Jahon | 23:12 / 01.08.2025
25490
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Medvedevning so‘zlaridan keyin ikkita yadroviy suv osti kemasini yuborishni buyurdi

Oq uy rahbari bunday qarorni Medvedevning provakatsion bayonotlaridan keyin, har ehtimolga qarshi qabul qilganini aytdi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning provakatsion bayonotlari tufayli «tegishli hududlarga» ikkita yadroviy suv osti kemasini yuborishni buyurdi. Bu haqda Amerika yetakchisi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Trampning tushuntirishicha, bunday qarorni har ehtimolga qarshi, «agar bu ahmoqona va gijgijlovchi bayonotlar shunchaki oddiy so‘zlar bo‘lib chiqmasa» qabul qilgan.

«So‘zlar katta ahamiyatga ega va ko‘pincha kutilmagan oqibatlarga olib keladi. Umid qilamanki, bu safar shungacha yetib bormaydi», deb yozdi u.

Dmitriy Medvedev AQSh prezidentiga nisbatan ko‘plab bayonotlarni bergan. Ammo Tramp uning aynan qaysi bayonotlariga e’tibor qaratganini aytmadi.

Avvalroq, Tramp va Medvedev ijtimoiy tarmoqlarda tortishib qolgan, Oq uy rahbari Dmitriy Medvedevni «omadsiz» deb atagan, Rossiyaning sobiq prezidenti Trampga yadroviy qurol bilan tahdid qilgan edi.

Mavzuga oid