Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi uylarning 1-qavatida bog‘cha ochish uchun imtiyoz beriladi
Biznes bilan ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar – yangi ko‘p kvartirali uylarning 1-qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga ham tatbiq etiladigan bo‘ldi. Davlat ularga bozor narxidan arzonga qarz beradi, tarbiyachilarning maoshini 3 yilgacha to‘lab beradi va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada undiradi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi bo‘yicha selektorda maktabgacha ta’lim masalalariga to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, joriy yilda bog‘cha o‘rinlarini qo‘shimcha 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tumanlar hokimlari qolgan o‘rinlar nima hisobidan yaratilishini o‘ylamayotgani tanqid qilindi.
Misol uchun, 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mirga muhtoj bo‘lgani uchun bo‘sh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bog‘chani qurish va ta’mirlash 2-3 yildan beri cho‘zilmoqda.
Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bog‘cha hali ta’mirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bog‘cha qurilishi yakunlanmagan.
Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlashga, yana 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirishga 1 noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bog‘cha ochish uchun imtiyozlar e’lon qilingan edi. Ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bog‘cha o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan 2 yil ichida bog‘cha va maktab o‘rni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganish topshirildi.
Umuman, har bir tumanda bog‘cha qamrovi 80 foizdan kam bo‘lmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga bo‘sh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh joy bo‘lsa, bog‘cha qurish rejasini belgilash vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga bo‘sh yerlarda bog‘cha tashkil etish bo‘yicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan 3 yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bog‘chalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.
Bir yilda 2 mingta ko‘p qavatli uy qurilmoqda, ularning to‘rtdan biri – “Yangi O‘zbekiston” massivlarida. Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 o‘rinli xususiy bog‘cha ochish bo‘yicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor. Buni barcha tuman va shahar hokimlari o‘z hududida qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Endilikda ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga ham berilishi belgilandi. Mutasaddilarga yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda bog‘cha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu imtiyoz – 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli imtiyozli kredit ajratish, ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘lishi va tarbiyachilarining maoshi 3 yilgacha to‘lab berilishidan iborat
Mavzuga oid
16:51 / 30.09.2025
Toshkent viloyatida shifoxonalarga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi uyga qaytdi
13:53 / 29.09.2025
Toshkent viloyatida shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 nafarni tashkil etmoqda
22:40 / 27.09.2025
Zaharlangan mingta murg‘ak va dunyoda yo‘q AES - hafta dayjesti
15:15 / 27.09.2025