Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tinchlik kengashi: ilk a’zolarning motivlari nimada?
AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif etilgan Tinchlik kengashiga hozirgacha 19 mamlakat rasman qo‘shildi. Shundan 12 tasi aholisining asosiy qismini musulmonlar tashkil qiluvchi mamlakatlardir. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, bu – ular ushbu kengashga Yaqin Sharqda qariyb 80 yildan buyon davom etayotgan mojaro barham topishiga yechim sifatida qarashayotgani, Isroilning Falastin va boshqa hududlarga tajovuzkorligini tiyib turish uchun musulmon dunyosi pozitsiyasini Trampga yetkazishni, kengash tarkibida bo‘lgan holda Isroilga ta’sir qilishni istashayotgani bilan bog‘liq.
Shvetsariyaning Davos shaharchasida har yilgi Xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda. Biroq bu safargi forumning eng asosiy intrigasi – AQSh prezidenti Trampning ishtiroki va uning nutqi bo‘ldi. Sababi Tramp o‘z nutqida Grenlandiya, Rossiya-Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat va boshqa global masalalar haqida gapirishi kutilayotgan edi. Tramp Davos forumidan keyin, o‘zining asosiy maqsadiga o‘tdi: «Tinchlik kengashi»ni rasmiy imzolash marosimini boshladi.
Aytish kerakki, bu «Tinchlik kengashi» Nizomini imzolash marosimi oldindan, misol uchun, haftalar yoki oylar oldin e’lon qilinmagan edi. Unga taklif qilingan davlatlar ham taklifni bir necha kun oldin olishgani ma’lum bo‘ldi.
«Tinchlik kengashi» – o‘tgan 2025 yilda G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish va G‘azoni tiklashga qaratilgan loyiha edi. Shuning uchun «Tinchlik kengashini», «lokal va vaqtinchalik loyiha sifatida» BMT ham qo‘llab-quvvatlagan edi.
Biroq keyingi oylarda ushbu «Tinchlik kengashi»ning Nizomi Tramp tarafidan yashirincha ishlangan va OAVga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu Kengash nafaqat Yaqin Sharqda, G‘azoda, balki butun dunyoda muddatsiz faoliyat olib borish niyatida. Boshqacha qilib aytganda, «Tinchlik kengashi» de-fakto BMTni o‘rnini egallamoqchi, BMTni ma’lum darajada chetga surib qo‘yish niyatida.
«Tinchlik kengashi – butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga intiluvchi, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklashga hamda ziddiyatlar, to‘qnashuvlarga yuz tutgan mintaqalarda mustahkam tinchlikni o‘rnatishga harakat qiluvchi halqaro tashkilot bo‘ladi», deyiladi.
«Tinchlik kengashi»ning doimiy raisi – Trampning o‘zi bo‘ladi. Tramp, bir vaqtning o‘zida Kengash raisi hamda AQShning kengashdagi asosiy vakili hisoblanadi. Ma’lum bo‘ladiki, Trampning prezidentlik muddati tugaganidan keyin ham, u Kengash raisi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirish niyatida. Kengashning ikkita instituti bo‘lishi aytiladi. Ijroiya Kengashida, Trampning imzosi bilan, hozircha to‘rt shaxs tasdiqlangani ma’lum, bular: Marko Rubio (AQSh davlat kotibi), Stiv Uitkoff (AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha doimiy vakili), Jared Kushner (Trampning kuyovi) va Toni Bleyr (Angliyaning sobiq bosh vaziri).
Nizomga ko‘ra, kamida uchta davlat bu nizomni tasdiqlasa, Kengash tuzilgan hisoblanadi. Tramp tomonidan 49 davlatga taklifnoma jo‘natilgan. Lekin Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan Kengash Nizomini imzolash marosimida, 19 davlat rahbarlari va oliy darajali vakillar ishtirok etishdi.
Nizomni imzolashda ishtirok etgan 19 davlatni bir qancha mezonga ko‘ra tasniflash mumkin. Possovet davlatlaridan, to‘rtta: Ozarboyjon, Armaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston.
