Jahon | 14:06 / 18.12.2025
6252
9 daqiqa o‘qiladi

Yevropalik siyosatchilarni haqorat qilgan Putin, Isroil-Misr gaz kelishuvi va AQShning rekord darajadagi mudofaa budjeti – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Putin yevropalik siyosatchilarni haqorat qildi

Mudofaa vazirligining yillik yig‘ilishida nutq so‘zlagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin yana Kiyev va Yevropaga tahdid qildi.

«Agar qarshi tomon va ularning xorijdagi homiylari mazmunli muzokaralarga kirishishni rad etsa, Rossiya o‘zining tarixiy yerlarini harbiy yo‘l bilan ozod qiladi», — dedi u.

Putin – AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyani yo‘q qilishga uringanini, yevropalik siyosatchilar ham xuddi shu maqsadni ko‘zlaganini aytdi. «Yevropaning cho‘chqachalari darhol AQShning avvalgi ma’muriyati ishiga qo‘shildi. Ular mamlakatimizning tez fursatda qulashidan umid qilgan», dedi Putin.

U yevropaliklarni «Rossiya bir kun kelib NATO davlatlardan biriga hujum qilishi haqida ogohlantirishlar berish» orqali «isterika»ni ataylab kuchaytirayotganlikda aybladi.

«Men bir necha bor aytganman: bu yolg‘on, bema’nilik, Yevropa davlatlariga nisbatan qandaydir xayoliy Rossiya tahdidi haqidagi mutlaqo bema’ni gaplar. Ammo bu ataylab qilinmoqda», — dedi Putin.

Rossiya hozirda Ukrainaning qariyb 19 foiz hududini nazorat qilayotganini aytadi. Bunga 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimoroli, Donbass mintaqasining katta qismi va bir qancha viloyatlarning to‘liq bo‘lmagan hududlari kiradi.

Mudofaa vaziri Andrey Belousov 2026 yilga mo‘ljallangan vazifalardan biri Rossiya hujumlarining sur’atini oshirish ekanini aytdi. U ko‘rsatgan slaydda Rossiya 2025 yilda urushga YaIMning 5,1 foizini sarflayotgani qayd etilgan.

Venesuela atrofidagi vaziyat taranglashmoqda

17 dekabr kuni Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Gil bilan telefon suhbati o‘tkazdi. AQShning Venesuelaga bosimi kuchayayotgan bir paytda, Xitoy ushbu mamlakat suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Vazir — «Pekin bir tomonlama zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi chiqishini va barcha mamlakatlarning o‘z suverenitetini himoya qilishini qo‘llab-quvvatlashini» aytgan.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyat – Venesuelaning o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, deb ishonmoqda.

Bundan tashqari, Nikolas Maduro Kolumbiyaga shoshilinch murojaat bilan chiqib, ushbu davlat qurolli kuchlarini Venesuela bilan bir safda turishga chaqirdi.

«Men Kolumbiya xalqiga, uning ijtimoiy harakatlariga va men juda yaxshi biladigan Kolumbiya harbiylariga murojaat qilaman. Mamlakatlarimiz suverenitetiga hech kim jur’at etib qo‘l tekkizmasligi uchun Venesuela bilan birlikka chaqiraman», dedi u.

So‘nggi to‘rt oy davomida AQSh kuchlari Karib dengizida sezilarli va tobora kengayib borayotgan harbiy ishtirokni saqlab kelmoqda. Ular giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan kemalarga qarshi zarbalar bergan. Tramp, shuningdek, AQSh harbiylari yaqin orada Venesuela hududida quruqlikdan ham operatsiyalar boshlashi mumkinligini aytgan.

O‘tgan hafta qarama-qarshilik yanada keskinlashdi: AQSh harbiylari neft tankerlaridan birini musodara qildi. Canksiya ostidagi boshqa tankerlarning Venesueladan chiqishi va unga kirishining «to‘liq va mutlaq blokada»si e’lon qilindi.

Isroil Misr bilan yirik gaz kelishuvini e’lon qildi

17 dekabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat tarixidagi «eng yirik gaz kelishuvi»ni ma’qullaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 37 milliard dollarlik bitim doirasida Chevron va boshqa energetika kompaniyalariga Misrga gaz yetkazib berishni kengaytirishga ruxsat beruvchi eksport litsenziyasi berildi.

Netanyahu kelishuvni olqishlab, u Isroilning mintaqadagi mavqeyini mustahkamlashini, vaqt o‘tishi bilan qariyb 18 milliard dollar soliq va boshqa daromadlar keltirishini aytdi.

Aslida avgust oyida Isroildagi yirik gaz koni egasi hisoblangan Chevron kompaniyasi Misr bilan bitimga erishilganini ma’lum qilgandi. Lekin Isroil hukumati buni endi tasdiqlashi – kompaniyalar bilan orasida kelishmovchilik chiqqanidan dalolatdir.

