Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bosh prokuratura: YPX xodimini urib ketgan o‘smir mashina olib qochgan
“10-sinf o‘quvchisi tanishining opasiga tegishli BMW avtomobili avtomashina yuvish shoxobchasida qoldirilganidan xabar topib, uni olib qochgan”, – deya ma’lum qildi Bosh prokuratura. Bu ayblov 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini ko‘zda tutadi.
Toshkent shahar IIBB reportajidan kadr
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi YPX xodimi bo‘lgan Hosilbek Eshnazarovning xizmat vaqtida 10-sinf o‘quvchisi tomonidan BMW avtomobilida urib ketilganiga oid jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha bayonot berdi.
Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan shaxs (poytaxt IIBBning ma’lumotida uning ismi Doniyor ekani keltiriladi) maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, o‘z tengdoshlari orasida Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘rsatish, chet elda ishlab chiqarilgan turli avtomashinalarni maqtanib namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirib, migalka va sirenalar o‘rnatgan holda bir necha marotaba jamoat xavfsizligiga qarshi huquqbuzarliklar sodir etib kelgan.
Muqaddam ham avtomashinani boshqarib, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagani uchun joriy yilning 9 yanvar kuni uning otasi sud qaroriga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, tegishli xulosa chiqarilmay, noqonuniy harakatlar davom ettirilgan.
Prokuraturaga ko‘ra, yigit joriy yil 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan BMW rusumli avtomashina yuvish shoxobchasida qoldirilganidan xabar topib, turargohda kaliti bilan qoldirilgan avtomashinani haydab ketib, olib qochgan.
“Avtomashinani boshqarish davomida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotgan vaqtda piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport oqimini to‘xtatish haqida jyezl bilan ishora bergan YPX inspektori Hosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.
Barcha transport vositalari to‘xtagan bo‘lishiga qaramasdan, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlariga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan huquqbuzar javobgarlikdan qochish maqsadida oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib o‘tib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimini avtomashinasi bilan urib, unga hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazgan holda harakatini davom ettirgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy yordamga qaramasdan, 27 fevral kuni xodim vafot etdi”, – deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, dastlabki tergov davomida avtomashinani boshqargan voyaga yetmagan shaxsning harakatlarida transport vositasini olib qochish hamda jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish alomatlari mavjudligi aniqlangan.
Shu munosabat bilan u Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgan.
Hozirda gumon qilinuvchi voyaga yetmagan shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.
Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi, deyiladi Bosh prokuratura rasmiy bayonotida.
Ma’lumot uchun, Doniyor gumonlanayotgan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid
10:01 / 28.02.2026
Chilonzorda to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
10:47 / 27.02.2026
Xorazmda mast holda mashina boshqargan IIB xodimi odam urib yuborib, hodisa joyidan ketib qoldi
08:26 / 27.02.2026
“Kichkina jarima bilan qutulib ketdik” - YPXga bo‘ysunmagan BMW'dagi shaxs qoidabuzarligidan faxrlanishini aytdi
14:21 / 14.02.2026