Jahon | 14:51 / 16.10.2025
3365
10 daqiqa o‘qiladi

Isroilning Hamasga tahdidi, sulhga kelishgan Pokiston–Afg‘oniston va MRBning Venesueladagi operatsiyalari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil urushni qayta boshlash bilan tahdid qildi

Hamas o‘z nazoratidagi barcha halok bo‘lgan isroillik garovdagilarning jasadlari topshirilganini, qolganlarini esa G‘azo vayronalari ostidan chiqarish uchun maxsus texnik vositalar zarurligini ma’lum qildi. Bu bayonot Isroilning agar sulh shartlari buzilsa, urushni qayta boshlash haqidagi tahdidlari ortidan bildirildi.

Chorshanba kuni kechqurun yana ikki jasad topshirildi. Bungacha Hamas 28 nafar halok bo‘lgan garovdagi isroillikdan 7 nafarining jasadini topshirgan, Isroil esa sakkizinchi jasad garovdagilardan biriga tegishli emasligini bildirgan edi.

Al-Qassam brigadalari tarqatgan bayonotida shunday dedi:

«Biz o‘zimizdagi barcha tirik isroillik asirlarni, shuningdek, qo‘limiz yetgan jasadlarni topshirish orqali kelishuvdagi majburiyatimizni bajardik... Qolgan jasadlarni topish va chiqarib olish esa katta sa’y-harakatlar hamda maxsus texnik vositalarni talab qiladi».

Bundan oldinroq Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats, agar Hamas kelishuvga rioya qilmasa, Isroil AQSh bilan hamkorlikda jangovar harakatlarni qayta boshlashi haqida aytgandi. Tramp ham Hamas kelishuvni bajarmasa, Isroilga jangni davom ettirishga ruxsat berishni ko‘rib chiqishini aytdi.

Shundan so‘ng, AQShning yuqori darajadagi maslahatchilari jurnalistlarga Hamas o‘lik garovdagilarning jasadlarini qaytarish majburiyatini bajarishga intilayotganini ma’lum qildi.

AQSh maslahatchilarining aytishicha, G‘azo «butunlay vayron bo‘lgani» bois jasadlarni topish nihoyatda qiyin. Shu sababli, AQSh va boshqa vositachilar halok bo‘lgan asirlarning jasadlarini topishda yordam berayotgan shaxslarga mukofot dasturini joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Turkiya esa G‘azoga jasadlarni qidirish bo‘yicha mutaxassislar yuborish uchun muzokaralar olib borayotganini bildirdi.

Chorshanba kuni BMT kuzatuvchilari hamrohligida oziq-ovqat va yoqilg‘i ortilgan yuk mashinalari Kerem Shalom chegarasidan G‘azoga kiritildi. Rafah o‘tish punkti esa payshanba kuni qayta ochilish arafasida, biroq Isroil Hamas jasadlarni juda sekin qaytarayotganini bahona qilib, yordamni cheklashi mumkinligini ogohlantirdi.

BMT va insonparvarlik tashkilotlari esa Isroildan «minglab yuk mashinalari»ni G‘azoga kiritish uchun ko‘proq o‘tish punktlarini ochishni talab qilmoqda.

MRB Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazadi

AQSh prezidenti Donald Tramp 15 oktyabr kuni Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berganini tasdiqladi. Bu qaror AQShning prezident Nikolas Maduro hukumatiga nisbatan bosimini keskin kuchaytiradi.

New York Times’ning AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, Tramp ma’muriyatining bu strategiyasi Maduro rejimini hokimiyatdan chetlashtirishga qaratilgan. Yangi vakolat CIA'ga Venesuelada o‘limga olib keluvchi maxfiy operatsiyalarni amalga oshirish hamda Karib mintaqasida keng ko‘lamli harakatlarni o‘tkazish imkonini beradi.

Tramp jurnalistlarga bu qarorni ikki sabab bilan qabul qilganini aytdi:

«Men bu qarorni ikki sabab bilan berdim. Birinchidan, ular o‘z qamoqxonalarini bo‘shatib, jinoyatchilarni AQShga yuborishdi — ular chegaradan kirib kelishdi, chunki bizda ochiq chegara bor edi. Ikkinchidan — bu narkotiklar masalasi», - dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

U Venesuela tomonidan sobiq mahbuslar AQShga yuborilayotgani haqidagi da’vosini hech qanday dalil bilan tasdiqlamagan.

Markaziy razvedka boshqarmasining bunday maxfiy operatsiyalardagi ishtiroki tarixan turlicha bo‘lgan: ba’zida to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli harakatlarda, ba’zida esa razvedka va axborot yig‘ish orqali, ya’ni minimal jismoniy ishtirok bilan.

Venesuela hukumati Trampning bayonotini xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi deb atadi. Rasmiy Karakas AQShni mamlakatning neft resurslarini egallash maqsadida «rejimni ag‘darish» amaliyotini qonuniylashtirishga urinishda aybladi.

«Bizning BMTdagi doimiy missiyamiz ertaga Xavfsizlik Kengashiga va bosh kotibga ushbu shikoyatni taqdim etadi, AQSh hukumatidan javobgarlikni talab qilamiz», - deyiladi Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Gil.

