O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki so‘nggi marta 2013 yilda 5000 so‘m qiymatidagi yangi banknot amaliyotda joriy etilishini ma'lum qilgan edi. Oradan 4 yil o‘tib, bir yilda 2 marta, ya'ni mart oyida 10 000, avgustda esa 50 000 so‘m qiymatidagi yangi banknotlar chiqarilmoqda. Bunga nima turtki bo‘ldi? Mazkur holat milliy valyutaning qadrsizlanishi yoki mustahkamlanishiga ta'sir etadimi? Bu mavzu yuzasidan Kun.uz jurnalisti ma'lumot to‘pladi.

Markaziy Bank yangi pul notasining chiqarilishiga quyidagicha izoh berdi:

«Milliy valyutaning 50000 so‘m qiymatdagi banknotini muomalaga kiritish mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘rtacha ish haqi miqdorining oshib borishi hamda aholiga ish haqi, pensiya va nafaqalarni to‘lashda, shuningdek naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, muomalaga yirik banknotlarning chiqarilishi iqtisodiyotdagi pul massasining o‘zgarishiga olib kelmaydi hamda inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi.

Shuningdek, mazkur amaliyot:

naqd puldagi hisob-kitoblarni ixchamlashtirish, naqd pulni tashish, yetkazish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar va noqulayliklarni kamaytirish;

bankomatlar orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi».

«Kun.uz» jurnalisti masalani kengroq o‘rganish maqsadida mustaqil ekspert Abdumalik Nosirov bilan bog‘landi.

«Milliy valyutaning yangi qiymatdagi banknotini amaliyotga kiritish inflyatsiya natijasida yuzaga kelgan emissiya holatidan qulay tarzda foydalanish, deb bilaman. Odatda Markaziy bank milliy valyutamizni naqd pul va elektron ko‘rinishda emissiya qiladi, ya'ni o‘zidan tashqariga pul muomalasi tashkil etish uchun pullarni chiqaradi.

Bizning iqtisodiy sharoitimizda yirik pul qiymati ko‘rinishdagi banknotlarning muomalaga chiqarilishi moliyaviy amaliyotlarni osonlashtiradi», deydi Abdumalik Nosirov.

Shuningdek, mustaqil ekspert Baxtishod Bahodirov bilan bog‘lanib, undan ushbu yangilik erkin konvertatsiyaga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda yuz bergani va aholida bu qanday kutib olinishi haqida so‘radik.