Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“ZAMON TEXTILE” – andijonlik 24 yoshli tadbirkorning baquvvat eksportchi korxonasi haqida
Bundan 6 yil oldin 2016 yili 6 nafar ishchi bilan ish boshlagan Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi “Oliy Standart tex” korxonasi ishchilar soni to 150 nafarga yetgunga qadar faoliyatini xonadonda davom ettirgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarga qaratgan e’tiborlari natijasida korxonaga bo‘sh turgan bino nol qiymatida berildi. Qulayliklar jamiyatning faoliyatini yanada kengaytirib yubordi.
Avvaliga qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonga eksport qilgan bo‘lsa, ayni paytda “Zamon textile” brendi ostidagi mahsulotlar Rossiya, Belorussiya, Ukraina davlatlariga eksport qilinmoqda.




Korxona bugun o‘zining zamonaviy ko‘rinishdagi ma’muriy va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binolar majmuasiga ega. Mijozlar uchun mahsulotlar ko‘rgazmasi va shartnomalar uchun muhtasham zal bunyod etilgan. Ishchi-xodimlar esa keng va yorug‘ sexlarda ish olib borishadi.
“Zamon textile” mahsulotlari yuz foiz chet elga eksport qilinadi. Yillik eksport hajmi 20 million AQSh dollari. Korxonada ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar ish olib bormoqda.
Biz “Zamon textile”ning endigina 23 yoshga kirgan shijoatli rahbari Muslimbek Abduvosipov bilan suhbatlashdik.

“Korxonamizda 200dan ziyod turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxona ayni paytda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Biz “Qishloqqurilishbank” bilan hamkorlikda 30 million AQSh dollari miqdoridagi yangi loyiha – yigiruv fabrikasini ishga tushirmoqchimiz. Buning natijasida imkoniyatlarimiz yanada kengayib, 1200ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Rejamiz eksport quvvatini uch barobarga ko‘tarish. Eng avvalo, ish unumi xodimlarga yaratilgan sharoitga bog‘liq bo‘ladi. Ishchilarning kelib-ketishi korxona hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, 12ta yangi avtobuslar xizmatda. Ishchilar uchun dam olish xonalari mavjud. 2 mahal issiq ovqat ham korxona hisobidan. Xodimlar ish vaqtidan so‘ng shug‘ullanishlari uchun sport maydonchasi va mashg‘ulotlar zalini bitkazish arafasidamiz.






Viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonov muntazam ravishda jamiyatimizga kelib, faoliyatimizni kengaytirish, muammolarimizga yechim topishda o‘z yordamini ayamaydi.
Yosh bo‘lsam-da, mehnatlarim samarasini ko‘ryapman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanganim mening kuchimga kuch qo‘shdi. O‘tgan yili “Tashabbus - 2021” tanlovi yo‘nalishlaridan birida g‘olib bo‘ldik.

Bilasiz, Xo‘jaobod tumanida 500dan ziyod tekstil korxonalari faoliyat yuritadi. Bu o‘ziga xos raqobat deganidir. Raqobat sifatli mahsulot ishlab chiqarishdan tashqari, ishchi-xodimlarga yaxshi maosh to‘lab, sharoit yaratish o‘rtasida ham ketadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, raqobat kuchayib, mahsulot ishlab chiqarish ko‘paymoqda.






Korxona va mening oldimga qo‘ygan maqsadim – aholini barcha sharoitlarga ega, chin ko‘ngildan ishlash mumkin bo‘lgan va maoshi yuqori darajadagi ish joyi bilan ta’minlash. Ana shunda fuqarolarda o‘z yurtini hurmat qilish va sevish tuyg‘ulari yuksaladi”, - deydi Muslimbek Abduvosipov.
Korxona sexlarida ishchilar bilan uchrashganimizda ularning o‘z faoliyati va olayotgan maoshlaridan mamnun ekanliklarini bildik. Rivojlanish yo‘lidan ketayotgan “Zamon textile”ga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz
Elmurod Ermatov va Azizbek Ismoilov tayyorladi. Ⓣ
Mavzuga oid
23:01 / 24.12.2025
OChL-2. «Andijon» biror marta g‘alaba qozonmadi va guruhda qolib ketdi
12:21 / 22.12.2025
Andijonda bozor rastasi quladi (video)
22:08 / 13.12.2025
Andijon va Samarqandda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi
08:25 / 11.12.2025