O‘zbekiston | 12:03 / 25.04.2020
21890
4 daqiqa o‘qiladi

Ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar kuchaytiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Amaldagi “Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganiga yigirma yildan ortiq vaqt o‘tdi. Undagi qoidalar eskirib, bugungi kun talabiga javob bermay qoldi.

Ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan moddama-modda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasining asosiy jihatlari shundaki, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi xususiyatga ega bo‘lib, 3 ta qonun, davlat rahbarining 12 ta farmon va qarori hamda Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, mehnat migratsiyasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan 40 dan ortiq me'yoriy hujjatlarida ko‘zda tutilgan huquqiy normalarni o‘zida jamlagan.

19 ta bob, 129 ta moddadan iborat Qonun loyihasida bandlik sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, yo‘nalishlari va vositalari aniq ochib berilmoqda. Mehnat organlarining aholini ish bilan ta'minlash sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda.

Loyiha bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar kuchaytirilmoqda. Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarda bayon qilinmoqda.

Alohida yangi moddalarda bandlikni ta'minlashda xususiy bandlik agentliklari ishtiroki, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni rag‘batlantirish, jamoat ishlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, mikrokreditlash dasturlarini moliyalashtirish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armalari mablag‘laridan samarali foydalanish tartiblari belgilab berilgan.

Shuningdek, ishsiz shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlari kuchaytirilmoqda. Xususan, band bo‘lmagan aholini hisobga olish, ro‘yxatdan o‘tkazish, eng muhimi va e'tiborli jihati faol ish qidirayotgan ishsizlarga nafaqa tayinlash va to‘lash shartlari batafsil ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Ta'kidlanganidek, qonun loyihasi bilan mehnat bozori va bandlik, mehnat resurslari balansi, tashkil etilayotgan ish o‘rinlari haqidagi xolis, muntazam yangilab boriladigan ma'lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan, ish beruvchilar va xodimlarga mehnat munosabatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, ishga joylashishning shaxsga doir tarixi, bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari, xodimlarning son va sifat tarkibi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni shakllantirish hamda saqlash uchun elektron axborot tizimi — «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan beriladigan moliyaviy yordam - subsidiyalar, ajratiladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslar – grantlarning kimlar va nima maqsadlarda berilishiga oid normalar alohida moddalarda belgilab berilmoqda.

Onlayn muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Mavzuga oid