Jahon | 00:02 / 22.12.2024
22453
7 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»

Bugun yana Suriya haqida gaplashamiz. Ushbu mamlakatdagi voqealar hali uzoq vaqt dunyo hamjamiyati diqqat markazida bo‘ladi. Kuni kecha Suriyada ag‘darilgan diktator Bashar Asadning eng yaqin ittifoqchisi, unga Moskvada siyosiy boshpana bergan Vladimir Putin arab davlatidagi voqealar haqida gapirdi.

Bilasiz, tovarish Putin yil oxirida pryamaya liniya nomli savol-javob formatidagi uchrashuvda qatnashib, rossiyaliklar savollariga javob berishni, ularga Ronald Reygan kabi latifalar aytib berishni yaxshi ko‘radi. Uch yildan buyon eng yaqin qo‘shnisiga qarshi «Donbassni qutqarish operatsiyasida» qatnashayotgani ham Putinga bu uchrashuvni o‘tkazishiga xalaqit berolmaydi.

Biz Vladimir Vladimirovichning bu galgi chiqishini ham avvalgilari kabi diqqat bilan kuzatdik. Butun dunyo taqdiri shu inson qo‘lida desak, juda bo‘rttirgan bo‘lamiz, lekin hozir mana shu odamning miyasida yomonroq xayol paydo bo‘lib, hech kim istamaydigan mash’um qarorni qabul qilsa, sayyoramizning taqdiriga havas qilib bo‘lmaydi. Shu uchun biz Putinning boshida qanday fikrlar aylanayotganini bilishga imkon beradigan har qanday chiqishlarini o‘tkazib yubormaymiz.

Suriya haqida

Moskvadagi jonli efirda qatnashgan amerikalik jurnalist Putindan Suriyadagi voqealarni izohlashni so‘radi va baloga qoldi. Putin avvaliga anglosakslarga bo‘lgan nafratini mana shu «sho‘ring qurg‘ur amriqolikka» sochib oldi va keyin savolga javob berdi. Butun bashariyat ko‘z o‘ngida sharmandasi chiqqan Bashar Asadni 10 yil davomida qo‘llab kelgan Putinning aytishicha, G‘arb Suriyadagi voqealar fonida Rossiyani mag‘lubdek ko‘rsatishga urinmoqda, lekin bunday emas ekan.

«Biz Suriyada terroristik davlat tuzilishini istamagandik va bu maqsadimizga erishdik. Hozir u yerdagi guruhlar o‘zgargan. Agar ular terrorchi bo‘lsa, siz nega ular bilan muzokara o‘tkazib yuribsiz? Bizni Suriyada mag‘lub bo‘lgandek ko‘rsatish shart emas. U yerda qo‘shnimiz yo‘q edi, faqat ikkita harbiy bazamiz bo‘lgan. Ayni damda Suriyadagi guruhlar bazalarimiz u yerda qolishini istayotgani haqida signallar berishyapti», dedi Putin.

Rossiya prezidenti savolga javob berarkan Suriyadagi hukumatni Asad rejimi deb atadi. Bu kutilmagan gap deyish mumkin, chunki Putin Asadning eng yaqin ittifoqchisi. Boshqa tomondan Putin Asadni har qanaqa nom bilan atay oladi. Asad Suriyadagi uchrashuvlardan birida Putinning soqchilari tomonidan tintib ko‘rilgani u Rossiya prezidenti uchun qanchalik mayda odam ekanidan dalolat.

Putin ham Suriya hukumat kuchlari isyonchilar hujumi vaqtida deyarli qarshiliksiz qochib ketganiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, Suriyada hukumat kuchlari qulay boshlagach Rossiya Xmeymim aviabazasi orqali 4 ming nafar Eron qo‘llovidagi guruh harbiylarini Tehronga evakuatsiya qilib berganini aytdi. Putinga ko‘ra, qolgan Eron ta’siridagi guruhlar Livan va Iroqqa qochgan.

Putinning Suriyadagi holat haqida aytgan eng muhim gapi esa Isroilga bog‘liq bo‘ldi: «Suriyadagi voqealar asosiy benefitsiari, menimcha, baribir Isroil», dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning bu harakatlariga har qanday baho berish mumkin va Rossiya Suriya yerlarining egallab olinishiga qarshi. O‘z navbatida Putin Isroil hududda o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq harakatlarni olib borayotganini ham unutmaslik kerakligini ta’kidladi.

«Jo‘lan tepaliklarida mudofaa chizig‘i bor. Isroil u yerda 63 km gacha odimladi, ichkariga 25 kmgacha kirib bordi. U yerlarda sobiq ittifoq vaqtida qilingan juda jiddiy istehkomlar bor», deb qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.

Nega Isroil eslanmoqda?

Suriyada 10 kun ichida hukumat qulagani fonida bu voqealar ortida Isroil turibdi degan gaplarga tez-tez duch kelyapmiz. Oddiy odamlar emas, butun boshli ekspertlar, hatto o‘zbek blogerlar bu haqda gapirmoqda. Xo‘sh, nega Suriya haqida gapirganda Isroil nomi tilga olinyapti? Qo‘limizda Isroilning bu ishlarga qanday aloqasi borligi haqida isbotimiz yo‘q, lekin ba’zi mulohazalarni bildirish mumkin.

Eng avvalo Isroil Eronni kuchsizlantirib tashladi. Isroilga qarshi urush ochgan HAMAS, Hizbulloh, Ansarulloh harakatlari ortida Eron turadi. Isroil ularga bir yil davomida hujum qildi. Bu Eronga harbiy va iqtisodiy jihatdan jiddiy zarba bo‘ldi. Bundan tashqari, Tehronda HAMAS lideri Ismoil Haniyani o‘ldirgan Isroil Eronning obro‘sini ham to‘kdi. Barcha omillar birlashib Eronning reputatsiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Suriyada Asad rejimiga qarshi urushga tayyorlanib bu uchun payt poylayotgan, Turkiya zimdan qo‘llaydigan guruhlar esa Eronga ortiqcha baho berilganini ko‘rib hujumga o‘tdi. Natija esa hammaga ma’lum — Suriya armiyasi mamlakat prezidentini himoya qilishni istamay, qochdi.

Yana bir jihat. Suriyada Hizbullohning ko‘p sonli harbiylari, bundan tashqari, Putin aytgan ko‘p miqdordagi Eron qo‘llovidagi guruhlar Asad rejimini himoya qilib turardi. Hizbullohni Isroil yo‘q qildi hisob, shu uchun ular Erondan Livanga qurol olib o‘tishdagi asosiy koridor shahar Xomsni ham himoya qila olishmadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Isroil o‘z harakatlari bilan Hay’at Tahrir ash Shom kabi guruhlarga Bashar Asad ishonayotgan Eron mintaqada ortiq katta kuchga ega emas degan signal berdi. Boshqa ittifoqchi Rossiya esa Ukrainada o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan. Mantiqan olib qaraganda, Asadni ag‘darish uchun bundan qulay fursat yo‘q edi. Chunki uning rejimi qo‘rquv va zulm evazigagina mavjud bo‘lib turgandi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid