Jamiyat | 12:04 / 05.08.2024
5848
6 daqiqa o‘qiladi

“Kimyo hayotimizdagi jarayonlarni chuqurroq o‘rgatadi” – Xalqaro Olimpiada sovrindorlari bilan suhbat

Daler Rahimov va Saida Abdullayeva Xalqaro kimyo olimpiadasida O‘zbekiston hisobiga oltin va kumush medallarni yozib qo‘yishning uddasidan chiqishdi. Ular Kun.uz'ga bergan intervyusida qanday qilib bu natijaga erishgani va Saudiyada o‘tkazilgan olimpiada taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Saudiya Arabistoni shu yilning 21-30 iyul kunlari 56-Xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qildi. Unda dunyoning 87 ta davlatidan 340 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi. Bular qatorida O‘zbekiston terma jamoasidan 4 o‘quvchi bilan qatnashib, 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Kun.uz musobaqa taassurotlari, bolalarning kimyoga qanday kirib kelgani, kelgusi rejalari haqida bilish maqsadida oltin va kumush medallarini olgan Daler Rahimov hamda Saida Abdullayeva bilan intervyu uyushtirdi.

Daler Rahimov – asli buxorolik. U Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi, oltin medal sohibi.

Saida Abdullayeva Navoiy shahrida joylashgan 11-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi. Kumush medal sohibasi.

Kimyo faniga kirib kelish

Saida Abdullayeva: Matematika, informatika fanlariga 5-6-sinflarimda qiziqqanman. Shu sababli kichik fan olimpiadalariga qatnashib yurganman. Keyin esa biologiyaga qiziqqanman. Keyin kimyo darsi o‘tilgan va bu fanga juda qiziqib qolganman. Boshida kimyoni universitetga kirish uchun o‘qiganman. Maktabdagi kichik olimpiadalarga qatnashib yurganimda xalqaro olimpiadaga qanday qilib qatnashish mumkinligi haqida bilib qolganman. Shundan keyin 9-sinfning oxirida xalqaro olimpiadaga qatnashish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshlaganman. Kimyo fanini o‘rganish orqali atrofingizdagi barcha hayotiy jarayonlar qanday kechishini bilib olish mumkin va bu juda qiziq.

Daler Rahimov: Bolaligimdan matematika, fizika fanlariga qiziqqanman, turli fan olimpiadalariga qatnashganman. Aniq fanlarga qiziqish ustozlarim va ota-onamning tashabbuslari bilan bo‘lgan. Fan to‘garaklariga qatnashib yurgan vaqtim o‘qituvchilarim xalqaro olimpiada haqida ma’lumot berishgan va unga qatnashish istagi paydo bo‘lgan. Hozirda butun dunyoda insoniyat ko‘payib bormoqda, tabiiy resurslar esa kamayib bormoqda. Shu sababli vodorod gazi yoki tok bilan ishlaydigan mashinalarni ishlab chiqarish kerak. Hozirgi hayotimizdagi mashinalar, kashfiyotlar kimyo, fizika fanlarining mahsuli hisoblanadi. Buni chuqurroq bilish uchun kimyo, fizika fanlarini o‘rganish zarur deb hisoblayman.

Olimpiada taassurotlari

Saida Abdullayeva: Xalqaro olimpiadaga qatnashish uchun O‘zbekistonda 3 ta bosqichni bosib o‘tish kerak: birinchi bosqichda 25 kishi saralab olinadi, ikkinchi bosqichda esa 12 kishi o‘sha 25 o‘quvchining ichidan saralab olinadi, uchinchi bosqichda 6 kishi Mendeleyev olimpiadasida qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Bu o‘quvchilar orasida men ham bor edim va olimpiadada qatnashib keldim. Olimpiadaga keladigan bo‘lsam, nazariy va amaliy bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Laboratoriya bosqichi ham 2 qismdan iborat bo‘lib, bu yilgi amaliy qism boshqa yildagilardan farq qildi. Nazariya qismida esa 5 soat ichida bajarilishi kerak bo‘lgan turli xil masalalarni yechish vazifa qilib berilgan edi.

Daler Rahimov: Olimpiadaning amaliy qismida noma’lum moddaning formulasini aniqlashingiz kerak bo‘ladi, ya’ni sizga bajariladigan ishlar ketma-ketligi beriladi.

Saida Abdullayeva: Ya’ni ma’lum bir moddaning massasini aniqlash topshirig‘i ham berilgan edi olimpiadaning amaliy qismida. Laboratoriya ikkita bosqichdan iborat bo‘ldi: ikkita topshiriq berildi va yarim soat tanaffus qilib, ovqatlanib olganimizdan keyin 3 soat 15 minutda keyingi amaliy ishni bajardik. Bu orada yarim soatdan keyin jamoadoshlarimiz bilan ko‘rishib, umuman, olimpiada qanday o‘tganligini muhokama qildik.

Daler Rahimov: Biz aslida imtihondan chiqqandan keyin bir-birimiz bilan gaplashmaymiz deb kelishib olgan edik. Chunki kimningdir ishi o‘xshab yoki kimnikidir o‘xshamagan bo‘lsa, tushkunlikka tushib qolishlari mumkin deb bunga kelishgandik. Lekin baribir bir-birimiz bilan gaplashdik jarayon haqida.

Saida Abdullayeva: Olimpiadaga jo‘nab ketishdan oldin biroz hayajon bo‘ldi, chunki katta maydon dunyoning 90 ta davlatidan eng kuchli saralab olingan o‘quvchilar kelishadi. Ular bilan birgalikda bitta olimpiadada ishtirok etish, bilimlarni sinash juda hayajonli bo‘ldi. Ammo Saudiyaga borganimizdan keyin atrofdagilar bilan gaplashib, fikr almashganimizdan keyin hayajon kamayishni boshladi.

Daler Rahimov: Olimpiada jarayonida menda ham hayajon bo‘ldi. Chunki ota-onangning ishonchi, o‘qituvchilaringning bergan ko‘maklari, bilimlarini oqlash kerak deb o‘ylaganman. Bu esa hayajonli. Yopilish marosimida hali kim nechanchi o‘rin olganini hech kim bilmaydi. 360 qatnashchining har biri qanchadan ball to‘plaganini hech kim oldindan bilmaydi. Yomon fikrlar ham xayolga keladi. Marosimda birinchi bronza medali, kumush va oltin medalni e’lon qilishadi. Meni ballimni birinchi aytib qo‘yishmasin deb ichimda takrorlab turganman. Boshqa davlat vakili bilan gaplashganda savollarga yaxshi javob berdim deb tursa, ichingizda men yaxshi javob bera olmaganman deb turish alamli.

Intervyuni to‘liq shaklda YouTube’da tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Ziyaddin Mamatjonov.
Montaj ustasi Shohruz Abdurayimov.

Mavzuga oid