O‘zbekiston | 07:31 / 27.08.2018
5473
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: O‘zbekistonda muzeylar renovatsiya dasturi amalga oshiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi, Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi Muzeylar renovatsiya dasturini eksperiment tarzida amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

muzeylar byudjyetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar byudjyetining kamida 15 foizini xayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zini o‘zi ta'minlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;

muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan “smart”-texnologiyalarni (axborot do‘konchalari,  3D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar  va hokazolarni) joriy etish;

aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun mo‘ljallangan, Internet tarmog‘idan foydalangan holda, muzeylarning faoliyatiga innovatsion axborot texnologiyalari keng joriy etish va muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini ko‘rish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish uchun muzeylarning ma'muriy tuzilmasini takomillashtirish;

xodimlarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni eng yaxshi jahon amaliyotlariga muvofiq muzeylarning rahbar lavozimlariga ochiq tanlov asosida jalb qilish amaliyotini joriy etish;

mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish va tanitish maqsadida muzeylarning ijtimoiy makonga to‘liq integratsiyalashuvini ta'minlash;

muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;

muzeylarda akademik tadqiqotlarni, shu jumladan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan grantlar ajratish orqali mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilgan holda rivojlantirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Renovatsiya dasturi O‘zbekiston amaliy san'at muzeyida (Toshkent shahri), I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san'at muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi;

Renovatsiya dasturi Jamg‘arma, mahalliy hamda xorijiy donorlar va metsenatlar mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Jamg‘armaning Ijro etuvchi direktori zimmasiga Renovatsiya dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Mavzuga oid