O‘zbekiston | 22:24 / 09.03.2022
13303
2 daqiqa o‘qiladi

Istalgan avtomobil tarixiga oid ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi

1 maydan boshlab, DXM va yagona portalga murojaat yo‘llash orqali O‘zbekistondagi istalgan avtomobil haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Bu ma’lumotlar mashinaning yurgan masofasi, ishonchnoma yoki ijaraga berilgani, YTHlardagi ishtiroki, qoidabuzarliklar kabilarni o‘z ichiga oladi. Ma’lumotnomada shaxsga doir ma’lumotlar oshkor etilmaydi (avtomobil egasining o‘zi ariza bergan holatlar bundan mustasno).

Bugun, 9 mart kuni O‘zbekiston hukumati “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga asosan, 2022 yil 1 maydan boshlab:

— “Avtomobil tarixi” ma’lumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YaIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi;

— avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida avtotransportning bosib o‘tgan masofasi haqidagi ma’lumotlar, jumladan, texnik ko‘rikdan o‘tkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.

“Avtomobil tarixi” ma’lumotlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • avtotransportning agregat ma’lumotlari;
  • bosib o‘tgan masofasi;
  • shartnoma tuzilganligiga oid ma’lumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya);
  • yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi;
  • qoidabuzarliklar holati;
  • garovga qo‘yilganlik holati;
  • taqiq borligi yoki yo‘qligi;
  • bojxona rasmiylashtiruviga oid ma’lumot;
  • litsenziya olinganlik holati (yo‘lovchi tashish uchun).

Davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnoma to‘ldiriladi (DXM, YaIDXP, veb-sayt yoki ilova orqali). Davlat xizmati uchun BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Ma’lumotlar real vaqt rejimida tayyorlanadi va ariza beruvchiga taqdim etiladi.

Ma’lumotnoma shaxsga doir ma’lumotlar oshkor etilmagan holda beriladi (avtotransport mulkdori tomonidan o‘z “Avtomobil tarixi”ni bilish uchun yo‘llangan so‘rovnomalar bundan mustasno).

Ma’lumotnoma axborot xususiyatiga ega hujjat hisoblanadi.

Ariza beruvchilar O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan istalgan avtomobil haqida ma’lumot olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uy va mashina sotib olganda notariusga to‘lanadigan boj miqdori kamaytirilishi xabar qilingandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid