OAVning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi roli» mavzusida, 2002 yil Toshkentda «Ommaviy axborot vositalari va korrupsiya» mavzusida o‘tkazilgan anjumanda ham ma'ruza qilgan edim.

YeXHT Akademiyasining jurnalistlar uchun trener tayyorlash bir yillik kursini tugatganim, Germaniya, AQShda malaka oshirib kelganligim jurnalistika oldida turgan vazifalarni ma'lum darajada o‘rganishimga yordam berdi. Shu tufayli «Amerika jurnalist nigohida», «Matbuot va demokratiya», «Erkin fikr parvozi» risolalarim dunyoga keldi.

Maqolam cho‘zilib ketgan bo‘lsa uzr. Hali yana aytadigan gaplarim bisyor. Ayrim narsalar haqida ochiq gapirmadim. Vaqti kelar, jonkuyar jurnalistlar, OAV muammolaridan xabardor bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan yuristlar ishtirokida bahs-munozaralar tashkil etilar, balki.

Shuncha gapdan xulosa shuki, mamlakatimizning bundan keyingi hayotida maddoh jurnalistlar va lattachaynar amaldorlarga o‘rin bo‘lmasligi lozim. Noloyiq to‘rayu to‘rachalarning mansab kursisiga o‘tirmasligi, u yerga chiqib olganlarini joyiga solish o‘tyurak, qonun bilan himoyalangan jurnalistlarga ham bog‘liq.

Yozganlarim kimgadir tegib ketgan bo‘lishi mumkin. Shundaylar bo‘lsa, xafagarchilikni yig‘ishtirib qo‘yib, u yoki bu yerda, orqavorotdan gap-so‘z qilib yurmasdan, ochiq munozaraga chiqishlarini taklif qilaman. Biz, jurnalistlar, o‘zimiz o‘zgara boshlaganimizni, bahs-munozara madaniyatidan xabardorligimizni, hayotimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni hal etishda ana shunday yo‘l tutish lozimligini aholiga ko‘rsataylik.

Toshpo‘lat RAHMATULLAYeV.

Mavzuga oid