O‘zbekiston | 07:47 / 27.08.2018
2873
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Foto: iStock

O‘zbekistonda “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamg‘arma va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek, madaniyat va san'at sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqadi va kiritadi. Qonun loyihasida boshqalar qatorida quyidagilar nazarda tutiladi:

madaniyat va san'at muassasalariga, shu jumladan jismoniy shaxslarga yordam ko‘rsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslar yaratish;

soliq imtiyozlari (chegirmalar) olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va san'at muassasalarini qo‘llab-quvvatlash shakllarini va uslublarini kengaytirish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, mol-mulk huquqini berish va hokazo);

madaniyat va san'at muassasalarini jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy uslublarini joriy etish;

metsenatlik va homiylik yordamini olayotganlarning hisob berish tizimini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni takomillashtirish.

Mavzuga oid