Jamiyat | 01:09 / 29.05.2018
51665
3 daqiqa o‘qiladi

Ballon qoraytirgan bolaning endi uyi bo‘ladi

Jamiyat orasida yurgan baxtiyor kishilar haqida o‘ylaganmisiz? Ularning boshqalardan farqli bir odati bor: atrofdagi insonlarga qanchalik yordam qilsa, o‘zi shunchalar baxtiyor bo‘ladi, xayrli ishlardan quvonadi, sevinadi. Kun.uz'da e'lon qilingan “ ballon qoraytirgan bola hikoyasi”dan so‘ng, Sultonbekning oilasiga yordam qo‘lini cho‘zgan baxtiyor kishilar ko‘p bo‘ldi. Ularning e'tiborsiz bo‘lmagani tufayli, bugun oilaning shaxsiy uyi qurilmoqda.

"Ochig‘i, men kutmagandim. Hech qachon dunyoda yaxshi insonlar bunchalar ko‘pligini bilmasdim. Farzandlarim bilan uy ilinjida taqillatmagan eshigimiz qolmagandi, lekin bir zumda, barcha yaxshilarning mehrini his etmagandik", deb yig‘laydi Sultonbekning onasi Gulchehra Nasriddinova.

Ma'lum qilinishicha, xayriya aksiyasiga ulanib ketgan maqola e'lon qilinganidan so‘ng, dunyoning turli mamlakatlarida istiqomat qiluvchi vatandoshlardan tortib, O‘zbekistonning olis shaharchasida yashovchi fuqarolar ham Gulchehra opa bilan suhbatlashish uchun qo‘ng‘iroq qilgan. Besh bolaning onasi shu insonlar orasida oilani qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy va ma'naviy yordam bergan kishilarga tashakkurini bildirdi.

"Bir saxiy inson kichikroq yer olib berdi. 3 xonali bo‘lsa ham, endi bizning uyimiz bo‘ladi. Quruvchi ustalardan xabar olaman, qad rostlagan devorlarga boqaman. Hali ham ko‘zlarimga ishonmayman: shuncha yaxshi odamlar bor ekan hayotda. Ulug‘ Ramazon oyidamiz, hammani duo qilaman, o‘g‘limni ham shunday saxiy boylardan qilsin. Bizga yordam qilgan kishilarga Alloh o‘zi ajrini ko‘paytirib bersin, deb qolaman", deydi u.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Beixtiyor inson ko‘ngli bo‘shashib, allanechuk bo‘lib ketadi. Bizning salgina mehrimiz, ikki og‘iz shirin so‘z yo ozroq qilgan xayriyamiz kimningdir hayotida shunchalar tub burilish yasay olsa! Kun.uz tahririyati Sultonbekning oilasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Azizlar, Ramazon oyida  besh nafar norasida ulg‘ayib turgan oiladan yordamingizni ayamang! Biz buyuk kelajakni mana shunday atrofdagilarga g‘amxo‘r bo‘lishdan boshlasak, o‘ylaymizki, haqiqatan fozil insonlar jamiyatda ko‘payadi. ​​

Mavzuga oid