Jamiyat | 08:50 / 08.10.2024
7893
2 daqiqa o‘qiladi

Piyodalar yo‘lagida navbatdagi qurbon: Olmaliqda “peshexod”dan o‘tayotgan piyoda mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi

19 yoshli haydovchi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 50 yoshli erkakni Nexia mashinasida urib yuborgan. Bu piyodalar o‘tish joyida insonlar o‘limi bilan bog‘liq tobora soni ortib borayotgan YTHlarning navbatdagisi bo‘ldi.    

Foto: Videodan kadr

Olmaliq shahrida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH kecha tunda, soat 00:05larda sodir bo‘lgan. Olmaliq shahrining Amir Temur ko‘chasida 2005 yilda tug‘ilgan O.Sh. Nexia  mashinasini boshqarib ketayotib tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 50 yoshli U.A.ni urib yuborgan. 

YTH oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlangan.

So‘nggi bir necha kunda aynan piyodalar o‘tish yo‘lagida avariyalar ketma-ket sodir bo‘lmoqda. 2 oktyabr kuni erta tongda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 2 o‘quvchi qiz repetitorga ketayotib piyodalar yo‘lagida ularni mashina urib yubordi. Oqibatda ulardan biri halok bo‘ldi, ikkinchisi esa jiddiy tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.

Bundan sal oldinroq esa Toshkent viloyatining yuqori Chirchiq tumanida Cobalt rusumli avtomobil yo‘ldan o‘tayotgan 11 yoshli maktab o‘quvchisini urib ketgan.

18 sentabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanida sodir bo‘lgan avariya oqibatida 19 yoshli qiz vafot etgan. Bu ham piyodalar o‘tish yo‘lagida sodir bo‘lgan. Hali tirik bo‘lgan piyodani esa haydovchi mashinamga o‘lik ortmayman, deb shifoxonaga olib borishdan bosh tortgan. Oqibatda tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgunicha qiz jon bergan.

Mavzuga oid