Yevropadan bor-yo‘g‘i uchta davlat va ulardan ikkitasi Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zolari: Vengriya, Bolgariya va Kosovo.
Lotin Amerikasidan ikki davlat: Argentina va Paragvay.
Tinchlik Kengashidagi eng yirik hamjamiyat – bu musulmon davlatlari hamjamiyati bo‘ldi: ular 12 davlat – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjondan tashqari, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Arab Amirliklari, Mag‘rib, Iordaniya, Pokiston, Indoneziyalar kirdi.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, asl tarixiy missiyasini «G‘azoda/Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish» deya yuzaga kelgan «Tinchlik kengashi» Nizomini imzolashda Isroil vakillari ishtirok etmadi. Isroil OAVlari Trampning bu loyihasidan, unga taklif qilingan davlatlar soni va dunyoqarashidan juda norozi. Ayniqsa, Turkiya va Qatarning bu kengashga taklif qilinishi Isroil doiralarini jiddiy xavotirga solgan.
To‘g‘ri, bu Kengash qanchalik hayotiy bo‘ladi, qancha vaqt yashay oladi – hozircha tayinli javob yo‘q. Ehtimoli yuqoriki, aslida Trampning o‘zi tomonidan va Trampning siyosiy va boshqa manfaatlarini o‘ylab tuzilgan bu kengash uzoq yashay olmaydi. Biroq bu Kengashga qo‘shilgan davlatlarning hammasining motivlari, manfaatlari har xil. Bu davlatlarning hammasini jamlab, «Trampizm tarafdorlari» deyish – vaziyatni mutlaq tushunmaslik hisoblanadi.
Birinchidan, bu kengashga qo‘shilgan musulmon davlatlarining asosiy motivi – Tramp, AQSh orqali Yaqin Sharqdagi vaziyatga ta’sir qilish, Isroilni tiyib turish, G‘azo va Falastin loyihasini tiklash, kuchaytirish hisoblanadi.
Ikkinchidan, post-sovet hududidagi uch respublika, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonning asosiy geosiyosiy liniyasi – ko‘p vektorli va teng vektorli siyosat yuritish. Agar bu davlatlar hozir Trampning taklifiga yo‘q deb javob berishsa – mana shu ko‘p vektorli muvozanatga katta putur yetkazish mumkinligini yaxshi anglashadi.
Bu uch respublika shu paytga qadar «anti-Rossiya», ya’ni aksil-Rossiya bo‘lishmadi, Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham aloqalarni maksimal darajada yuqori ushlab kelishmoqda. Demak bu davlatlar ko‘p vektorli siyosatni tomonlar bilan masofa saqlash formulasi orqali emas, balki tomonlar bilan maksimal ijobiy aloqalarni ushlab turish formulasi orqali amalga oshirishmoqda.
Tramp prezidentligi vakolatining endi bir yili tugadi, hali yana uch yili turibdi. Dunyoda noaniqlik va turbulentlik davrida, davlatlar muvozanat izlamoqda. O‘zbekiston ham o‘zining o‘zligi, manfaatlari va qarashlarini, jumladan, Trampning «Tinchlik kengashi» doirasida ham oldinga surish niyatida.
Aholisining katta qismi musulmonlarni tashkil qiladigan 12 mamlakat, xususan O‘zbekistonning ham bu kengashga a’zo bo‘layotgani Yaqin Sharqda qariyb 80 yildan buyon davom etayotgan mojaroning barham topishiga yechim sifatida qarayotgani, Isroilning Falastin va boshqa hududlarga tajovuzkorligini tiyib turish uchun ko‘pchilik bo‘lib musulmon dunyosining pozitsiyasini Amerikaga yetkazish, kengash tarkibida bo‘lib turib Isroilga ta’sir qilish asosiy motivlar hisoblanadi.
Mavzuga oid
17:09
Minneapolisda federal agentlar yana bir kishini otib qo‘ydi
23:57 / 24.01.2026
Tramp Kanadaga 100 foizlik boj kiritish bilan tahdid qildi
15:42 / 24.01.2026
Tramp: AQSh harbiy kemalari Eron tomon yo‘l olmoqda
13:07 / 24.01.2026