O‘zbekiston | 21:29 / 26.08.2025
10135
2 daqiqa o‘qiladi

“Koreyaga yuborish bilan bog‘liq barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirildi” - Migratsiya agentligi

Migratsiya agentligi Koreyaga yuborish va’dasi bilan odamlarni aldagan ikki xodimining qo‘lga tushganiga izoh berdi. Agentlikka ko‘ra, oxirgi bir yilda Koreyaga E-9 vizasi uchun hech qanday tanlov o‘tkazilmagan. Ayrim xodimlarning qoidabuzarliklaridan keyin Koreyaga yuborish bilan bog‘liq barcha kadrlar to‘liq o‘zgartirilgani ma’lum qilindi.

Migratsiya agentligi markaziy apparati binosi

Migratsiya agentligi tizimidagi ikki xodim Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan odamlardan pul olgani holatiga agentlik rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati hozircha ikki nafar a’zosi aniqlangan jinoiy guruh o‘tgan yili 80 dan ortiq odamdan jami 700 ming dollardan ziyod pul olganini xabar qilgandi

Migratsiya agentligi bayonotida aytilishicha, agentlik 2024 yil oktyabrida qayta tashkil etilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga o‘tkazilganidan to bugungi kungacha Koreyaga E-9 vizasi uchun hech qanday tanlovlar o‘tkazilmagan.

“Ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklardan keyin, Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seuldagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirildi”, – deyiladi xabarda.

Tashkilot o‘z kasbiga xiyonat qilib, fuqarolarning ishonchi va haq-huquqlarini suiiste’mol qilgan shaxslarning harakatlarini keskin qoralashini bildirgan.

“Agar faoliyatimiz bilan bog‘liq shubhali holatlar yoki qoidabuzarliklarga guvoh bo‘lsangiz, Migratsiya agentligining Komplayens xizmatiga darhol, 71–202–44–11 telefon orqali yoki 12-82 qisqa raqam orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Davlat xavfsizlik xizmati avvalroq bergan xabarga ko‘ra, Migratsiya agentligining Namangan viloyatidagi bosh mutaxassisi odamlarning ishonchiga kirib, Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 41 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Keyinroq bu pulning bir qismi agentlik markaziy apparati xodimiga yetib borgan va u ham jinoyat ustida ushlangan.

Ikki xodim o‘tgan yili 80 dan ortiq odamdan 700 ming dollardan ortiq pul olib, ularni sarson qilib yurgani aytilmoqda. Hozirda jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid