O‘zbekiston | 21:38 / 26.12.2020
32790
7 daqiqa o‘qiladi

«Bir vaqtlar Sergeliga metro keladi desa, hech kim ishonmasdi» – prezident Sergeli metrosida bo‘ldi

Toshkent o‘z metrosiga ega oz sonli shaharlardan biridir. 1977 yilda ishga tushgan bu tizim o‘ziga xos yangilik, shahar taraqqiyotida muhim qadam bo‘lgan. Ammo Toshkent metropoliteni uzoq vaqt turg‘unlik davrini boshdan kechirdi, rivojlanmadi, yo‘lovchilar soni muntazam kamayib borgan yillar bo‘ldi.

Toshkent metrosini o‘zgartirish borasida yangi rejalar e'lon qilinib, uning Yunusobod, Qo‘yliq, Sergeli massivlarigacha to‘laqonli yetib borishi haqida gapirilganida, ko‘pchilik ishonmagani bor gap. Ammo qat'iy iroda, tunu-kun mehnat, zarur mablag‘ va poytaxt hayotiga daxldorlik hissi o‘z samarasini berdi. Kechagina Yunusobod va Qo‘yliqni zabt etgan metro poyezdlari bugun Sergeliga ham ravon borib kelayapti.

Umuman, metro haqida gap ketganda aksariyatimiz qulay, arzon, ekologik toza transportni tushunamiz va uning avtomobil yo‘llaridagi tirbandliklarni kamaytirishini e'tirof etamiz. Poytaxtliklar va mehmonlar juda yaxshi biladilarki, aynan tirbandlik masalasi Sergelida so‘nggi yillarda nihoyatda keskinlashdi. Shahar bilan bog‘lovchi 4-5 kilometrli yo‘lga bir soatlab vaqt sarflash (ya'ni amalda piyoda tezligida yurish) odatiy holga aylandiki, bu haydovchilarning asabiy fikrlariga, asosli e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

26 dekabr kuni rasman ishga tushgan va dastlabki poyezdda faollar, mutasaddilar va OAV vakillari hamrohligida shaxsan prezidentning o‘zi tashrif buyurgan Sergeli yo‘nalishi hudud rivojida alohida ahamiyatga ega.

Albatta, metro ishga tushishi bilan tirbandliklar bir onda yo‘qolib qolmaydi. Aholida bu transportdan kengroq foydalanish madaniyati shakllanishi, avtomobillarga qaramlikdan qutilish, ma'lum masofa piyoda yoki velosipedda yurish talab etiladi. Ammo metroning ishga tushmasligi tirbandliklarning muntazam oshib borishini, rivojlanish hozirgi sur'atda davom etsa, uzog‘i bilan 3-5 yilda hududda transport kollapsi yuzaga kelishi mumkin edi.

Metropolitenning yangi yo‘nalishi bilan tanishayotgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev erishilgan yutuqlar bilan to‘xtab qolmaslik zarurligini ta'kidladi:

«Bir vaqtlar Sergeliga metro keladi, desa hech kim ishonmasdi. Mana, shukrki shu kunlarga ham yetib keldik. Metropoliten imkoniyatlari haqida gapirganda 200-250 ming yo‘lovchi haqida gap borayapti. Rejani katta olish kerak. Mening maqsadim kuniga 1 million yo‘lovchi darajasiga chiqarish. Boshqa shaharlarda bunga erishyaptilar-ku, nega biz qila olmaymiz?

Barcha imkoniyatlar yaratiladi, xorijga borib o‘rganib kelinglar, takliflar kiritinglar, erishgan yutuqlar o‘zimizniki, yangi va yuksak marralarni ko‘zlash lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bekatlarni ko‘zdan kechirgan Shavkat Mirziyoyev parlament rahbarlariga yuzlandi:

«Tanzila Kamalovna, esingizdami, xorijga borsak, baland estakadalar ustida poyezdlar yurganini ko‘rib, havas qilardik. Mana, o‘zimiz ham shunday ishlarni amalga oshirdik. Xitoyda 2-3 qavatli yer usti yo‘llarini ham ko‘rganmiz, nasib qilsa biz ham ana shunday yo‘llar quramiz», dedi prezident.

Bosh vazir rahbarligidagi kompleks oldiga Toshkent metropolitenining yangi yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish vazifalari qo‘yildi.

«Hozir «Buyuk ipak yo‘li» metro bekatidan TTZga qadar yo‘nalish bo‘yicha ish olib borilyapti. Sifat va yana bir marta sifatga e'tibor beringlar. Xarajatlar ham sinchiklab o‘rganilsin. U yo‘nalish yer ustidan bo‘ladimi, yer ostidanmi, yaxshilab o‘rganib bir xulosaga kelinglar va taklif beringlar. Barchasi tayyor bo‘lganidan keyin mablag‘ ajratish masalasi hal qilinadi. Yana bir nihoyatda muhim jihat – xavfsizlik. Buni unutmasligimiz lozim. Eng muhimi – tinchlik, odamlarimiz sog‘ salomatligi. Bu borada ham alohida qaror qabul qilinsin.

Hozir hech kim Toshkentning eski shahar qismi, Qoraqamish massivi haqida o‘ylamayapti. Holbuki Qoraqamishdagi aholi transportdan qiynalyapti. «Beruniy» metrosidan Shifokorlar shaharchasiga bo‘lgan yo‘nalishni ham unutib qo‘ydik. Yo‘l tor, oldingi tramvaylar yo‘q, tirbandlik juda yuqori. O‘sha shaharchadagi ziyolilarning ko‘pchiligi markazda ishlaydi, ko‘p vaqti va puli transportga sarflanyapti. Ibn Sino massiviga transport qatnovini yaxshilash zarur. Biz 5-10 yil oldinni o‘ylashimiz kerak», dedi prezident.

Oybek Xudoyqulov, Toshkent metropoliteni rahbari:

– Hozir metropolitenning «Olmazor» bekatidan Sergeli yo‘nalishi bo‘ylab uzluksiz yo‘l bo‘yicha harakatlandik. Bu yo‘nalishdagi har bir bekatda yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilgan. Bekatlar shunchaki metroga kirish yo‘lagi bo‘lmay, ularning atrofidagi infrastruktura ham o‘ylangan. Ya'ni, boshqa transportlarda keluvchilar uchun turargohlar, velosiped qoldirish joyi, eskalator, lift hammasi metropolitendan foydalanuvchilar uchun xizmat qiladi.

Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishi fakt va raqamlarda:

  • Loyiha 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan;
  • Yaratiladigan ish o‘rni – 214 ta;
  • Umumiy uzunligi 7 km temir yo‘l hamda 5 ta bekat («Choshtepa», «Toshkent xalqa yo‘li», «Sergeli», «Afrosiyob» va «Qipchoq») qurilgan;
  • Loyiha qiymati 82,66 million dollar, shundan:
  • Davlat budjeti mablag‘lari – 47,56 million dollar;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i – 35,1 million dollar;
  • Bugungi kunga qadar 70,3 million dollar, shundan davlat budjetidan 46,3 million dollar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 30 million dollar sarflangan;
  • Qurilish ishlariga 1 200 nafar ishchi-mutaxassislar va 80 dan ortiq qurilish texnikalari jalb qilingan;
  • Mazkur yer usti metrosi foydalanishga topshirilgandan so‘ng kuniga 35 ming, yiliga 11,5 million yo‘lovchi tashishi kutilmoqda.

Abror Zohidov, tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid