Iqtisodiyot | 15:36 / 13.10.2025
6019
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston pochtasi” xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

UzPost'dagi ulushlar Rossiyaning Wildberries marketpleysiga o‘tgani haqida xabar tarqalishi ortidan, kompaniya investitsiya izlayotganini tasdiqladi va “yirik investor”ni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarish bo‘lgan taqdirda, bu haqda xabar berilishini ma’lum qildi.

Foto: UzPost

“O‘zbekiston pochtasi” xususiylashtirilgani haqidagi xabarlar ortidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, hozirda haqiqatan ham kompaniyaga investitsiya jalb etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

“Bugungi kunda “O‘zbekiston pochtasi” AJning aksiyadorlari sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, davlat ishtirokidagi beshta korxona va 16 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etmoqda.

Jamiyat faoliyatiga yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiq, tegishli ma’lumot rasmiy tarzda oshkor qilinadi”, – deyiladi UzPost axborotida.

11 oktyabr kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z manbalariga tayanib “shimollik marketpleys” UzPost'ni xususiylashtirib olayotgani haqida yozdi. 12 oktyabr kuni Gazeta nashri bitimdan xabardor manbasiga asoslangan holda, kompaniyadagi davlat ulushi Rossiyadagi onlayn-platformaga o‘tgani haqida xabar berdi.

Undan avvalroq, sentabr oyi boshida Rossiyaning Wildberries marketpleysi “O‘zbekiston pochtasi”da ulushdorga aylangani haqida mish-mishlar paydo bo‘lgandi.

2025 yilgi xususiylashtirish dasturiga asosan, “O‘zbekiston pochtasi” AJning Aloqabankka tegishli 29,4 foiz aksiyasi ommaviy savdolarga chiqarilishi kerak edi.

Milliy pochta operatori respublika bo‘ylab 1602 ta pochta bo‘limi va 3500 dan ortiq yetkazib berish nuqtalariga ega bo‘lib, unda 7 mingdan ortiq xodim, xususan 2500 ta pochtalon faoliyat yuritadi.

UzPost 2023 yilni 809,7 mln so‘m, 2024 yilni 843,9 mln so‘m sof foyda bilan yakunlagan.

Mavzuga oid