O‘zbekiston | 12:15 / 27.12.2021
13363
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining vakolatlari kengayadi

Ayrim davlat OTM to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini mustaqil belgilaydi.

“Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qaror bilan moliyaviy mustaqillik berilayotgan davlat OTM ro‘yxati (35 ta) tasdiqlandi. 

Moliyaviy mustaqil davlat OTMlari 2022 yil 1 yanvardan quyidagilar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qiladi:

  • kontrakt qiymatini, to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
  • mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
  • o‘z hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
  • xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish;
  • bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash;
  • avtotransport vositalarining yo‘l bosish yillik limiti va ularga xizmat ko‘rsatish talablarini belgilash.

Qarorga ko‘ra, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari uchun davlat OTM xarajatlarini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

Mavzuga oid