Iqtisodiyot | 11:12 / 22.09.2025
46410
5 daqiqa o‘qiladi

Eng katta oltin zaxirasiga ega davlatlar qaysilar?

Jahon oltin kengashining 2025 yil II choragi bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlatlar ro‘yxatida AQSh 8 133 tonna bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni Germaniya, Italiya va Fransiya egalladi. O‘zbekiston esa 367,6 tonna qimmatbaho metall zaxirasi bilan 16-o‘rinda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jahon oltin kengashi (World Gold Counsil) sentabr oyi boshida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, TOP-10 eng katta oltin zaxirasiga ega davlatlar quyidagicha:

1. Amerika Qo‘shma Shtatlari

2025 yil ikkinchi choragida AQShning oltin zaxiralari 8 133,46 tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich birinchi chorakdagi bilan bir xil. 2000–2025 yillarda AQSh zaxiralari o‘rtacha 8 134 tonna atrofida bo‘lgan. Eng yuqori ko‘rsatkich 2001 yilning III choragida (8 149,05 tonna), eng pasti esa 2005 yilning III choragida qayd etilgan.

2. Germaniya

Germaniyaning oltin zaxiralari 2025 yil II choragida biroz kamayib, 3 350 tonnani tashkil etdi. Birinchi chorakda bu ko‘rsatkich 3 351 tonna edi. 2000–2025 yillarda mamlakat zaxiralari o‘rtacha 3 398 tonna bo‘lgan.

3. Italiya

Italiyada oltin zaxiralari barqaror bo‘lib qolmoqda. 2025 yilning I va II choraklarida ham 2 451 tonnani tashkil etdi. 2000 yildan buyon ko‘rsatkich deyarli shu atrofda saqlanib kelmoqda.

4. Fransiya

Fransiyaning oltin zaxiralari ham 2025 yil II choragida 2 437 tonna bo‘lib, avvalgi chorakdagidek qoldi.

5. Rossiya

Rossiyaning oltin zaxiralari II chorakda 2 329 tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich birinchi chorakdagidan farq qilmadi. 2000–2025 yillarda Rossiya zaxiralari o‘rtacha 1 181 tonna bo‘lgan.

6. Xitoy

Xitoyning oltin zaxiralari taxminan 2 279 tonna. Bu katta ko‘rsatkich sanalsa-da, mamlakatning umumiy xalqaro zaxiralaridagi ulushi katta emas — atigi 6,8 foiz.

7. Shveytsariya

Shveytsariya kichik davlat bo‘lishiga qaramay, unda 1 040 tonna oltin zaxirasi mavjud. Mamlakat moliyaviy markaz sifatida ahamiyatga ega hamda tarixan neytral siyosat yuritishi bilan mashhur. Bu omillar uning oltin zaxiralarida muhim ahamiyat kasb etadi.

8. Hindiston

Hindistonning oltin zaxiralari 2025 yilda rekord daraja — 880 tonnani tashkil etdi. 2000–2025 yillarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 531 tonna atrofida bo‘lgan. Eng past ko‘rsatkich 2001 yil II choragida — 357,75 tonna qayd etilgan.

9. Yaponiya

Yaponiyaning oltin zaxiralari 846 tonna. Bu ham Xitoy kabi mamlakat umumiy zaxiralarida katta ulushni tashkil etmaydi — atigi 6,9 foiz.

10. Turkiya

Turkiya 637 tonna oltin zaxirasi bilan kuchli o‘ntalikni yakunladi. Bu yerda oltinning umumiy zaxiralardagi ulushi yuqori — 44,3 foiz.

O‘zbekiston ko‘rsatkichi

WGC ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 363,9 tonna oltin zaxirasi bilan davlatlar orasida 16-o‘rinda. Biroq hisobotda Xalqaro valuta jamg‘armasi ham sub’yekt sifatida kiritilgan va u 2 814 tonna oltin bilan 3-o‘rinda qayd etilgan. Shu bois, umumiy ro‘yxatda O‘zbekiston 17-o‘rinni egalladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston umumiy zaxiralar tarkibida oltin ulushi juda yuqori bo‘lgan davlatlardan biri. Bu ko‘rsatkich 79,3 foizni tashkil etadi. Zaxiralar tarkibida oltin ulushi 70 foizdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida AQSh, Germaniya, Italiya, Fransiya, Livan, Venesuela va Boliviya ham bor.

Nima uchun oltin muhim?

Oltin markaziy banklar zaxiralarining muhim qismi hisoblanadi. U xavfsizlik, likvidlik va daromadlilik kabi asosiy xususiyatlarga ega — bu esa markaziy banklar uchun asosiy investitsiya maqsadlari hisoblanadi. Shu bois, tarix davomida qazib olingan oltinning qariyb 20 foizi markaziy banklar qo‘lida to‘plangan.

Jahon oltin kengashi ushbu bozor segmentini yaxshiroq tushunish uchun ma’lumotlarni e’lon qiladi. Ular Xalqaro valuta jamg‘armasi (IMF IFS) statistikasi asosida tuziladi va unda markaziy banklar hamda boshqa rasmiy institutlarning oltin xarid va sotuvi, shuningdek, oltinning xalqaro zaxiralardagi ulushi kuzatib boriladi.

Mavzuga oid