Jamiyat | 22:43 / 23.05.2018
12416
2 daqiqa o‘qiladi

30 yoshli boqimanda o‘g‘il sud orqali ota-onasi uyidan ko‘chishga mahkum qilindi

Nyu-York shtati Oliy sudi 30 yoshli Maykl Rotondoning ota-onasi uyidan ko‘chishi kerakligiga doir hukm chiqardi, unga ko‘ra, o‘g‘il ularning uyida yashash huquqiga ega emas. Ular bir necha yil deganda shu qarorga erishishdi, zero o‘g‘il shu yoshgacha ishlamagan va uy-joy uchun to‘lashdan bosh tortgan.

Mayklning ota-onasi Mark va Kristina o‘g‘liga advokat orqali ko‘chirish to‘g‘risidagi xabar yo‘llab, keyin sudga murojaat qilishgan. Xabarlarda ular o‘g‘liga turar-joy izlash uchun ming dollardan ortiq pul va bir necha bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilishgan. "Hatto sen kabi tajribasizlar uchun ham bo‘sh ish o‘rinlari bor. Ulardan biriga harakat qilib ko‘r - sen ishlashing kerak", - deyiladi xatlardan birida.

Sudda Rotondo ota-onasi bilan gaplashmagan va advokatga ham murojaat qilmay, o‘z manfaatlarini o‘zi himoya qilgan. U 30 daqiqa davomida sudga qonun bo‘yicha ko‘chish uchun olti oylik muddat olishga huquqi borligini isbotlashga uringan. Biroq uning talabi rad etilgan va bunday talablar kamdan-kam holatlardagina, xususan, javobgar davolanish muolajasi yoki maxsus parvarishga muhtoj bo‘lgan holatlardagina bajarilishini aytib izoh berilgan.

Rotondoning so‘zlariga ko‘ra, u shoshilinch ko‘chish niyatida emas va hech bo‘lmaganda o‘ziga bir oy vaqt yutish uchun sud hukmiga qarshi apellyatsiya bermoqchi. 

Mavzuga oid