O‘zbekiston | 15:30 / 30.05.2017
21718
11 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’ga yuborilgan murojaatlarga Namangan viloyati hokimligi va mutasaddi tashkilotlar javob yo‘lladi

Foto: "Kun"

Avval xabar berilganidek, Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” doirasida Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Viloyat aholisi tomonidan tahririyat pochtasiga kelib tushgan murojaatlarning aksari joyiga borib o‘rganildi va shu asosda qator maqolalar ham e'lon qilindi. Aytish mumkin-ki, mazkur muammolar sekin-astalik bilan viloyat va shahar hokimliklari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan hal etib kelinmoqda. Shu bilan birga, ko‘p sonli murojaatlar Namangan viloyat hokimligiga ham taqdim etildi va ularga javob olindi.

Namangan viloyati hokimi bilan ochiq suhbat (video)

Yo‘l va transport xizmati yuzasidan murojaatlar

Savol: “Salom. Men Namangan muhandislik-texnologiya institutida o‘qiyman. Hozirda viloyatimiz barcha yo‘nalishlarida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan, ammo hech bir yo‘nalishdagi avtobus institutimiz oldidan o‘tmaydi. Bu esa talabalar va o‘qituvchilarga biroz noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Avtobusda ketmoqchi bo‘lganlar bir necha chaqirim piyoda yurishlariga to‘g‘ri kelmoqda. 21, 4, 13-yo‘nalishdagi avtobuslar institutdan ancha uzoqdan qatnaydi.

Men sizdan institut talabari nomidan shu yo‘nalishdagi avtobuslarni institutimiz oldidan qatnashini ta'minlab berishingizni iltimos qilaman. Bu orqali ko‘plab talaba va o‘qituvchilarga qulaylik yaratilgan bo‘lar edi. Bu haqida avval, fevral oyida «Hokim va yoshlar» nomi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham aytgan edik, ammo bizning so‘rovimiz e'tiborsiz qoldirildi. Iltimos, ushbu masalani ijobiy hal qilib bering. Agar talabimiz bajarilsa, bundan barcha talaba va o‘qituvchilar xursand bo‘lardi”.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat hududiy bo‘limi va Namangan shahar hokimligining ma'lum qilishicha, ushbu murojaat 15 kun ichida hal etiladi.

Savol: “Salom. Namangan-Uchqo‘rg‘on yo‘lida yengil mashinada yurib bo‘lmaydi. Aholiga transport hizmati ko‘rsatish tumanlarga qatnaydigan yo‘nalishlardayam tartibga solinadimi?”.

Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi, Namangan shahar hamda Uychi va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklarining ma'lumotiga ko‘ra, bu masala joriy yilning may-iyul oylari davomida hal etiladi.

Savol: “Salom. Namangan viloyati, Chortoq tumani yo‘llari qachon ta'mirga tushishi haqida to‘liq va batafsil ma'lumot berilishini iltimos qilamiz. 

Bizga ma'lumki, Chortoq tumanida ko‘zga ko‘rinarli ishlab chiqarish korxona va fabrikalar yo‘q, insonlar ishsizligiga qarshi kurashish qay darajada?

Chortoq tumanida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan kichik tadbirkorlar faoliyati monitoringi o‘tkazib kelinadimi, ularni ishlab chiqarishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qanday amaliy yordam ko‘rsatilmoqda?

Tumanda mavjud davlatga qarashli «0» balansga o‘tkazib berilgan binolardan bugungi kunda qanchali foydalanilmoqda, shular to‘g‘risida yoritib bersangiz?

Avvaldan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hurmat bilan Mamasoliyev Baxtiyor”.

Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi, Namangan shahar va Chortoq tuman hokimliklarining ma'lum qilishicha, Chortoq tumani yo‘llarini ta'mirlash ishlari may-iyul oylari davomida hal etiladi.

Savol: To‘raqo‘rg‘on tumani markaziy – Namangan-Chust yo‘nalishidagi ko‘chasida 2 ta piyodalar o‘tishi uchun tunel mavjud. Lekin ushbu tunellardan umuman foydalanilmaydi. Hozirda ushbu tunel qarovsiz qolmoqda. Agar ushbu tunellar ishga tushirilsa, haydovchilar uchun ham yo‘lovchilar uchun ham foydali bo‘ladi. Ushbu tunel To‘raqo‘rg‘on tuman hokimiyati va IIB xodimlari tomonidan ishga solinsa, juda ham ulug‘ ish bo‘lgan bo‘lar edi”.

To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligining ma'lumotiga ko‘ra, mazkur tunel bir oy muddatda ishga tushiriladi.

Shuningdek, hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarning bergan ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yil davomida Namangan shahridagi markaziy ko‘chalar asfaltlanadi hamda Chorsu bozoridagi ko‘prik ochiladi, Qamchiq dovonidan Namangan shahrigacha bo‘lgan yo‘llar, Namangan shahri va Norin tumanini bog‘lovchi Norin daryosini kesib o‘tuvchi ko‘prik ta'mirlanadi. Bundan tashqari, aynan shu davrda Chust tumanidagi G‘ova-Chust yo‘nalishidagi 19 km. yo‘l ham ta'mirdan o‘tkaziladi.

Yer maydonlari va uy-joy masalasi yuzasidan murojaatlar

Savol: “Salom. Men bog‘dorchilik faoliyatini amalga oshirishni maqsad qilganman. O‘tgan yili bu borada tuman hokimliklari va mutasaddi idoralarga murojaat qildim. Lekin ulardan aniq javob ololmadim. Hozirgi kunda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Lekin bir qator mutasaddi idora rahbarlari bunga panjara ortidan qarashmoqda. Uychi tumani Jiydakapa qishlog‘ida ham bog‘dorchilik faoliyati uchun yerlar ajratilganmi?”

