Jahon | 21:07 / 28.08.2025
7012
2 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar rangi shahardagi havo haroratini oshirishi mumkin – tadqiqot

Quyosh nurini qaytaradigan oq avtomobillardan farqli o‘laroq, qora rangli mashinalar uni yutib, ko‘proq issiqlik chiqaradi.

Foto: AP

Lissabon universiteti olimlari avtomobillar rangi shaharlardagi havo haroratiga ta’sir qilishini aniqladi. Quyosh nurini qaytaradigan oq avtomobillardan farqli o‘laroq, qora rangli mashinalar uni yutib, ko‘proq issiqlik chiqaradi. Shahardagi minglab bunday mashinalar «issiqlik oroli» effektini kuchaytiradi.

Tadqiqotchilar yozning issiq kunida ko‘chada turgan ikkita oq va qora avtomobil atrofidagi havo haroratini taqqosladi. Ma’lum bo‘lishicha, qora avtomobil atrofdagi asfaltga nisbatan havo haroratini 3,8 darajaga ko‘targan, oq avtomobil esa unga deyarli ta’sir qilmagan.

Sababi rangda: oq bo‘yoq quyosh nurini 85 foizgacha qaytaradi, qora bo‘yoq esa bor-yo‘g‘i 10 foizgacha qaytaradi, qolganini yutadi. Mashinaning yupqa metall korpusi tez qiziydi va issiqlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havoga beradi.

Shahar bo‘ylab minglab shunday mashinalar kichik issiqlik manbai vazifasini bajaradi va ularning rangi ko‘chalardagi havo haroratiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shahardagi «issiqlik oroli» effekti nima? Bu shaharlar atrofidagi qishloqlarga qaraganda ancha issiqroq bo‘lgan hodisadir.

Asosiy sabablari:

- asfalt va beton issiqlikni to‘playdi va saqlaydi;

- zich qurilish havoning erkin aylanishiga to‘sqinlik qiladi;

- ishlayotgan avtomobillar, konditsionerlar va sanoat korxonalari ham issiqlik ajratadi;

- ta’sir, ayniqsa, tunda seziladi, shaharlarda harorat qishloq joylariga qaraganda 10 daraja yuqori bo‘lishi mumkin, chunki binolar va yo‘llar kun davomida to‘plangan issiqlikni asta-sekin chiqarib yuboradi.

Aholining katta qismi shaharlarda istiqomat qilishi hisobga olinsa, shahardagi «issiqlik oroli» effekti salomatlik uchun jiddiy muammoga aylanadi, deb ta’kidlamoqda olimlar.

Mavzuga oid