Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dollar kursi tushgani hisobiga tashqi qarzlardan tejalgan mablag‘ning bir qismi ekologiyaga ajratildi
O‘zbekistonda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasi tuzilib, unga 900 mlrd so‘m ajratildi. Bu mablag‘ning bir qismi – davlat qarzini so‘ndirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘ hisobidan berilmoqda. 2026 yildan boshlab avtomobil importidagi utilizatsiya yig‘imining 10 foizi, 2027 yildan esa 90 foizi shu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Jamg‘arma boshqaruv kengashining 4 a’zosi jamoatchilik vakili bo‘ladi.
Ekologiya qo‘mitasi binosi / Foto: Qo‘mita matbuot xizmati
O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yilda respublika budjetidan bu yangi jamg‘armaga 900 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
Ushbu mablag‘ – prezident topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi oxirida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘m kursining mustahkamlanishi tufayli davlat qarzi bo‘yicha to‘lovlardan 1,3 trillion so‘m tejab qolinayotganini aytgandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, yangi tashkil etilgan Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsali jamg‘armasiga 2026 yilda quyidagi tadbirlar uchun maqsadli ravishda 548 milliard so‘m ajratiladi:
- “Yashil makon” umummilliy loyihasi uchun – 250 mlrd so‘m;
- sanitar tozalash ishlari uchun – 150 mlrd so‘m;
- cho‘llanish va qum ko‘chishining oldini olish maqsadida himoya o‘rmonlarini (ihota) yaratish uchun – 73 mlrd 715 mln so‘m;
- o‘rmon xo‘jaligida maxsus texnikalarni xarid qilish uchun – 66 mlrd 285 mln so‘m;
- hayvonot va o‘simlik dunyosi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastrlarini yuritish xarajatlari uchun – 8 mlrd so‘m;
2026 yil 1 yanvardan boshlab, quyidagilar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltiriladi:
- O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tasarruf etiladigan uglerod birliklari savdosi natijasida hosil bo‘ladigan mablag‘larning 20 foizi;
- atrof tabiiy muhitning ifloslantirilganligi va chiqindilarning joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishida aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar, moliyaviy sanksiyalar va pul mablag‘laridan ajratmalar (10 foizdan 100 foizgacha);
- transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab, jamg‘arma daromadlari quyidagilar hisobiga kengaytiriladi:
- pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun hamda kelgusida yangi joriy etiladigan utilizatsiya yig‘imlarining 100 foizi;
- transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 90 foizi.
Qaror bilan, Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasining boshqaruv kengashi tashkil etildi. Ekologiya qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladigan kengash 9 a’zodan iborat bo‘lib, shundan 4 nafari mustaqil a’zo – jamoatchilik vakili bo‘ladi.
Jamg‘arma kengashi kelib tushgan mablag‘lardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanishni ta’minlaydi.
Mavzuga oid
09:59 / 26.11.2025
Xitoy kompaniyasi Navoiyda atmosferaga zaharli chiqindilar tashlashni kamaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi
18:09 / 25.11.2025
Ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari ishdan olindi
17:17 / 25.11.2025
Atmosferaga zarar yetkazayotgan 18 ta korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
15:25 / 25.11.2025