Tarixni yangilash imkoniyati – Eron Toshkentda ilk bor mag‘lub etiladimi?
Bugun, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yildagi eng muhim uchrashuvini Eronga qarshi o‘tkazadi. Forslar o‘z tarixida hali O‘zbekistonda mag‘lub bo‘lmagan va milliy jamoamiz bugun bosh murabbiysiz bu noxush an’anaga chek qo‘yishga urinadi. JCh-2026ga chiqish yo‘lidagi eng muhim to‘qnashuv oldidan jamoa yetakchilari Eldor Shomurodov va Sardor Ozmunning o‘zaro «so‘z jangi» 34 ming tomoshabin qarshisida o‘tadigan bugungi o‘yinga intrigani yanada oshirdi.
«Bunyodkor» stadionida anshlag bo‘ladi
JCh-2026 hal qiluvchi 3-saralash bosqich 3-turi doirasidagi O‘zbekiston – Eron uchrashuvi A guruhidagi yaqqol peshqadam nomini aniqlab berish bilan birga raqiblardan birining mundialga chiqish imkoniyatini keskin oshiradi. O‘yinning darajasi juda yuqoriligi sababli chiptalar uchrashuvdan bir kun avval to‘liq sotib bo‘lingani ma’lum qilindi. «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun chiqarilgan chiptalarning ma’lum qismi hattoki, «olib-sotar»larning qo‘liga chiqib, karrasiga qimmat narxda sotilayotgani aytildi. Shunday ekan, 34 ming tomoshabin sig‘imiga ega stadion bugungi o‘yinda muxlislar bilan to‘lib, anshlag bo‘lishi kutilmoqda.
Katanets uchinchi bor kelmadi
Milliy jamoamizda tarkib bo‘yicha muammo bo‘lmasa-da, Toshkentdagi yig‘inda Srechko Katanetsning ishtirok etmagani xavotirga sabab bo‘ladi. Sloveniyalik bosh murabbiy so‘nggi matbuot anjumanida sog‘lig‘i sababli 3-marta ham O‘zbekistonga kela olmasa, bu uning milliy jamoadagi faoliyati yakunlanganini anglatishini aytgan edi. Shunga qaramay, Eron va BAAga qarshi bahslarda jamoani uning yordamchilari tayyorlashi ma’lum qilindi. O‘FA xorijlik murabbiyning keyingi faoliyati bo‘yicha hozircha aniq ma’lumot berganicha yo‘q.
Shomurodov va Ozmun o‘rtasidagi «dahanaki jang»
O‘zbekiston – Eron uchrashuvi oldidan Eldor Shomurodov va Sardor Ozmun o‘rtasidagi o‘zaro «aytishuv» o‘yinga nisbatan qiziqishni yanada oshirmoqda.
Eldor Shomurodov seshanba kungi mashg‘ulot oldidan intervyu berib, «Eronga qarshi uchrashuv Qirg‘izistonga qarshi kechgan o‘yindan ko‘ra oson bo‘ladi», - deya fikr bildirgan edi. O‘yin oldi matbuot anjumanida esa Sardor Ozmun Eldor Shomurodovning so‘zlariga javob qaytardi.
«O‘zbekiston milliy jamoasini hurmat qilamiz. Ularga qarshi ko‘p marotaba o‘ynadik. Bu safargi o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritish juda muhim. Ammo raqibga nisbatan hurmatni saqlagan holda aytaman, O‘zbekiston so‘nggi marta bizga jiddiy chaqiruv tashlab, muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi, 2012 yildan buyon Eronni mag‘lub eta olmayapti», - dedi Eron milliy jamoasi hujumchisi.
12 yildan buyon mag‘lub etilmayotgan raqib
O‘zbekiston milliy jamoasi bugungi kunga qadar Eronga qarshi jami 14ta o‘yin o‘tkazib, forslarni Toshkentda mag‘lub eta olmagan. 14 o‘yindan 10tasida Eron g‘olib bo‘lgan, 3 o‘yinda durang va yana bir bahsda Ulug‘bek Baqoyevning Tehrondagi yagona goli O‘zbekiston milliy jamoasiga bu raqib ustidan qozonilgan yagona g‘alabani keltirgan. To‘plar nisbati 5:18 – forslar foydasiga.
Vakillarimiz Eronga qarshi so‘nggi o‘yinni iyun oyida Tehronda o‘tkazib, JCh-2026 2-saralash doirasida nursiz durang qayd etishgan. Vakillarimiz bugungi bahsda Toshkentdagi noxush an’anaga chek qo‘yib, tarixni yangilash imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston – Eron. O‘zaro o‘yinlar:
11.06.2024. Eron – O‘zbekiston – 0:0
21.11.2023. O‘zbekiston – Eron – 2:2
20.06.2023. O‘zbekiston – Eron – 0:1
20.06.2023. O‘zbekiston – Eron – 0:1
08.10.2020. O‘zbekiston – Eron – 1:2
11.09.2018. O‘zbekiston – Eron – 0:1
19.05.2018. Eron – O‘zbekiston – 1:0
12.06.2017. Eron – O‘zbekiston – 2:0
06.10.2016. O‘zbekiston – Eron – 0:1
11.06.2015. O‘zbekiston – Eron – 0:1
14.11.2012. Eron – O‘zbekiston – 0:1
03.06.2012. O‘zbekiston – Eron – 0:1
05.09.2009. O‘zbekiston – Eron – 0:0
11.07.2007. Eron – O‘zbekiston – 2:1
14.12.1998. O‘zbekiston – Eron – 0:4.
Saralashda mag‘lub bo‘lmayotgan raqiblar
Karlush Keyrushdan keyin Amir G‘olinoiyni milliy jamoa boshqaruviga qaytargan forslar saralash bosqichida yo‘qotishlarsiz davom etmoqda. So‘nggi marta Osiyo kubogi yarimfinalida Qatarga mag‘lub (2:3) bo‘lgan Eron hozirgacha orada faqat O‘zbekiston bilan durang (0:0) qayd etdi, qolgan bahslarda ustunligini ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbekiston milliy jamoasi ham Eron bilan qayd etilgan durangdan tashqari, qolgan o‘yinlarda g‘alabalarni qayd etdi.
O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yini:
26 mart. O‘zbekiston – Hongkong – 3:0
6 iyun. O‘zbekiston – Turkmaniston – 3:1
11 iyun. Eron – O‘zbekiston – 0:0
5 sentabr. O‘zbekiston – KXDR – 1:0
10 sentabr. Qirg‘iziston – O‘zbekiston – 2:3
Eron milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yini:
21 mart. Eron – Turkmaniston – 5:0
6 iyun. Hongkong – Eron – 2:4
11 iyun. Eron – O‘zbekiston – 0:0
5 sentabr. Eron – Qirg‘iziston – 1:0
10 sentabr. BAA – Eron – 0:1
Eron transfer narxi bo‘yicha O‘zbekistonni ortda qoldirmoqda
Transfermarkt portaliga ko‘ra, Eron milliy jamoasining umumiy bahosi 47,75 million yevroni tashkil etayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston milliy jamoasi 38,05 million yevro narxga ega. Forslarning eng qimmatbaho o‘yinchisi Mehdi Toremiy hisoblanadi – 10 mln yevro, mamlakatimizning eng qimmatbaho futbolchisi esa Abbosbek Fayzullayev – 6 million yevro.
Eron milliy jamoasining eng qimmatbaho 3 o‘yinchisi:
1. Mehdi Toremiy (Inter) – 10 mln yevro
2. Sardor Ozmun (Ash-Shabob) – 8 mln yevro
3. Mehdi G‘oyyedi (Ittihod Kalba) – 4 mln yevro
O‘zbekiston milliy jamoasining eng qimmatbaho 3 o‘yinchisi:
1. Abbosbek Fayzullayev (TsSKA) – 6 mln yevro
2. Eldor Shomurodov (Roma) – 5 mln yevro
3. Abduqodir Husanov (Lans) – 5 mln yevro
Anons. JCh-2026 hal qiluvchi saralashi. A guruhi. 3-tur
10 oktyabr (payshanba)
O‘zbekiston – Eron
Toshkent, «Bunyodkor» stadioni.
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translatsiya: Sport
Usmon Ibodov
Mavzuga oid
17:58 / 20.12.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi 2024 yilni 58-o‘rinda yakunladi
21:06 / 28.11.2024
FIFA reytingi. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z o‘rnida qoldi
18:51 / 21.11.2024
Tahlil. Milliy jamoada «3-4-3»ni qanday ishlatyapmiz?
13:11 / 21.11.2024