Ishsiz aholi qanday holatda kasb-hunarga o‘qitiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yil 14 oktabr kuni “Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida o‘qishga qabul qilish, kasb-hunarga o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorni chiqardi.
Qaror ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga qayta tayyorlashni samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 10 apreldagi 199-son qaroriga muvofiq chiqarildi.
Qayd etilishicha, mazkur Nizom ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markazlarida ishsiz va band bo‘lmagan aholini o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta'minlash to‘grisida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e'tirof etilgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish quyidagi holatlarda amalga oshirilishi mumkin, agar:
ishsiz shaxs zarur kasb malakasiga ega bo‘lmaganligi tufayli unga maqbul keladigan ish tanlash mumkin bo‘lmasa;
ishsiz shaxsning kasb ko‘nikmalariga mos keladigan ish yo‘qligi sababli uning kasbini (mutaxassisligini, mashg‘ulot turini) o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
ishsiz shaxs avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa.
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq kasbga tayyorlash, malaka oshirish yoki qayta tayyorlash davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni mehnat stajiga qo‘shish fuqarolarga (ishsizlarga) davlat tomonidan moddiy yordam berishga oid kafolatlar hisoblanadi.
Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida fuqarolarga qonun hujjatlariga muvofiq stipendiya to‘lanadi.
Mazkur Nizom talablari O‘quv markazi tomonidan to‘lov asosida tashkil etiladigan qisqa muddatli o‘quv kurslariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘quv markaziga ishga joylashtirish bo‘yicha ish beruvchi, bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazlari va ishga joylashish xohishini bildirgan shaxs o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma hamda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi Markaz yo‘llanmalari mavjud bo‘lgan ishga joylashtirishga muhtoj ishsiz va band bo‘lmagan aholi, shu jumladan kasb-hunar kollejlarini va akademik litseylarni bitirgan doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslar o‘qishga qabul qilinadi.
O‘quv markazida o‘qishga qabul qilishni tashkil etish o‘qish boshlanishidan kamida yetmish kun oldin O‘quv markazi direktori tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar yoki Toshkent shahri Bandlik bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy markaziga qabul qilish rejasi asosida amalga oshiriladi.
Qabul rejasida o‘qishga hujjatlarni qabul qilish boshlanadigan kun va kasb yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotasi ko‘rsatiladi.
Qabul rejasi asosida O‘quv markazi tomonidan o‘qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt, qayta tayyorlash kasblari ro‘yxati, qayta tayyorlash kasblari bo‘yicha kirish imtihonlari uchun test savollari tuziladigan fanlar ro‘yxati, O‘quv markazining manzili va murojaat uchun telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma'lumotlar o‘qish boshlanishidan kamida oltmish besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘quv markazining rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinadi.
Mazkur e'lon O‘quv markazi tomonidan fuqarolar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyga osib qo‘yiladi. O‘qishga qabul qilishni tashkil etish uchun O‘quv markazi direktorining buyrug‘i bilan kamida besh kishidan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Bunda O‘quv markazining Marketing va ishga joylashtirish monitoringi sho‘'basi mudiri ishchi guruh rahbari hisoblanadi.
Nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish o‘qish boshlanishidan oltmish kun oldin boshlanadi va o‘ttiz kun davom etadi.
Nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda ariza;
pasport nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida pasportning asli ko‘rsatiladi);
ma'lumotini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (diplom yoki attestat);
sog‘lig‘i to‘g‘risida ma'lumotnoma (086 - shakl);
ishga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma nusxasi;
Bandlikka ko‘maklashish tuman (shahar) markazi tomonidan berilgan yo‘llanma;
3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.
Nomzodlardan mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Hujjatlarni topshirgan shaxsga ularning qabul qilib olinganligi haqida tilxat beriladi. Hujjatlarni qabul qilishda nomzodlarni ro‘yxatga olish kitobiga nomzod test sinovlarini topshiradigan til qayd etiladi.
Nomzodlarning hujjatlari saqlanishi uchun ishchi guruh rahbari mas'ul hisoblanadi.
O‘qishga qabul qilish uchun hujjatlar qabul qilinadigan vaqt mobaynida hujjat topshirgan nomzodlar soni kasb yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan qabul kvotasidan oshgan taqdirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha nomzodlar uchun kirish imtihonlari o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari o‘qitishning navbatdagi bosqichi boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin boshlanadi va har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida kunda o‘tkaziladi. Kirish imtihonlarini o‘tkazish jadvallari komissiya tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
Kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadigan kunlar, kasblar haqidagi ma'lumotlar O‘quv markazining e'lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi va bir vaqtning o‘zida uning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.
Kirish imtihonlaridan oldin nomzodlar ishchi guruh tomonidan belgilangan kunlarda O‘quv markazi binosida o‘tkaziladigan maslahat mashg‘ulotlarida ishtirok etishlari mumkin.
Kirish imtihonlari test shaklida o‘tkaziladi. Nomzodga test sinovini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
O‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar haqidagi ma'lumot buyruq chiqarilgan kundan boshlab uch kun mobaynida O‘quv markazi tomonidan yo‘llanma bergan tegishli markaziga yuboriladi.
Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish mintaqaviy marqazlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi to‘g‘risida nizomga ko‘ra, o‘qitish kunduzgi o‘qish shaklida amalga oshiriladi.
O‘qish jarayoni 40 haftadan iborat bo‘lib, 2 ta semestrga bo‘linadi. Bunda har bir semestr 12 haftadan, ishlab chiqarish amaliyoti 15 hafta va yakuniy malaka imtihoni 1 hafta etib belgilanadi. O‘quv markazi o‘quvchilarining umumiy haftalik yuklamalari 38 soatni tashkil etadi. Barcha o‘quv mashgulotlari uchun ikki akademik o‘quv soati davomiyligi 80 daqiqa etib belgilanadi.
Mavzuga oid
12:22 / 23.12.2024
Kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilish yo‘lga qo‘yiladi
11:18 / 27.11.2024
Milliy simfonik orkestri xodimlari maoshi oshiriladi
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
14:10 / 02.10.2024