Ash-Shar’a Kremlda

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a 15 oktyabr kuni ilk marta Moskvaga bordi, Kremlda uni Vladimir Putin kutib oldi.

«Mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p yillar davomida alohida munosabatlar shakllangan», dedi Putin va Moskva Damashq bilan munosabatlarda doimo Suriya xalqi manfaatlariga asoslanganini aytdi.

Putinning ta’kidlashicha, Suriya xalqi bilan Rossiyaning ham chuqur aloqalari bor, «yuzlab, balki minglab odamlar o‘zaro nikoh, do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan».

Ahmad ash-Shar’a bunga javoban Rossiya «yangi Suriyani rivojlantirishda jiddiy rol o‘ynashini» aytdi.

Reuters manbalari avvalroq Suriya prezidenti uchrashuvda Moskvada yashirinib yurgan sobiq prezident Bashar Asadni ekstraditsiya etishni talab qilmoqchi ekani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, Ahmad ash-Shar’a Tartusdagi Rossiya harbiy-dengiz bazasi va Xumaymimdagi aviabazani saqlab qolish bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Suriyadagi rasmiy manba. Shuningdek, u Rossiya ittifoqchisi Asadni suriyaliklarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha sud qilish uchun rasman topshirishni so‘raydi, deb qo‘shimcha qildi manba.

Rossiya va Suriya yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar yopiq tarzda o‘tkazildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, muzokaralarda Rossiyaning Suriyadagi «harbiy ishtiroki masalasi», jumladan, «Rossiya harbiy obektlari funksionalini ehtimoliy qayta formatlash kontekstida» muhokama qilinmoqda.

Pokiston va Afg‘oniston sulhga kelishdi

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida so‘nggi kunlarda kuchaygan havo hujumlari va yerda kechgan janglardan keyin, kecha 15 oktyabr kuni vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Chorshanba kuni sodir bo‘lgan janglar Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi notinch, da’vogar chegara hududida tinchlikni buzdi. Har ikki tomon qarshi hujumlarni birinchi bo‘lib kim boshlagani borasida bir-birini ayblamoqda.

Xususan, Pokiston Afg‘onistonning Qandahor viloyatidagi Spin Boldak shahriga havo zarbasi uyushtirganini har ikki mamlakat rasmiysi tasdiqladi. Pokiston xavfsizlik xizmati vakillari bu zarba «Tolibon» brigadasi»ni nishonga olganini, o‘nlab jangarilar halok bo‘lganini bildirdi.

So‘nggi keskinlik — Pokistonning «Tolibon» hukumatidan o‘ziga hujumlarni kuchaytirayotgan jangarilarni jilovlashni talab qilganidan so‘ng yuzaga keldi. Islomobod ularni Afg‘oniston hududidan harakat qilayotganlikda aybladi.

«Tolibon» bu ayblovni rad etib, Pokiston armiyasini Afg‘oniston haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda, chegarada vaziyatni qo‘zg‘atishda aybladi. Pokiston esa bu da’volarni rad etdi.

Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, ikki mamlakat chorshanba kuni soat 13:00 dan boshlab 48 soatlik «vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish» rejimini joriy etishga kelishgan. Bayonotda sulh tashabbusi Kobul tomonidan bildirilgani qayd etilgan.

Afg‘oniston «Tolibon» hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, bu sulh «Pokiston tomonining talabiga binoan» e’lon qilingan. Unga ko‘ra, Afg‘on kuchlariga qarshi tomon hujum qilmaguncha sulhga rioya qilish buyrug‘i berilgan.

To‘qnashuvlar xalqaro e’tiborni tortdi: Xitoy o‘z fuqarolari va investitsiyalarini himoya qilishni so‘radi, Rossiya sabr-toqatga chaqirdi, AQSh prezidenti Donald Tramp esa mojaroni tugatishga yordam berishi mumkinligini aytdi.

Modi Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatdi — Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi unga Rossiya neftini import qilishni to‘xtatishga va’da berganini ma’lum qildi.

«U mening do‘stim, bizning ajoyib munosabatlarimiz bor… lekin biz ularning Rossiyadan neft olayotganidan mamnun emasdik, chunki bu Rossiyaga tentakona urushni davom ettirish imkonini berardi. Ular yarim million odamni yo‘qotishdi», - dedi Tramp Oval ofisda chiqish qilib.

«Men Hindistonning Rossiyadan neft olayotganidan norozi edim va Modi menga Rossiyadan neft sotib olmasligini kafolatlaganini aytdi. Bu katta qadam. Endi biz Xitoyni ham shunga undashimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Avgust oyida Tramp Rossiyadan neft va gaz import qilgani uchun Hindistonga 25 foizlik boj joriy etgan edi — bu avvalgi 25 foizlik tarifga qo‘shimcha sifatida qo‘llangan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonning Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishi Ukrainadagi urushni tezroq yakunlashga yordam beradi.

Hindiston uzoq yillardan beri Rossiya xom neftiga tayanib keladi — bu mamlakatning tez o‘sib borayotgan iqtisodiyoti va 1,4 milliarddan ortiq aholisi uchun asosiy energiya manbalaridan biridir. Dunyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati hozirda neft iste’moli bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. 

Mavzuga oid