Reutersʼning yozishicha, Isroil — bitim amalga oshishi uchun Tramp ma’muriyati tomonidan ham, kompaniyalar tomonidan ham bosimga duch keldi. Oktyabr oyida Isroil energetika vaziri eksport litsenziyasiga rozi bo‘lmagach, AQSh energetika vaziri Isroilga rejalashtirgan tashrifini bekor qildi.

Gaz Isroil iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega, uning ortiqcha gazi asosan Misrga sotiladi. Isroil va Misr urush girdobidagi G‘azoga kirish-chiqishni nazorat qiladi. Oktyabr oyida Tramp ma’muriyati Misr ko‘magida Isroil va Hamas o‘rtasida sulhga vositachilik qilgandi.

AQShning rekord darajadagi mudofaa budjeti

17 dekabr kuni AQSh Senati Pentagon siyosatini belgilovchi ulkan hujjatni tasdiqlab, Oq uyga yubordi.

AQShda 2026-moliya yili uchun yillik harbiy xarajatlari 901 milliard dollarga yetgan. Qonun loyihasining rekord miqdordagi qiymati – Tramp so‘raganidan ham 8 milliard dollarga ko‘p.

Buning ichida AQSh harbiy xizmatchilari uchun 4 foizlik maosh oshirilishi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, u harbiy texnikani xarid qilish tizimini isloh qilish, Xitoy hamda Rossiya bilan raqobatbardoshlikni kuchaytirishga qaratilgan choralarni o‘z ichiga oladi.

Mudofaa budjeti 2026 moliyaviy yilda Ukrainaga 800 million dollar ajratishni nazarda tutadi. U AQSh kompaniyalaridan Ukraina armiyasi uchun qurol-yarog‘ sotib olish uchun beriladi.

Shuningdek, Latviya, Litva hamda Estoniya mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun 175 million dollar ajratilgan. Qonun — Yevropadagi AQSh qo‘shinlari sonini 76 mingdan kamga tushirish imkoniyatini cheklaydi.

Shuningdek, unda Mudofaa vaziri Pit Hegset Karib dengizidagi qayiqlarga berilgan harbiy zarbalar bo‘yicha tahrirsiz videolarni Kongressga taqdim etmasa, uning safar budjeti bir qismi ushlab qolinishini nazarda tutuvchi band ham bor.

Kongress Mudofaa vazirligi nomini Urush vazirligi deb o‘zgartirish uchun mablag‘ ajratishga rozi bo‘lmagan.

Shu bilan birga, mudofaa budjetiga doir qonun — Trampning Pentagonda «inklyuziv dasturlar»ni tugatish farmonlarini mustahkamlagan.

Ushbu budjetnomadan tashqari, Tramp ma’muriyati chorshanba kuni Tayvanga qiymati jami 11 milliard dollardan oshadigan sakkizta yangi qurol-yarog‘ paketini e’lon qildi.

Davlat departamenti tomonidan ma’qullangan savdolar orasida o‘ziyurar gaubitsalar, HIMARS ko‘p martalik raketa uchirish tizimi, ATACMS va boshqa raketalar, dronlar, o‘q-dorilar va taktik dasturiy ta’minot tizimlari bor. Bu qaror Xitoy bilan keskinlikni kuchaytirishi kutilmoqda.

Yevroittifoq o‘z sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi

Yevropa Ittifoqi yana bir bor o‘zining sun’iy yo‘ldoshlarini Yevropa raketasida orbitaga chiqardi.

2018 yildan beri ilk marta ikki dona Galileo sun’iy yo‘ldoshi Yevropaga tegishli raketa yordamida kosmosga chiqarildi. Ariane 6 raketasi chorshanbaga o‘tar kechasi Fransiyaning Kuru kosmodromidan uchirildi.

Bugunga kelib, orbitadagi Galileo sun’iy yo‘ldoshlari soni 24 taga yetdi.

«Sun’iy yo‘ldoshlar Yer sathidan 23,2 ming kilometr balandlikdagi o‘rta Yer orbitasidagi guruhga qo‘shiladi», — deya ma’lum qildi rasmiylar. Har ikkala sun’iy yo‘ldosh ham Germaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Bir martalik foydalaniladigan Ariane 6 raketasi faqat o‘tgan yili ekspluatatsiyaga kiritilgan. Ungacha Yevropa Ittifoqi Rossiya va AQSh raketalariga qaram bo‘lib kelgan.

Galileo dasturining o‘zi ham global navigatsiya sun’iy yo‘ldosh tizimi bo‘lib, Yevropaning – AQSh GPS tizimiga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan.

Avvalgi Galileo uchirilishi 2024 yil sentabr oyida Floridada SpaceXʼning Falcon 9 raketalari orqali bajarilgan edi.

Mavzuga oid