O‘zbekiston | 19:48 / 08.10.2021
10762
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi - Abdulaziz Komilov

Afg‘oniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi.

7 oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Kabir boshchiligidagi Afg‘oniston rahbariyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston xalqiga gumanitar va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa'y-harakatlar, shuningdek, mamlakatda energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.

«Avvalambor, biz afg‘on birodarlarimizdan kuchli va aniq kafolatlarni oldik. Birinchidan, ular «hech qachon Afg‘oniston zaminidan O‘zbekistonga qandaydir xavf, qandaydir tahdid chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz» degan va'dani berishdi.

Ikkinchidan, kun tartibida ko‘p iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Yaqin orada ishchi guruhlar Termizda yig‘ilishadi va masalalar hal qilinadi. Kelajakda juda ko‘plab loyihalar bor. Shulardan biri temir yo‘l qurilishi - Mozori Sharifdan Kobulgacha, u yerdan Peshovargacha.

Yaqinda O‘zbekistonda o‘tgan xalqaro anjumanda bu masala ham muhokam qilingan, ko‘p davlatlar va xalqaro tashkilotlar buni ma'qullagandi. Ana shu masalalar bo‘yicha fikr almashdik, o‘ylaymizki, kelajakda bu ikki bir-biriga yaqin davlatlar do‘stona aloqalarni yanada kuchaytirib, hamkorlikni yanada rivojlantiradi», degan vazir Bakhtar News Agency tomonidan tarqatilgan videoda.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Yusuf Qobuljonovning telegramdagi kanalida Komilovning toliblar Afg‘onistonda o‘zbek tili rivojlanishiga ham kafolat bergani haqidagi gaplarini keltirgan.

«Afg‘oniston zaminida uzoq vaqtdan buyon istiqomat qilib kelayotgan o‘zbek vatandoshlarimizning tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi», deyiladi iqtibosda. 

Avgust oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda «Tolibon» harakati Afg‘onistonda o‘zbek tilini o‘rganishni maktab dasturidan chiqarib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan, ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu ma'lumot yuzasidan rasmiy bayonot berib, bu haqidagi xabarlar asossiz ekani, «Tolibon» vakili o‘zbek tili, pushtu va dariy tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlagani haqida ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid