Iqtisodiyot | 14:33 / 13.09.2025
4651
4 daqiqa o‘qiladi

«Oltinga nisbatan bu mexanizmni qo‘llab bo‘lmasa kerak» – MB raisi qo‘shimcha daromadlarni jamg‘arish haqida

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ko‘ra, tushumlarni jamg‘arib borish mexanizmi neftga o‘xshagan mahsulotlar sotuvida ko‘proq qo‘llanadi, oltin tabiiy ravishda kontrsiklik funksiyaga ega. «Oltinning o‘zi avtomatik stabilizator», - dedi regulyator rahbari.

Joriy yilda global beqarorlik fonida oltin narxining rekord darajada qimmatlashishi yuz beryapti. Bu esa O‘zbekistonning daromadlarini sezilarli darajada oshirdi. Iqtisodchilar oltindan yuqori tushumlarni iqtisodiyotga to‘liq kiritib yubormasdan, jamg‘arib borishga chaqiryapti. Chunki so‘mning mustahkamlanishi cho‘zilib ketsa, buning ta’siri zararga xizmat qilishi mumkin degan qarash bor. 11 sentabr kungi matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining bu boradagi savoliga Markaziy bank raisi Timur Ishmetov javob qaytardi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Regulyator rahbari oltin hisobidan shakllanayotgan daromadlar Markaziy bankda emas, ishlab chiqaruvchi tashkilot va budjetda jamlanib borishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, u oltindan kelayotgan qo‘shimcha daromadlarni jamg‘arish g‘oyasiga izoh berdi.

«O‘tgan davrda oltin narxi ijobiy shakllanishi bizning iqtisodiyotimiz uchun, albatta, ijobiy holat. Bir tomondan, bu o‘sha korxonalarda qo‘shimcha mablag‘ paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu bilan birga, budjetga soliq tushumlari ham ko‘payadi. Barchamiz bilamizki, oltin hisobidan budjetga soliq tushumlarining ulushi katta. Ortiqcha daromadni saqlab qolish yoki qolmaslik bo‘yicha izohni, birinchi navbatda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi berishi kerak deb o‘ylayman. Hozir hamkasblar o‘rniga izoh berib, noto‘g‘ri signal uzatib qo‘ymasligimiz lozim. Iqtisodiyotda ma’lum bir xomashyo tovarlarining narxlari ijobiy tomonga o‘zgarganda ortiqcha daromadni saqlab qolish g‘oyasi shundan iboratki, iqtisodiyotda uzoq muddatda ijobiy va salbiy sikllar bo‘ladi. Ijobiy siklda budjetga tushumlar ko‘proq bo‘ladi, retsessiya paytida esa kamroq bo‘ladi. Xarajatlarni bir maromda yuritish uchun ijobiy davrda ortiqcha daromadni saqlab qolib, retsessiya paytida uni ishlatish mexanizmi butun dunyoda bor. Bu odatda narxi iqtisodiy sikl bilan birga o‘zgaruvchi tovarlarga tatbiq etiladi», dedi Timur Ishmetov.

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, tushumlarni jamg‘arib borish mexanizmi neftga o‘xshagan mahsulotlar sotuvida ko‘proq qo‘llanadi, oltin tabiiy ravishda kontrsiklik funksiyaga ega.

«Masalan, neft. Iqtisodiy sikl ijobiy bo‘lganda narxi oshadi, budjetga tushumlar ko‘proq bo‘ladi, retsessiya payti esa neft narxi, undan keladigan daromadlar ham kamayadi. Shuning uchun bunday mexanizmlar odatda neft bilan bog‘liq bo‘ladi. Oltin narxida sharoit sal boshqacharoq. U tabiiy ravishda kontrsiklik funksiyaga ega. Ya’ni muammoli davrlarda hamma oltinga investitsiya qilishni boshlaydi, uning o‘zi avtomatik stabilizator. Neft bilan teskari yurish funksiyasi bor. Shu jihatdan oltin bo‘yicha daromadlarni saqlab qolish bo‘yicha g‘oyani amaliyotda qo‘llash qiyin. Chunki dunyoda iqtisodiyot barqaror bo‘lgan vaqtda uning narxi nisbatan pastroq bo‘ladi, qo‘shimcha daromadlar bo‘lmaydi. Oxirgi paytda oltin narxi oshishi esa aynan dunyoda noaniqliklar mavjud bo‘lgani bilan bog‘liq. Bu yerda juda ko‘p omillar mavjud, buni bilasizlar. Hamisha bo‘lmasa ham, aksariyat holatlarda siz aytgan funksiyani oltin o‘zi avtomatik ravishda bajaradi. Shuning uchun aynan oltinga nisbatan bu mexanizmni qo‘llab bo‘lmasa kerak deb o‘ylayman», dedi Ishmetov.

Mavzuga oid