Murojaat bilan yaqindan tanishgan Uychi tuman hokimligining ma'lum qilishicha, 2017 yil davomida murojaat egasiga uzumchilik bilan shug‘ullanishi uchun tegishli yer ajratiladi.

Yangi ish o‘rinlari va tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi yuzasidan bildirilgan murojaatlar

Savol: “Salom. Men Pop tumani, Do‘stlik MFYda savdo shoxobchasi va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etganman hamda o‘zim homiy sifatida mahalla uchun ma'muriy bino qurib, foydalanishga topshirdim. Savdo shoxobchasida kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minladim. Men tuman hokimiyatiga meni hududim yonida yaroqsiz bo‘lgan 1 sotix yer maydonini biriktirib berish uchun ariza b.n murojat kilganman. Lekin ijobiy hal bo‘lmayapti. Xali-hanuzgacha agar shu yerni ajiratishsa, men shu yerdan biznes rejamga asosan qo‘shimcha ish yaratar edim. Shunga yordam berishingizni iltimos qilaman. Oldindan rahmat”.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Pop tuman hokimligi mazkur tadbirkorga o‘zi aytgan 1 sotixli yer maydonini bir oy ichida rasmiylashtirib beradi.

Savol: “Assalomu alaykum. Namangan viloyati, Chust tuman, Olmos shaharchasida 45 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi va bironta ishlab chiqarish, ya'ni ish o‘rni yo‘q! Aholi g‘alladan keyin ekiladigan ekinlar hosiliga qarab qolgan. Bozorlarimizdagi to‘kinlik yaxshi, lekin arzon mahsulotlar sabab shahar kambag‘allashib bormoqda!

Hokimiyatning bunga javobi qanday ekanligi to‘g‘risida qiziqib ko‘rishingizni iltimos qilardim!

Kamoli ehtirom bilan SJM”.

Chust tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, ushbu hududda 2017 yil davomida ishlab chiqarish obektlari quriladi va foydalanishga topshiriladi.

Savol: “Salom. Pop tumanida hurmatli prezidentimiz tomonidan imzolangan ayrim qonunlar ijobiy hal bo‘lmayapti. Misol uchun:  Gurumsaroy dehqon bozori tumanidagi eng katta bozorda ochiq-oydin “Pop don mahsulotlari” korxonasi unlari sotiladi. “Plastik kartaga savdo qilinmaydi”, deb ochiq-oydin aytishadi. Bori ham naqdga 70 minglik unni plastikka 95-100 ming so‘mga sotadi. Qolgan unlarda ham shuncha tafovut. Paxta yog‘i-yu hamma narsada naqd bilan plastik karta bilan savdoda tafovut bor. Kiyim-kechak bozorida umuman terminal bilan savdo yo‘q. Bo‘lsa ham biz uchun emas. Ushbu masala yuzasidan sizlarga oldin ham murojaat qilgan edim. Bu masalaning ijobiy hal etilishida amaliy yordam berishingizni so‘rayman”.

«Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini muvofiqlashtirish» uyushmasi va Pop tuman hokimligi mazkur masalani o‘rganib chiqib ma'lum qilishicha, bir hafta mobaynida Gurumsaroy dehqon bozori terminallar bilan ta'minlanadi.

Savol: “ Salom. Pop shahri markazidagi mashina traktor parki MTPning binosi ko‘p yillardan beri qarovsiz foydalanmay yotibdi. Surishtirib ko‘rsak, tashkilotning qarzi hisobiga binoni tasarruf etishga taqiq qo‘yilganmish. Shu bino hozirda biror bir foyda keltirmayapti. Mazkur binoni olib, xususiy klinika shakllantirib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymokchi edik. Shu bilan birga 20 ga yaqin ishsizni ish bilan ta'minlamoqchimiz. Shu masalaga viloyat hokimining shaxsan o‘zi aralashmaguncha, hal bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Amaliy yordam ko‘rsatishingizni iltimos qilardim. Oldindan rahmat”.

«Agroservis mashina traktor parklari» MChJning ma'lum qilishicha, Pop tumanidagi Markaziy mashina traktor parki binosini tadbirkorlik uchun berish 2017 yil davomida amalga oshiriladi.

Savol: “Assalomu alaykum! Biz bugungi kunda Toshkent shahrida 2 ta yirik un ishlab chiqarish tegirmonimiz bor. Agar Hokim janoblari Namangan shahri ishlab chiqarish zonasidan yer ajratib bersalar yana bir tegirmonni Namangan shahrida qurib ishga tushirgan bo‘lardik!”.

Namangan shahar hokimi B.Bekxodjayevning ta'kidlashicha, ushbu masala bir oy muddat ichida hal etiladi.

Elektr ta'minoti va tabiiy gaz borasidagi murojaatlar

«Vodiygazta'minot» UK va «Namangan elektr tarmoqlari» AJning ma'lum qilishicha, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Chust ko‘prik MFYdagi tabiiy gaz va elektr ta'minoti masalasi o‘n kun muddat ichida hal etiladi.

Bundan tashqari, Namangan shahar, Istiqlol MFY 9-Bog‘i Eram ko‘chasidagi transformator 2017 yil davomida yangilanadi.

Mavzuga oid